Iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi

0
135
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 14 mart kuni iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, davlat korxonalarini transformatsiya qilish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Maʼlumki, mamlakatimizda bozor iqtisodiyotini rivojlantirish, raqobat muhitini yaxshilash maqsadida davlat korxonalari transformatsiya qilinmoqda. Yigʻilishda bu boradagi ishlarni jadallashtirish va davlat aktivlarini xususiylashtirish masalalari muhokama qilindi.

Jumladan, 25 ta davlat korxonasida operatsion samaradorlikni oshirishda sustkashlikka yoʻl qoʻyilgani koʻrsatib oʻtildi. Hozirgi zamon talabiga javob bermaydigan, zarar bilan ishlayotgan korxonalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash amaliyotidan butunlay voz kechish kerakligi aytildi.

Transport sohasidagi ishlar holati ham koʻrib chiqildi. Tranzit yoʻlovchilar oqimini oshirish, charter parvozlarga ruxsat berish tizimini soddalashtirish, mahalliy aeroportlarni mintaqaviy tranzit xabiga aylantirish choralari belgilandi.

“Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi erkin raqobat sharoitida ishlash uchun zamonaviy yondashuvlarni joriy qilishi, aviachiptalar narxining oshishiga yoʻl qoʻymaslik zarurligi taʼkidlandi.

Shuningdek, yigʻilishda iqtisodiyotda joriy yilning birinchi choragi yakunida kutilayotgan natijalar tahlil qilindi. Yangi korxonalarni foydalanishga topshirib, ish oʻrinlari tashkil etish, aholi daromadlarini oshirish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Hokimlar va tarmoq rahbarlariga iqtisodiy asoslanmagan loyihalarning ilgari surilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha koʻrsatma berildi. Mutasaddi idoralarga ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish, investitsiya loyihalarining bozor iqtisodiyoti talabiga javob berishini oʻrganish vazifasi qoʻyildi.

Eksport masalalari muhokama qilinar ekan, tashqi bozordagi bugungi vaziyatdan kelib chiqib, transport va logistika masalalarini hal etish, eksport geografiyasini kengaytirish, mahsulotlarni yangi bozorlarga chiqarish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Viloyat hokimlari oziq-ovqat xavfsizligini va bozorlarda narx-navo barqarorligini taʼminlash boʻyicha vazifalar ijrosi toʻgʻrisida axborot berdi.

Jumladan, Fargʻona va Surxondaryo viloyatlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Mazkur hududlarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi eksport yoʻnalishlarini ochish va aholi bandligini taʼminlash chora-tadbirlari yuzasidan viloyat hokimlarining hisoboti eshitildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.