Isteʼmolchilarni neft va gaz resurslari bilan barqaror taʼminlash vazifasi qoʻyildi

0
108
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 avgust kuni isteʼmolchilarni neft va gaz resurslari bilan barqaror taʼminlash masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Joriy yilning birinchi yarmida tabiiy gaz qazib olish va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish boʻyicha erishilgan natijalar tanqidiy muhokama qilindi.

Energetika vazirligi, “Oʻzbekneftgaz”, “Oʻztransgaz” va “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlarining hisobotlari eshitildi.

Prezident soha mutasaddilariga isteʼmolchilar manfaatlarini yuqori qoʻyish, iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga tabiiy gaz, suyultirilgan gaz hamda neft mahsulotlarini zarur miqdorda yetkazib berish yuzasidan aniq koʻrsatmalar berdi.

Xususan, ikkinchi yarim yillikda 32 milliard kub metr tabiiy gaz resurlari balansini taʼminlash, ayniqsa, kuz-qish mavsumida tizimni barqaror ishlatish vazifasi qoʻyildi. Buning uchun har bir kon kesimida aniq chora-tadbirlarni belgilab, isteʼmolchilarga uzluksiz yetkazib berish, xorijiy va qoʻshma korxonalar salohiyatidan ham unumli foydalanish zarurligi taʼkidlandi.

Geologik-texnik tadbirlarni bajarishga tajribali pudratchilarni, ishlatilmasdan turgan konlarga tanlov asosida investorlarni jalb qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Ikkinchi yarim yillikda 457 ming tonna, yil yakuni bilan 850 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni taʼminlab, aholi ehtiyojlarini toʻliq qondirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi aytib oʻtildi.

Iqtisodiyotning oʻsish surʼatlari va yangi gaz-kimyo loyihalari ishga tushirilishi inobatga olinib, kelgusi 5 yilda tabiiy gazga boʻlgan talab ortishi hisob-kitob qilingan. Davlatimiz rahbari bu yillar uchun zarur tabiiy gaz resurslarini shakllantirish maqsadida hozirdan aniq rejalarni ishlab chiqish, energetika sohasini raqamlashtirish  kerakligini taʼkidladi.

Buning uchun sohada geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish va mineral xomashyo bazasini kengaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.