Oʻzbekistonning Prezidenti Shavkat Mirziyoyev: Muhtaram Islom Abdugʻaniyevichning bosib oʻtgan umr yoʻllari, mustaqilligimizni himoya qilish va mustahkamlash borasidagi tarixiy xizmatlari barchamiz uchun, shu jumladan, men uchun ham eng yorqin ibrat namunasi va katta hayot maktabi boʻlib qoladi…
Toshkent shahar “Bilim” axborot – kutubxona markazi tasarrufidagi Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon nomidagi kutubxonada Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavallud kuni munosabati bilan “Istiqlol fidoyisi – tarix sahifalarida” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Anjumanda, Oʻzbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasi rahbariyati Olmazor tumani hokimiyati, Oqsaroy kutubxona xodimlari, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, Olmazor tumani nuroniylari, Olmazor tumani Madaniyat uyi, 133-sonli maktab oʻquvchilari qatnashdilar. Shuningdek AKM mutaxassislari tomonidan «Islom Karimov — Mustaqilligimiz asoschisi» mavzusida Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning asarlarining koʻrgazmasi tashkil etildi.
Davra suxbati Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovga bagʻishlangan “Tarixsiz kelajak yoʻq” nomli videorolik namoyish etilishi bilan boshlanishi yana bir bor Oʻzbekiston oʻz ozodligi, erkinligi va ayni kundagi erishilgan ijobiy natijalarimizning zaminida qanday ogʻir vaziyatlar, qiyinchiliklarni yengib oʻtishga toʻgʻri qelganligi haqidagi maʼlumotlar ishtirokchilarni yanada sergaklantirdi.
Soʻngra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasi Homiylik kengashi aʼzosi Karimova Tatyana Akbarovnaning samimiy soʻzlari va tilaklari bildirilgan videomurojaati ishtirokchilarga onlayn taqdim etildi.
Davra suxbatida “Mustaqil Oʻzbekiston asoschisi I.A.Karimov” mavzusi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasi rahbari T. Shirinov Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning mustaqilligimizga erishish uchun olib borgan ulkan siyosiy va ijtimoiy harakatlari, faoliyati davomida uchragan qiyin vaziyatlar, voqea -xodisalar misolida nutq soʻzladi.
Shu bilan birga, Islom Karimov asarlarining yangi avlod tarbiyasidagi ahamiyati, uning hayoti va faoliyatining eng tahlikali davrlaridan sanalgan 1986-1989-yillar hususidagi mavzularda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, tarjimon Zikrilla Neʼmat, shoir Davron Rajab hamda xalq deputatlari Olmazor tuman Kengashi deputati Toʻlqin Eshbek soʻzga chiqdilar.
Ayniqsa, Olmazor tumani nuroniy otaxonlar oʻzlarining yoshlik davridagi qiyinchiliklari, birinchi Prezidentimiz bilan oʻz faoliyati davomidagi qiziq va xayajonli taassurotlarini xayajon bilan taʼsirli soʻzlab berishlari tadbirni yanada jonlantirib yubordi. Shuningdek, yoshlarga hozirgi kundagi yaratilgan sharoitlarga shukronalar aytish, Mustaqil Oʻzbekistonda yashayotganidan faxrlanish, istiqlolimizni qadriga yetish hamda munosib farzandlar boʻlish kerakligini alohida taʼkidladilar.
Soʻzga chiqqanlar maʼlumotidan, boʻlib oʻtgan isloxotlar, ayni kundagi ozod va erkin xayotimiz uchun asosiy tamal toshini qoʻygan inson haqidagi taassurotlardan taʼsirlangan I. Karimov nomidagi Texnika universiteti talabalari va 133 maktab oʻqituvchilari ham oʻzlarining fikr, mulohazalarini bildirib, Oʻzbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I. Karimov muzeyiga sayohat uyushtirish taklifini ilgari surdilar. Oʻz navbatida rahbariyat tomonidan inobatga olindi va rejalashtirildi.
Tadbir yakunida Oqsaroy kutubxonasi nomidan Birinchi Prezident Islom Abdugʻaniyevich xayoti va faoliyati toʻgʻrisidagi albomlar barcha ishtirokchilarga esdalik sifatida tarqatildi.
Hafiza Karimova, Toshkent shahar «Bilim» Axborot-kutubxona markazi direktori