Shu kunlarda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST)ning koronavirusga tayyorgarlik boʻyicha yetakchi konsultanti Ute Enderleyn va tashkilotning favqulotda holatlarga tayyorgarlik koʻrish dasturining masʼul xodimi Jetri Regmi yurtimizda boʻlib, dunyoda davom etayotgan epidemiyaga qarshi olib borilayotgan choralar va profilaktik tadbirlarning texnik ekspertizasini oʻtkazishmoqda.
Shuningdek, ular mamlakatimizga kirish hududlaridagi sanitariya-karantin punktlarida nazorat va profilaktik tadbirlarni tashkil qilish, davolash muassasalarining xavfsizligini taʼminlash, laboratoriyalar salohiyatini mustahkamlash kabi qator masalalar boʻyicha texnik tavsiyalarini ham berishmoqda.
– Biz yurtingizda bir hafta mobaynida boʻlib, koronavirus infeksiyasini chetdan kirib kelishi va tarqalishini oldini olish, epidemiologik nazoratni kuchaytirish borasidagi ishlar halqaro talablar asosida, JSST tomonidan ishlab chiqilgan standartlar va tavsiyalarga mos ravishda amalga oshirilayotganligiga guvoh boʻldik, – deydi Ute Enderleyn. – Yurtingizda ushbu infeksiyaga qarshi barcha choralar koʻrilmoqda.
Bundan tashqari, JSSTning ekspertlari mamlakatimiz mutaxassislari bilan hamkorlikda jahondagi koronavirus infeksiyasi boʻyicha epidemiologik holatni hisobga olgan holda favqulotda vaziyatlarda qanday yoʻl tutish boʻyicha ham oʻzaro tajriba almashishmoqda.
Oʻz oʻrnida aytib oʻtish lozimki, ayni paytda mamlakatimizga yuqumli kasalliklar, jumladan, “COVID-19” infeksiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralarida sanitariya-karantin punktlarida barcha ehtiyot choralari koʻrilib, nazorat kuchaytirilgan. Bugungi kunda ushbu punktlarda boshqa tarmoq xodimlari qatorida 250 nafardan ziyod yuqori malakali sanitariya-epidemiologiya xizmati masʼullari belgilangan standartlar boʻyicha ish olib bormoqda. Sogʻliqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi huzurida uzluksiz 24 soat davomida faoliyat koʻrsatuvchi shtab tashkil qilingan.
Eslatib oʻtamiz, shu kungacha mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq birorta holat qayd etilmagan. Shu oʻrinda Sogʻliqni saqlash vazirligi yana bir bor aholidan ortiqcha sarosimaga tushmagan holda shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilishlarini soʻrab qoladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi