JALOLIDDIN MANGUBERDI POYIDA

0
747
marta koʻrilgan.

Urganch shahrida  14 yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan «Milliy armiyamiz – yoshlarning mardlik, matonat va jasorat maktabidir!» shiori ostida festival boʻlib oʻtdi. Jasur sarkarda Jaloliddin Manguberdining muhtasham haykali qad kerib turgan maydon shu kuni har qachongidan ham gavjum boʻldi.

Yigʻilganlarni Xorazm viloyat hokimi Ilgizar Sobirov, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Ortiqov qutladi.

Harbiy texnikalar namoyishi, harbiy xizmatchilarning koʻrgazmali chiqishlari qizgʻin qarshi olindi. Sozanda-yu xonandalar, raqqosalar tadbirga alohida fayz bagʻishladi. Urganchning markaziy koʻchalari boʻylab saf qoʻshiqlari jarangladi.

Festival davomida maydondagi kuy-qoʻshiqlarga ham eʼtibor qilmasdan jangovar texnikalarni hayrat bilan tomosha qilayotgan bolalar ham koʻpchilik edi. Charaqlagan koʻzlarida askar akalariga nisbatan havas va hurmat aks etib turgan bolakay oʻzini Sardor deb tanishtirdi:

– Men ham katta boʻlganimda askar boʻlaman. Eng katta mashinani boshqaraman…

Ha, orzular shunday tugʻiladi, sharafli kasbga muhabbat shunday paydo boʻladi. Orzular, muhabbat ona Vatanga sadoqat tuygʻusini sayqallaydi. Shu kuni Vatan himoyachilari koʻpdan-koʻp qalblarni yorugʻ orzularga oshno qilgani shubhasizdir.

Festival barcha-barchada unutilmas taassurotlar qoldirdi, cheksiz zavq-shavq ulashdi.

Nazokat NODIRSHOHOVA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.