Davlatimiz rahbari shu yil 28 fevral – 1 mart kunlari Namangan viloyatiga tashriflari chogʻida viloyat axborot kutubxona markazini zamon talablariga mos ravishda qayta taʼmirlash, kitob fondini boyitish, mutolaa uchun qulay sharoit yaratish boʻyicha topshiriq bergan edi.
Mazkur topshiriq ijrosi yuzasidan Nodirabegim nomidagi axborot-kutubxona binosi mutlaqo yangi koʻrinishda namanganlik kitobxonlar ixtiyoriga topshirildi.
Barcha sharoit va qulayliklarga ega ushbu kutubxona Namanganda kutubxonachilikning 100 yilligi va Yangi yil bayramiga munosib tuhfa boʻldi.
– Ushbu kutubxona Prezidentimiz tomonidan bizning Agentligimiz oldiga shu yilda vazifa qilib qoʻyilgan eng oxirgi katta loyiha edi.
Mana, jamoamiz bilan birga uni ham yakunlab, foydalanishga topshirdik. Umid qilamanki, kattaligi boʻyicha mamlakatimizda ikkinchi oʻrinda turadigan kutubxona Namangan yoshlari uchun ilm maskani boʻladi.
Yil juda ham sermazmun oʻtdi. Bir tomondan, kunlar koʻz yumgandek oʻtib ketgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, bir yil xuddiki 5 yildek tuyulib ketadi. OʻzMAA AOKAga aylandi. Jurnalistlar, blogerlar, kutubxonachilik faoliyati yil trendlariga chiqdi. Kitobxonlik aksiyalari, saylovlar ham oʻtdi. Hisobotlarda soʻz erkinligi, matbuot erkinligi alohida eʼtirof etildi. Agar sanab chiqilsa, qilingan ishlarning roʻyxati katta.
Oʻtgan davrda kimgadir achchiq xaqiqatlarimiz qattiq tegib ketdi (ming uzr, kasbimiz shunaqa), kimningdir dardiga malham boʻlishga harakat qildik, muammolarni koʻtardik, aksariyatini ijobiy hal qildik, qilolmaganimizni keyinga olib qoʻydik. Lekin nima boʻlganida ham, Agentligimiz tinmadi. Vatan uchun, yurt uchun tinmadi. Halol boʻlishga harakat qildik, ishonchni oqlashga intildik, – deydi AOKA rahbari K. Allamjonov telegramdagi sahifasida.
Darhaqiqat, Agentlik tizimlarida 2019 yilda ulugʻvor oʻzgarishlar amalga oshrildi. Bittagina misol: mamlakatimizdagi barcha vazirlik va boshqa yirik tashkilotlar rahbarlarining jurnalistlar bilan samimiy muloqoti yoʻlga qoʻyildi. Ushbu muloqotlar mamlakatimizda demokratiyani yuksaltirish, ochiqlik, shaffoflikni taʼminlash uchun ham yurt taraqqiyoti, el farovonligi uchun ham katta mahorat maktabi boʻldi. Jamoatchilik nazoratining goʻzal bir yoʻnalishiga aylandi.
Xorazmda yurganimda viloyat axborot kutubxona markazining qaytadan bunyod etilgan yaʼni kapital taʼmirdan chiqarilgan binosini borib koʻrdim. Bu yerdagi ulugʻvor va nuravshan oʻzgarishlarni koʻrib, kuzatib, behad quvondim. Beixtiyor bolaligim esimga tushdi. Kutubxonaga deyarli har kuni borardim. Yangi kitoblarni izlab, kitob tokchalarini uzoq-uzoq titkilardim. Biroq oʻzim oʻqimagan yangi kitob topa olmasdim. Kichkinagina, moʻjazgina kutubxona edi. Barcha kitoblar bitta xonaga joylashgandi. Bugungi muhtasham oʻquv zallari, turli sohaga doir kitoblar jamlamasi xonalari, ayniqsa qadimiy kitoblar fondi ham borligi kishini lol qoldiradi. Bularning bari davlatimiz rahbarining ushbu sohaga eʼtiborini, Agentlikning ishga boʻlgan masʼuliyati va munosabatini ifodalab turibdi. Bir soʻz bilan aytganda, sohadagi yutuqlarga koʻz tegmasin ilohim!
Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist