Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida

0
131
marta koʻrilgan.
 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Mamlakatimizda tergov faoliyatida “Inson qadri uchun” degan ezgu gʻoyani toʻliq roʻyobga chiqarish, jinoyatlarni oʻz vaqtida fosh etishni tashkil etish tergov organlarining faoliyatini qonun ustuvorligini va qilmish uchun jazo muqarrarligini taʼminlash tamoyili asosida takomillashtirishning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.

Shu munosabat bilan sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va zamon talablariga javob beradigan tergov sohasidagi yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimining samaradorligini tubdan oshirish talab etilmoqda.

Yangi Oʻzbekiston sharoitida jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash amaliyotini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ushbu yoʻnalishga ilgʻor xalqaro standartlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yuqori malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyojini qondirish maqsadida:

1. Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Davlat bojxona qoʻmitasi va Adliya vazirligining quyidagi takliflari maʼqullansin:

Bosh prokuratura Akademiyasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasini (keyingi oʻrinlarda – Akademiya) tashkil etish hamda unda jinoyatlarni tergov qilish sohasida kadrlarni amaliyot bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlagan holda yagona yondashuv asosida tayyorlashga qaratilgan uzluksiz oʻquv tizimini yoʻlga qoʻyish;

Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filialini (keyingi oʻrinlarda – Ixtisoslashtirilgan filial) tugatish hamda uning shtat birliklari, oʻquv va moddiy-texnika bazasini Akademiyaga oʻtkazish.

2. Quyidagilar Akademiya faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

taʼlim oluvchilarda inson huquq va erkinliklariga soʻzsiz rioya qilish madaniyati bilan uygʻunlashgan yuksak maʼnaviy, psixologik, tahliliy va kasbiy sifatlarni rivojlantirishning samarali tizimini joriy etgan holda jinoyatlarni tergov qilish sohasida mutaxassislarni chuqurlashtirilgan maqsadli bazaviy tayyorlash;

maxsus kasbiy koʻnikmalarni shakllantirish va rivojlantirish, sud-huquq sohasidagi islohotlarning mazmun-mohiyatini yetkazishga qaratilgan dasturlar asosida tergov hamda huquqni muhofaza qilish faoliyatining boshqa sohalarida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

korrupsiyaga hamda jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish sohalarida maxsus oʻquv dasturlari asosida davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish;

jinoyatlarni tergov qilish metodikasi va taktikasini samarali belgilash asosida jinoyat ishlari boʻyicha mustaqil ish yuritish koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan interfaol oʻqitish metodlarini taʼlim jarayoniga tatbiq etish;

oʻqitishning zamonaviy shakllari, pedagogik va axborot texnologiyalari asosida nazariy tayyorgarlikning huquqni qoʻllash amaliyoti bilan uzviy bogʻliqligini, shu jumladan, masofaviy taʼlim shaklida taʼminlashga qaratilgan oʻquv jarayonini tashkil etish;

prokuratura organlari xodimlarida bilim va koʻnikmalarni, shu jumladan, tizimli tahlil va tanqidiy fikrlashni, qonuniylikni taʼminlash yuzasidan adolat va masʼuliyat kabi yuksak tuygʻularni shakllantirish va mustahkamlashga qaratilgan tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirishning yaxlit tizimini tashkil etish;

yuqori malakali ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, huquqni muhofaza qilish faoliyatining eng dolzarb masalalari boʻyicha kompleks ilmiy tadqiqotlarni tizimli asosda, shu jumladan, milliy va xalqaro grantlarni jalb etgan holda amalga oshirish;

jinoyatlar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini, shu jumladan, tergovga qadar tekshiruv hujjatlari va jinoyat ishlarini oʻrganish asosida ularning alohida turlari kesimida tahlil va diagnostika qilish, shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini uslubiy va konsultativ taʼminlash;

sud-huquq sohasida qoʻshma ilmiy tadqiqotlar olib borish, ilgʻor pedagogik tajriba almashish borasida uzluksiz xalqaro hamkorlikni amalga oshirish, oʻquv jarayoniga xorijiy mamlakatlar yetakchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining malakali mutaxassislarini jalb qilish.

3. Akademiyaning Muvofiqlashtirish-vasiylik kengashi (keyingi oʻrinlarda – Vasiylik kengashi) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.

Belgilansinki, Vasiylik kengashi Akademiya faoliyatiga quyidagi ustuvor masalalarda koʻmaklashadi:

oʻqitishga boʻlgan ehtiyojga muvofiq, Akademiyada taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarini tasdiqlash, oʻquv jarayonini tashkil etish va rivojlantirish boʻyicha istiqbolli tashabbuslarni maqsadli belgilash;

talaba va tinglovchilar stajirovkasi hamda bitiruvchilarni ishga joylashtirish masalalarida surishtiruv va dastlabki tergov faoliyatini amalga oshirishga vakolatli davlat organlari hamda sudlar bilan samarali hamkorlikni tashkil qilish;

taʼlim va ilmiy muassasalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda xorijiy hamkorlar bilan taʼlim va ilm-fan sohalarida maqsadli hamkorlik oʻrnatish va rivojlantirish;

Akademiyaning rivojlanishini taʼminlash uchun moliyaviy yordam koʻrsatilishini tashkil etish, byudjetdan tashqari mablagʻlarni shakllantirish, milliy va xalqaro grantlarni jalb etish.

Vasiylik kengashining har bir aʼzosi zimmasiga Akademiyaning samarali faoliyat koʻrsatishi va rivojlanishiga koʻmaklashish boʻyicha belgilangan vazifalarning oʻz vakolati doirasida har tomonlama amalga oshirilishi boʻyicha shaxsiy masʼuliyat yuklansin.

4. Belgilab qoʻyilsinki:

Akademiya Bosh prokuratura tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi, yuridik shaxs maqomiga ega, ixtisoslashtirilgan oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi;

Akademiyaga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan  lavozimga tayinlanadigan  va lavozimidan  ozod  qilinadigan  boshliq  rahbarlik qiladi, uning maqomi, transport hamda tibbiy taʼminoti shartlari oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari rahbarlari bilan tenglashtiriladi;

Akademiya Bosh prokuratura Akademiyasining huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

Akademiyaning tergov sohasiga ixtisoslashtirilgan kafedralari tarkibining 30 foizdan kam boʻlmagan qismi – ichki ishlar organlari, Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona organlarining surishtiruv hamda tergov tuzilmalarida koʻp yillik amaliy ish tajribasiga ega boʻlgan yuqori malakali mutaxassislar hisobidan shakllantiriladi;

Akademiya boshqaruv xodimlari va professor-oʻqituvchilariga Bosh prokuratura xodimlari uchun, boshqa xodimlarga oliy taʼlim muassasalarining tegishli xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish shartlari va boshqa imtiyozlar tatbiq etiladi.

5. Akademiyada 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab quyidagi tartibni nazarda tutgan holda tergov faoliyati va huquqni muhofaza qilish faoliyatining boshqa sohalarida oliy taʼlimning ikki bosqichli tizimi – bakalavriat va magistratura boʻyicha toʻlaqonli oʻquv jarayoni tashkil etilsin:

bakalavriat boʻyicha oʻqitish kunduzgi taʼlim shaklida amalga oshiriladi hamda ixtisoslik va yuridik fanlarni oʻqitish, shuningdek, chuqurlashtirilgan stajirovkani tashkil etish orqali kadrlarni maqsadli tayyorlashga yoʻnaltiriladi;

Akademiyaning tergov faoliyati yoʻnalishi boʻyicha magistraturasiga qabul surishtiruv va tergov faoliyatini amalga oshirish vakolatiga ega davlat organlarining mazkur vazifalarni amalga oshiruvchi tuzilmalarining hamda prokuratura organlarining (keyingi oʻrinlarda – vakolatli davlat organlari) amaldagi xodimlari (harbiy xizmatchilari) orasidan amalga oshiriladi;

Akademiyaning tergov faoliyati yoʻnalishi boʻyicha bakalavriat hamda magistraturasiga oʻqishga qabul qilish Vasiylik kengashining vakolatli aʼzoci raislik qiladigan idoralararo qabul komissiyaci tomonidan tashkil etiladigan maxsus psixologik tanlov, yozma imtihon va test sinovlari orqali amalga oshiriladi;

Akademiyada taʼlim olish muddati bakalavriat dasturi boʻyicha – uch yilni, tergov faoliyati yoʻnalishidagi magistratura dasturi boʻyicha – bir yilni tashkil etib, bitiruvchilarga oliy yuridik taʼlimning tegishli bosqichini yakunlaganligini tasdiqlovchi davlat namunasidagi diplomlar beriladi;

Akademiyaning tergov faoliyati yoʻnalishidagi har yilgi qabul kvotalari bakalavriat dasturi boʻyicha – 250 nafargacha talaba, magistratura dasturi boʻyicha – 50 nafargacha oliy yuridik maʼlumotli vakolatli davlat organlari xodimlarini tashkil etib, Vasiylik kengashi tomonidan vakolatli davlat organlarining hududlar kesimidagi ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda takliflar ishlab chiqiladi hamda magistraturaning boshqa mutaxassisliklari boʻyicha qabul kvotalari Bosh prokuratura tomonidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda belgilanadi.

Belgilansinki:

Akademiyada oʻqitish davlat grantlari va toʻlov-kontrakt asosida tashkil etilib, bakalavriat va tergov faoliyati boʻyicha magistraturaga qabul parametrlari Vasiylik kengashining taklifini inobatga olgan holda har yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi;

Akademiyaga qabul qilishda abituriyentlarning muayyan toifalariga respublikaning boshqa oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilmaydi;

Akademiyaning tergov faoliyati yoʻnalishi boʻyicha bitiruvchilari vakolatli davlat organlariga xizmatga (harbiy xizmatga) qabul qilinganda faqat ofitserlar tarkibiga kiruvchi yoki darajali unvon berilishi koʻzda tutilgan lavozimlarga tayinlanadi;

davlat grantlari asosida oʻqishni tamomlagan Akademiya bakalavriatining bitiruvchilariga vakolatli davlat organlarida kamida uch yil ishlab berish (xizmatni oʻtash) majburiyati yuklanadi;

Akademiyaning tergov faoliyati yoʻnalishi boʻyicha magistraturasiga kunduzgi shaklda oʻqishga qabul qilingan vakolatli davlat organlari xodimlari, shuningdek, boshqa mutaxassisliklar boʻyicha magistraturaning kunduzgi shakliga oʻqishga qabul qilingan prokuratura organlari xodimlarini oʻqitish bepul asosda amalga oshiriladi hamda ularning egallab turgan lavozimi va oʻrtacha oylik ish haqi oʻqish davri mobaynida saqlab qolinadi.

6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

oʻqish yakunlari boʻyicha yuqori natijalarga erishgan vakolatli davlat organlari xodimlari Akademiyaning tergov faoliyati yoʻnalishi boʻyicha magistraturasini tugatishi bilan, qoida tariqasida, ilgari egallab turgan lavozimiga nisbatan yuqori lavozimga tayinlanadi;

Akademiyada oʻqish davri vakolatli davlat organlari xodimlari uchun pensiyaga chiqish, unvon (daraja) olish va koʻp yillik xizmatini hisoblash huquqini beruvchi umumiy xizmat (harbiy xizmat) stajiga oʻqishning bir yili xizmat (harbiy xizmat)ning bir yiliga tenglashtirilgan holda kiritiladi.

7. Vakolatli davlat organlari xodimlari uchun Akademiyada quyidagi oʻquv dasturlari boʻyicha kasbiy qayta tayyorlash va malaka oshirishning majburiy tartibi joriy qilinsin:

birinchi marotaba vakolatli davlat organlariga xizmatga qabul qilinib, surishtiruvchi yoki tergovchi lavozimlariga tayinlangan hamda prokuratura organlariga ilk bor xizmatga qabul qilingan xodimlar uchun – davomiyligi 576 soatdan kam boʻlmagan majburiy birlamchi ixtisoslashuv shaklida kasbiy qayta tayyorlash kurslari;

prokuratura organlarida rahbarlik lavozimlarini egallash maqsadida zaxirada turgan kadrlar uchun – davomiyligi 576 soatdan kam boʻlmagan rahbar kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash kurslari;

surishtiruvchi yoki tergovchi lavozimlariga tayinlash maqsadida vakolatli davlat organlari xodimlari uchun – davomiyligi 288 soatdan kam boʻlmagan kasbiy qayta tayyorlash kurslari;

vakolatli davlat organlarining surishtiruv va tergov tuzilmalari xodimlari, shuningdek, prokuratura organlari barcha boʻgʻinlari xodimlari uchun (har uch yilda kamida bir marotaba) – davomiyligi 144 soatdan kam boʻlmagan malaka oshirish kurslari.

Belgilab qoʻyilsinki:

Akademiyaning kasbiy qayta tayyorlash kurslariga qabul qilish vakolatli davlat organlari rahbarlari tavsiyasiga koʻra amalga oshiriladi;

mazkur bandning ikkinchi va toʻrtinchi xatboshilarida belgilangan kurslarni tergovchi (surishtiruvchi) lavozimlariga tayinlangan hamda ilk bor prokuratura organlariga xizmatga qabul qilingan xodimlar ular lavozimga tayinlangan kundan eʼtiboran olti oydan kechiktirmasdan oʻtaydi. Ushbu kurslarni oʻtash boʻyicha talab bakalavriatni Akademiyada bitirganlarga yoki Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining “Tergov faoliyati” mutaxassisligi boʻyicha bitiruvchilariga nisbatan tatbiq etilmaydi;

qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimiga kiruvchi kurslarda oʻqiyotgan vakolatli davlat organlari xodimlarining egallab turgan lavozimlari boʻyicha belgilangan tartib va miqdorda mehnatga haq toʻlash fondi toʻlovlari (pul taʼminoti) saqlab qolinadi.

8. Quyidagilar:

Jinoyatlarni tergov qilish sohasida kadrlarni uzluksiz oʻqitish yagona tizimining tuzilmaviy-mantiqiy sxemasi 2-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

9. Quyidagi huquqlar berilsin:

a) Vasiylik kengashiga – vakolatli davlat organlarining ehtiyojlarini inobatga olgan holda Akademiyaning tergov faoliyati yoʻnalishi boʻyicha bakalavriati va magistraturasiga qabul parametrlarini oshirish yuzasidan takliflar kiritish;

b) Bosh prokurorga:

tergov faoliyati yoʻnalishidan tashqari mutaxassisliklar boʻyicha Akademiyada oʻquv jarayonini taʼlimning kechki, sirtqi va masofaviy shakllari asosida tashkil etish;

Akademiya tuzilmasiga xodimlarning umumiy cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish hamda toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish va pullik xizmatlardan tushgan mablagʻlar hisobidan qoʻshimcha shtatlar joriy etish;

Akademiya uchun belgilangan qabul parametrlaridan tashqari tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qoʻshimcha qabul kvotalarini belgilash;

v) Akademiyaga:

vakolatli davlat organlarining ehtiyojlarini inobatga olgan holda, bakalavriat va magistraturada oʻqish mutaxassisliklari va yoʻnalishlari boʻyicha malaka talablari, oʻquv rejalari va dasturlarini mustaqil ravishda ishlab chiqish va tasdiqlash;

ilmiy, taʼlim, noshirlik, matbaa va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish boʻyicha pullik xizmatlar koʻrsatish;

Akademiya faoliyatiga mutaxassislarni (konsultant, maʼruzachi, oʻqituvchi va boshqalar) soatbay va uzoq muddatli ishlash shartlarida jalb etish hamda ularga mehnat bozorining amaldagi konʼyunkturasini hisobga olgan holda toʻlov-kontrakt asosida byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan tegishli toʻlovlarni belgilash;

g) Akademiya boshligʻiga:

Akademiya Kengashi tavsiyasiga koʻra byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan bakalavriatning iqtidorli talabalariga qoʻshimcha individual stipendiyalar ajratish;

etakchi xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan, kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish borasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandum va bitimlar tuzish;

xalqaro hamkorlik va ikki tomonlama shartnomalar doirasida xorijiy davlatlarning vakolatli organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini tashkil etish.

10. Akademiya faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining mablagʻlari;

Akademiyada toʻlov-kontrakt shaklida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;

pullik xizmatlar koʻrsatish, shuningdek, vaqtincha boʻsh turgan byudjetdan tashqari mablagʻlarni tijorat banklari depozitlariga joylashtirish orqali daromad olishdan tushadigan mablagʻlar;

Vasiylik kengashi tarkibiga kiruvchi davlat organlari tomonidan ajratiladigan byudjetdan tashqari mablagʻlar;

milliy va xalqaro grantlar, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Akademiyaga olti dona xizmat yengil avtotransport vositasi (shu jumladan, 5 ta shaxsiy biriktirilgan) hamda ikkita avtobusni saqlash uchun limit belgilansin.

11. Belgilab qoʻyilsinki:

Ixtisoslashtirilgan filialning amaldagi oʻquv dasturlari boʻyicha oʻqitish ular yakunlanguniga qadar ilgari belgilangan tartibda Akademiyada davom ettiriladi, tinglovchilarga nisbatan ilgari oʻrnatilgan imtiyoz va majburiyatlar saqlab qolinadi hamda bitiruvchilarga tegishli mutaxassislik boʻyicha diplom beriladi;

Akademiyaning qoʻshma taʼlim dasturlarini hamda qoʻshma fakultetlarini tugatgandan soʻng oʻqishni davom ettirgan shaxslarga berilgan xorijiy taʼlim tashkilotlarining belgilangan shakldagi diplomlari (bakalavriat, magistratura) qoʻshimcha maʼmuriy tartib-taomillarsiz oliy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadi;

Akademiya magistraturasini tamomlaganlik toʻgʻrisidagi diplom harbiy xizmat (xizmat)ni oʻtashda Qurolli Kuchlar Akademiyasining ikki yillik magistratura dasturini, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining ikkinchi darajadagi magistraturasini tamomlaganlik toʻgʻrisidagi diplomlarga tenglashtiriladi;

Akademiyada toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymatlari har yili Vasiylik kengashi tomonidan belgilanadi;

tugatilayotgan Ixtisoslashtirilgan filial xodimlari qonunchilikda belgilangan tartibda tuziladigan muddatli mehnat shartnomasiga asosan Akademiyadagi mavjud shtat birliklari va mehnatga haq toʻlash miqdorlari doirasida ishga qabul qilinadi;

Akademiyani byudjet mablagʻlari hisobidan saqlash bilan bogʻliq xarajatlar 2022 yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetidan Bosh prokuratura va Adliya vazirligiga ajratilgan mablagʻlar doirasida moliyalashtiriladi, 2023 yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

12. Toshkent shahar hokimligi (J.A.Ortiqxoʻjayev):

Bosh prokuratura bilan birgalikda 2023/2024 oʻquv yili yakuniga qadar Akademiyaning oʻquv-maʼmuriy korpusini toʻlaqonli tashkil etish va foydalanishga topshirish boʻyicha barcha zarur choralarni koʻrsin;

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda Akademiya kampusini bunyod etish boʻyicha qurilish-taʼmirlash ishlari yakunlanguniga qadar tugatilayotgan Ixtisoslashtirilgan filial talabalarining Akademiyada oʻquv jarayonini tashkil etish maqsadida boshqa taʼlim muassasalaridan bepul asosda bino, yotoqxona va auditoriya xonalari vaqtincha ajratilishini taʼminlasin.

13. Ichki ishlar vazirligi (P.R.Bobojonov) 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab:

Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida “Tergov faoliyati” yoʻnalishi boʻyicha bakalavriatga qabulni toʻxtatib, ushbu sohadagi oʻquv-uslubiy va axborot-resurs bazalarini bosqichma-bosqich Akademiyaga oʻtkazsin;

“Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” yoʻnalishi boʻyicha bakalavriat oʻquv dasturiga yillik qabul kvotani koʻpaytirish choralarini koʻrsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi –Spichrayteri X.M.Sultanov Bosh prokuratura (N.T.Yoʻldoshev), Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi (M.M.Xodjimatov) bilan birgalikda ikki oy muddatda prokuratura organlari xodimlarining umumiy dunyoqarashi, siyosiy ongi, maʼnaviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularda vatanparvarlik, kasbiga nisbatan sadoqat va yuqori masʼuliyat hislarini oshirish choralarini nazarda tutuvchi maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasini tasdiqlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin.

15. Bosh prokuratura (N.T.Yoʻldoshev) uch oy muddatda:

Ixtisoslashtirilgan filialni tugatishga masʼul boʻlgan Adliya vazirligi bilan birgalikda tegishli bino-inshootlar, shtat birliklari, oʻquv-uslubiy va axborot-resurs baza, moddiy-texnika va boshqa mol-mulklarini mazkur Farmonga muvofiq topshirish-qabul qilish boʻyicha tashkiliy choralarni koʻrsin;

Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qoʻmitasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda ochiq, har tomonlama va xolis tanlov mezon va mexanizmlarini qamrab olgan Akademiyada oliy taʼlim hamda oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga qabul qilish va oʻqitishning alohida tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda belgilangan tartibda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni kiritsin.

16. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Bosh prokuratura bilan birgalikda Akademiyaning zamonaviy kampusiga zarur boʻlgan bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlari uchun tegishli mablagʻlar ajratish boʻyicha takliflarni 2023–2025 yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlariga kiritsin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 fevraldagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–4166-son qarori 5-bandining birinchi – beshinchi, yettinchi – sakkizinchi xatboshilari, 6-bandining birinchi – beshinchi xatboshilari hamda 9-bandining birinchi, uchinchi, toʻrtinchi, oltinchi xatboshilaridan tashqari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

19. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh prokuror N.T.Yoʻldoshev belgilansin.

Mazkur Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari D.B.Kadirov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                   Sh.MIRZIYOYEV

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.