Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovning tashabbusi bilan “Innovatsion rivojlanish nashriyot-matbaa uyi” davlat unitar korxonasiga qarashli ilmiy-texnikaviy, maʼnaviy-maʼrifiy, ommabop nashr hisoblangan “XXI asr texnologiyalari” jurnali oʻquvchi-yoshlar oʻrtasida “Karantinda ochilgan isteʼdodlar” nomli tanlov eʼlon qilgandi. Kecha 11 sentyabr kuni vazirlikning yangi binosida ushbu tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
“Yosh ixtirochi”, “Foydali karantin”, “Yosh hunarmand”, “Yosh rassom”, “Yosh sportchi” kabi yoʻnalishlarda 5 yoshdan 25 yoshgacha boʻlgan bolalar oʻrtasida oʻtkazilgan tanlovda 15 kuni ichida 200 ga yaqin ijodkor bolalar oʻzlarining faoliyati aks etgan videolavha va suratlari bilan qatnashishdi. Ular orasidan eng saralari tanlab olinib, “XXI asr texnologiyalari” kanaliga joylashtirib borildi.
Bundan tashqari, tanlovda qatnashgan har bir ishtirokchiga “XXI asr texnologiyalari” jurnali tahririyati tomonidan esdalik sovgʻalari hamda sertifikat topshirildi.
Ushbu tanlovda sakkiz va olti yoshli nevaralarim Saʼdullayev Behruzbek bilan Saʼdullayev Yusufbek ham qatnashib, “Eng isteʼdodli sportchi” va “Eng yosh sportchi” yoʻnalishlarida ragʻbatlantiruvchi mukofotga ega boʻlishdi.
Oʻzbekiston televideniyesida ishlagan paytlarimda “Fan va taraqqiyot”, olima ayollar haqida “Gul koʻp, chaman koʻp” koʻrsatuvlarini tayyorlaganim tufaylimi ilmiy yangiliklarni juda xush koʻraman. Olimlarning faoliyatini juda qadrlayman. “Ilm igna bilan quduq qazish” degan iborani xalqimiz bejiz aytmagan. Keyingi paytda mamlakatimiz Prezidenti ham har bir sohani yuksaltirishga ilm orqali yondoshish lozimligiga, innavatsion texnologiyalarga, ilm bilan ishlab chiqarishni uzviy bogʻlashga keng eʼtibor beryapti. Albatta, bu bejiz emas. Barcha sohaga klaster usulining kirib kelayotgani ana shu saʼy- harakatlarning samarasidir.
Kechagi tadbir yakunida Yoshlar akademiyasi tomonidan Innovatsion rivojlanish vazirligi binosi boʻylab sayohat uyushtirildi. Aslida men ana shu sayohatga ham juda qiziqqan edim. Vazirlik tashkil etgan laboratoriyalarni, koʻrgazmalar zalini koʻzdan kechirib, yurtimizda 2020 yilga “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nom berilishi bejiz emasligiga yana bir bora amin boʻldim.
Aerokosmika laboratoriyasi bilan tanishtirayotganda sayohat yetakchisi bu laboratoriya jahonda AQSH, Rossiyada va bizda borligini faxr bilan taʼkidladi. Ushbu ilm maskanida amalga oshiriladigan faoliyatni qisqa sharhlab berdi. “Aqlli uy” ijodxonasini va undagi mavjud asbob-uskunalarni koʻrganimizda, yaqin kelajakda uy ishlarini bemalol robotlarga ishonish mumkinligiga amin boʻldik.
Bundan 20-30 yil burun faks, kompyuter, skanerlar sanoqligina tashkilotlarda boʻlardi. Endilikda barcha tashkilot nari tursin uylarimizgacha kirib keldi. Bu yerda «aqlli uyda» koʻrgan texnika, texnologiyalarimiz oʻzimizda ham ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyilsa, hayotimizga ham kirib kelishi hech gap emas.
Robotlar koʻrgazmasi xonasiga kirganimizda yosh ixtirochilarimizning jahon tanlovlarida munosib oʻrin olganliklarining guvohi boʻldik.
Innovatsion rivojlanish vazirligiga, Yoshlar akademiyasi va “XXI asr texnologiyalari” jurnaliga faoliyatida omadlar tilab qolamiz.
Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist