Kasb-hunar oʻrganish uchun sharoitlar kengaytiriladi

0
218
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 iyun kuni aholini kasb-hunarga tayyorlash va monomarkazlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Mamlakatimizda sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish, qurilish kabi koʻplab sohalar rivojlanib, yangi-yangi korxonalar ochilmoqda. Ularni malakali ishchi va mutaxassislar bilan taʼminlash maqsadida oliy va oʻrta maxsus taʼlim yoʻnalishlari oʻzgartirilmoqda. Hududlarda “Ishga marhamat” monomarkazlari tashkil etilib, yoshlarga kasb oʻrgatilmoqda.

Taraqqiyot strategiyasida bu borada navbatdagi qadamlar – har bir fuqaroga kasb-hunarga oʻqish imkoniyatini yaratish, kambagʻallikni 2 baravarga qisqartirish maqsadlari belgilangan.

Buning uchun barcha asoslar bor. Masalan, birgina 2022 yilning oʻzida jami 16 milliard dollarlik 9 mingdan ziyod yirik va oʻrta loyihalar amalga oshirilmoqda. Ularga 300 mingga yaqin malakali ishchilar kerak.

Shu bilan birga, bu yil 404 ming yoshlar oʻrta taʼlimni, 151 ming nafari professional taʼlimni bitirib, mehnat bozoriga kirib keladi. Ularni toʻgʻri yoʻnaltirib, bandligini taʼminlash – dolzarb vazifa.

Lekin, ochigʻini aytganda, 330 ta kasb-hunar maktabi, 173 ta kollej va 207 ta texnikum kutilgan natijani bermayapti. Ulardagi imkoniyatning atigi 40-50 foizidan foydalanilmoqda, xolos. “Ishga marhamat” monomarkazlari bor-yoʻgʻi 10 foiz ishsizlarni qamrab olgan.

Koʻp kollej va texnikumlardagi oʻquv dasturlari zamon talabiga mos emas, 1 ming 350 nomdagi kasbiy darslik va adabiyotlar yetishmaydi. Oqibatda ish beruvchilar xodimlarni qaytadan oʻqitishga majbur boʻlmoqda.

Shu bois yigʻilishda kasb-hunar taʼlimini zamon talablariga moslashtirish boʻyicha yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.

Yaʼni, 45 ta kollej Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimiga oʻtkazilib, ularning oʻrnida monomarkazlar tashkil etiladi. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi kasb-hunar maktablari va texnikumlarni boshqarish va metodik taʼminlashga masʼul boʻladi.

Har bir viloyat, tuman va shaharda Kasb-hunar taʼlimi kengashlari tashkil etiladi va ularga hokimlar rahbarlik qiladi. Kengash tarkibiga davlat idoralari, bank, rektorlar, Savdo-sanoat palatasi hamda tuman iqtisodiyotidan kelib chiqib, sanoat, qishloq xoʻjaligi, qurilish va servis korxonalari rahbarlari kiradi. Ular mutaxassislariga boʻlgan ehtiyoj asosida, monomarkaz va kollejlarda oʻqitiladigan kasblarni belgilaydi, yoshlarni ishlab chiqarish korxonalariga biriktirib, amaliyot oʻtashini tashkil etadi.

Yigʻilishda sohadagi ijobiy tajribalar ham koʻrsatib oʻtildi. Masalan, 57 ta professional taʼlim muassasasida, Germaniya tajribasi asosida, ish joyida oʻqitishning dual taʼlim shakli yoʻlga qoʻyilgan. Maktabgacha taʼlim tizimida bu oʻz natijasini bermoqda: pedagogika kolleji oʻquvchilari 2 kun nazariy bilimlar olib, qolgan kunlari bogʻchalarda ishlab, oylik olmoqda.

Yoki yana bir misol: Sirdaryo viloyati Shirin shahridagi energetika kollejida Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi buyurtmasi asosida yoshlarni muqobil energiya stansiyasi texnigi, operatori va dispetcheri kabi kasblarga tayyorlash boshlangan. Buning uchun kompaniya 2 million 800 ming dollarga kollejda zamonaviy ustaxona, laboratoriya va yotoqxona barpo qilgan. 

Davlatimiz rahbari bunday ishlarni boshqa tarmoqlarda ham yoʻlga qoʻyish, kasbiy taʼlim muassasalarini yirik sanoat korxonalari va klasterlarga biriktirish boʻyicha tavsiyalar berdi.

Tahlillarga koʻra, bugungi kunda oliy taʼlim tizimida oʻqitilayotgan ayrim mutaxassisliklarni texnikumlarga oʻtkazish mumkin. Bu yoshlarning ham vaqtini, ham naqdini tejaydi.

– Texnikumlarga boʻlgan yondashuvlarni oʻzgartirish kerak. Ular “institutga kirishning oson yoʻli” emas, murakkab kasb beradigan, mehnat bozorida raqobat qiladigan tizim boʻlishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Kelgusi yil 1 yanvardan boshlab, ilmiy darajasi bor texnikum oʻqituvchilarining ish haqini oliygohlardagiga tenglashtirish, yangi oʻquv yilidan texnikum va kollej oʻquvchilari uchun ham imtiyozli taʼlim kreditini joriy etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Shuningdek, texnikumlarga qabul bir yilda 2 marta tashkil etish boshlanadi. Bu orqali kasbiy taʼlim bilan qamrab olish 35 foizga oshadi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga yangi tashkil etiladigan monomarkazlarda zamonaviy kasblar va xorijiy tillarni oʻqitish, Turkiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Hindiston va Yaponiyadan mutaxassislar jalb qilish boʻyicha topshiriq berildi.

Yigʻilishda kasbiy taʼlim muassasalarida ishlayotgan oʻqituvchi va ustalarni ragʻbatlantirish masalasiga ham eʼtibor qaratildi.

Kelgusi yil 1 yanvardan ularning oyligi maktab oʻqituvchilarining maoshiga tenglashtirilishi aytildi. Oʻqituvchilar malaka toifasi uchun toʻlanadigan ustama oʻrtasidagi farq 2 barobarga oshiriladi. Erishgan natijasiga qarab, fidoyi va tashabbuskor murabbiylarning oyligiga 50 foizgacha ustama toʻlash joriy etiladi. Kelgusi yilda buning uchun byudjetdan qoʻshimcha 150 milliard soʻm ajratiladi.

Shu bilan birga, professional taʼlim muassasalari pedagoglari malakasini oshirishning yangi tizimi yaratiladi. Universitetlar huzuridagi malaka oshirish fakultetlari oʻrniga har bir viloyatda Professional tayyorgarlik markazlari tashkil etiladi. Bu markazlar ish beruvchilarning ehtiyojini oʻrganib, xorijiy tajriba asosida pedagoglar malakasini oshiradi.

Aholini kasb-hunarga oʻqitishda xususiy sektor ulushini koʻpaytirish uchun ham bir qator imtiyozlar belgilandi. Unga koʻra, endi litsenziya olish uchun talablar yengillashtirilib, zarur mablagʻning minimal miqdori 2 baravarga kamaytiriladi. Boʻsh binolar uzoq muddatga ijaraga beriladi. Xorijdan keltiriladigan qoʻllanma va uskunalar bojxona toʻlovlaridan ozod qilinadi. Xalqaro malaka sertifikatini olgan har bir bitiruvchi uchun 1 million soʻmdan toʻlanadi. Ehtiyojmand yoshlar toʻlov-kontrakti mablagʻining 30 foizi qoplab beriladi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan vazirlar, hokimlar, kasb-hunar maktabi va monomarkazlar rahbarlari soʻzga chiqib, oʻz takliflarini bildirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.