Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi Yosh jurnalistlar kengashi tomonidan “Kasbiy tajriba: ijod mashaqqati va zavqi” mavzuida uchrashuv tashkil etildi.
Unda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalistlar Safar Ostonov va Ahror Ahmedov yosh jurnalistlarga ijod yoʻli va mashaqqati, jurnalistika sohasi istiqbollari haqida gapirib berdi.
Uchrashuvda Yosh jurnalistlar kengashi faoliyatini yanada jonlantirish, “Ustoz-shogird” anʼanasini tizimli davom ettirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Yaqinda tavalludining 70 yilligini qarshi olgan Safar Ostonov, 60 yoshga toʻlgan Ahror Ahmedovga Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining faxriy yorligʻi va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Yosh jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
O.Bekmurodova