Kavkaz togʻlari rus xalqining sevimli shoirlari Lermontovga, Pushkinga va boshqa koʻplab buyuklarga ilhom bergan maskan. Ular jahon adabiyotidan munosib oʻrin olgan koʻplab asarlarini mazkur ilhombagʻsh togʻlar quchogʻida yaratishgan. Ayniqsa Lermontov bu yerlarni juda xush koʻrgan. Uning “Men nechun sevaman Kavkazni” degan sheʼriy jumlalari Kislovodskning markazidagi shoirga bagʻishlab oʻrnatilgan yodgorlikda ham aks etgan.
Chunki, u bolaligidayok buvisi bilan birga bu yerlarga kelib shifobaxsh narzan suvlaridan shimirib va choʻmilib, togʻning musaffo havosidan bahramand boʻlib, betakror manzaralar quchogʻida orom olgan. Bolaligida nimjongina boʻlgan shoir buvisining saʼy-harakatlari bilan bu yerda davolanib, rus armiyasida xizmat qila oladigan durkun va sogʻlom yigit boʻlib voyaga yetgan. Va rus armiyasida ofitser boʻlib xizmat qilgan.
Lermontov suygan xushmanzara Kavkaz togʻlarida “Oʻzbekiston” sanatoriysi mavjudligi, bu yerda oʻzbek xalqining farzandlari ham sogʻliklarini tiklab shifo topayotgani, bunga mamlakatimiz rahbari alohida eʼtibor berib keng imkoniyatlar yaratayotgani xalqimizning faxri va omadidir.
Bu yil ushbu maskanda uchta yangilikni koʻrib biz ham xursand boʻldik. Dam oluvchilar necha yillardan buyon koʻz tikkan suv hovzasi ishga tushibdi. Kislovodskning markaziga borib ichiladigan shifobaxsh mineral suv sanatoriyning oʻziga tortib keltirilibdi. Endilikda dam oluvchilar bu yerda narzan , yessentuki, slavyan mineral suvlaridan sanatoriyning oʻzida bahramand boʻlishlari mumkin.
Bu sanatoriyni taʼmirlash borasida amalga oshirilgan ishlar boʻlsa, yana bir oʻzgarish ushbu sanatoriyga keladiganlarga mavsumga qarab imtiyozlar berilibdi.
Uchinchi oʻzgarishda esa mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga yaratayotgan shart-sharoitlarni, imkoniyatlarni eʼtiborini yana bir bora his qildik.
Bu yil may oyida eʼlon qilingan “Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga Oʻzbekiston xalqining qoʻshgan munosib hissasiga bagʻishlangan kitob-albomni nashr etish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi xalqimizga xos keksalarga mehr va eʼtiborning yana bir goʻzal namunasi edi. Bu yerda esa yana bir gʻamxoʻrlikka guvoh boʻldik. Urush qatnashchilariga davlat hisobidan dam olib kelish imkoniyati yaratildi.
Yalta va Kislovodskdagi “Oʻzbekiston” sanatoriysining bosh direktori Talʼat Qulahmedovich Obidjonov shunday deydi: Bu yildan boshlab mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan ikkinchi jahon urushi ishtirokchilarining Yalta va Kislovodskdagi “Oʻzbekiston” sanatoriysida dam olib, davolanishlari yoʻlga qoʻyildi. Ayni kunda “Nuroniy” jamgʻarmasi bilan hamkorlikda oʻn ikki nafar urush qatnashchilarini Kislovodskdagi shifo maskaniga kuzatib yubordik. Qariyalarimizga alohida xizmat koʻrsatadigan tibbiy hamshira belgilandi va u Toshkentdan birga ketdi. Shuningdek, qariyalarimiz u yerda ham oʻzini oilasi quchogʻida ekanligini his qilib turishi uchun farzandlaridan bir kishiga ham yonida dam olib, gʻamxoʻrlik qilishiga imkoniyat yaratildi. Bularning bari davlat hisobidan amalga oshirilmoqda.
Bu yerga kelib yangi bunyodkorlik ishlarini, ikkinchi jahon urushi ishtirokchilariga yaratilgan imkoniyatlarni, umuman xalqimizga berilgan imtiyozlarni koʻrib biz ham xursand boʻldik. Shuningdek, bu tadbirning yana bir yaxshi tomoni shuki, oqsoqollarga boʻlgan eʼtibor farzandlar qalbida ezguliklar uygʻotadi, oila muqaddasligini, keksalar eʼzozda ekanligini va bu milliy qadriyat ekanligini yana bir bora eslatib turadi. Oilani ahillikka daʼvat qiladi. Oʻz vaqtida Vatanga munosib xizmat qilgan otasining ortidan farzandlar ham dam olish imkoniyatiga ega boʻlishdi. Bu esa Vatan, oila muqaddasligini ifoda etadi va milliy qadriyatlarni ulugʻlash yoʻlidagi goʻzal amaliyotdir.
Raʼno Zaripova,
Respublikada xizmat koʻrsatgan jurnalist
Maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi koʻmagida tayyorlandi.