Kavkaz togʻlarining goʻzal va bahavo “Oʻzbekiston” sanatoriysining moʻjazgina ayvonchasida ikkinchi jahon urushi qatnashchilari Abduxoliq Boymirov va Eshmirzo Ochilovlarni oʻzaro qizgʻin suhbatlashib oʻtirishganida uchratdik.
Otaxonlarning ikkalasi ham Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidan boʻlib, frontga bir vaqtda ketishgan ekan. Toʻqson yetti yoshga peshvoz chiqayotgan ushbu otaxonlarning taqdirlari biri biriga juda oʻxshab ketadi. Taqdirlarining tutashgan joylari ham koʻp. Eshmirzo bobo bilan Abduxoliq bobo ikkalasi yonma yon qishloqda yashab bir maktabda oʻqishgan. Ikkalasi bir paytda oʻn sakkiz yoshga toʻlmasdan harbiylar safiga chaqirilgan boʻlib, qurol ushlashga, harbiylik sanʼatiga bitta maktabda oʻrgatishgan. Ular oʻn sakkiz yoshga toʻlishganida 1942 yilning oktyabr oyida jang maydoniga kirishgan. Biri piyodalar, ikkinchisi tankchilar safida turib bitta frontda jang qilishgan.
Ikkalasi ham koʻksi toʻla orden- medallar bilan gʻolib boʻlib yurtga qaytishgan. Urushdan qaytgach uylanib piru badavlat xonadon yetakchisi boʻlib, qishloq xoʻjaligining taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishgan. Ularning tanishligiga, doʻstligiga deyarli toʻqson yil boʻlayapti. Bunday baxt kamdan kam kishiga nasib aylaydi. Ikkalasi bitta frontda jang qilganidek, urushdan keyin yana bitta jabhada javlon urishdi. Urush yillarida orqaga ketgan oʻz qishloqlarining iqtisodiyotini koʻtarishga xizmat qilishdi. Ular urushda yurganida tinch osoyisha oila davrasida turmush kechirishni, farzandlar qurshovida yashashni orzu qilishar edi. Bu niyatiga ham erishdilar. Piru badavlat oila qurshovida har biri 4-5 farzandni tarbiyalab voyaga yetkazishdi. Ayni kunda doʻstlar davrasida mehr-muhabbatli farzandlar, nevara-chevara, evaralar koʻrib tinch osoyishta hayot kechirishayapti. Davlatimizning rahbari ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga alohida etibor berayotgani ularning kuchiga kuch, gʻayratiga gʻayrat qoʻshib kelmoqda. Muolajalarga ham oʻzlari bemalol tushib chiqishayotganiga kishining havasi keladi.
“Otamiz tufayli qarilik nafaqasiga yetganimizda bizga ham shunday goʻzal joylarni koʻrib, dam olib, davolanish nasib etdi, – deydi Abduxoliq boboning oʻgʻli Nishon Boymirov. – Bu holat biz uchun, bizning farzandlarimiz uchun katta saboq. El-yurtga munosib xizmat qilgan kishi hamisha ardoqda yashashligini nevaralarimiz yaʼni otamning chevaralari ham koʻrib ulgʻayapti. Otamning oʻgitlarini men ham tez-tez bolalarimga takrorlayman: Bir ishga kirishgan chogʻingda ogʻirliklar yuz bersa noumid boʻlma. Shijoatli va matonatli boʻl. Qatʼiyat va sabr toqat bilan mushkul yoʻlni bosib oʻta olasan, deb endilikda men nevaralarimga oʻrgatayapman. Otamiz qishlogʻimizning faxri. Koʻpgina kishilar otamizga qarab qaddini rostlaydi. Biror narsadan siqilishsa kelib maslahat soʻrashadi. Suhbatlashib, koʻngli yayrab uyiga qaytishadi. Odamlarga kerak boʻlishingni anglab yashash ham katta baxt. Men otam bilan faxrlanaman”.
“Bu yerga kelayotganimizda qishlogʻimizdagi barcha kishilarning bizga havasi keldi. Farzandlarimga esa namunali hayot kechirgan odamning hamisha qadri baland boʻladi, atrofdagilarga hamisha soyasi tegadi. Deya dalil sifatida otamning hayotini koʻrsatdim. Otam bizga hamisha takrorlaydilar: yaqinlarga, oshnolarga yaxshilik qilmasdan ulardan manfaat kutish, xuddi yerga urugʻ sepmasdan turib don olishdan umidvor boʻlishdir. Atrofingdagilarga mehribon boʻl. Oʻzlari ana shu oʻgitlariga amal qilib yashadilar. Shuning uchun ham otam bilan suhbatga oshiqadigan qishloqdoshlarimiz hamisha uyimizdan topiladi. Otam bilan uyimiz farishtali degan gap hamisha koʻnglimdan oʻtadi.– deydi Eshmirzo boboning oʻgʻli Qoʻchqor Eshmirzayev.
Xolqoʻzi bobo Toshqoʻziyev oʻgʻli bilan nonushtadan yarim soat oldin ichiladigan shifobaxsh narzan suvini ichib keldi-da tengdoshlari davrasiga qoʻshildi. Otaxon Sirdaryo tumanining Dehqonobod mahallasida istiqomat qiladi. Toʻqson yetti yoshni qarshilayotgan otaxon 1943 yil 15 yanvarda Kenesberg (bugungi Kaliningrad)dan urushga kirib, Berlingacha borganligini bir bir eslaydi. U yetti yil deganda uyga qaytgan. Chunki, urushda sapyor boʻlib ishlagan. Otaxon shunday deydi: “ Urushdan keyin besh yil urush boʻlgan joylarni mina va bombalardan tozaladik. 1950 yilda yaʼni yetti yil deganda uyga qaytdim. Uylandim. Yetti qiz, uch oʻgʻilga yuzim tushdi. Yuzlab nevara, chevara, evaralarim bor. Shularning ardogʻida baxtiyor hayot kechirayapman. Ollohning shu kunlarga yetkazganiga shukr”.
Otaxon bilan birga kelgan oʻgʻli Umrzoq Toshqoʻziyev oltmish uch yoshda boʻlib, otasi bilan faxrlanadi: Men otam tufayli Kavkaz togʻlarida birga dam olishga muyassar boʻldim. Bu men uchun katta baxt. Onam bilan otam maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlashgan. Onam Mukarram Toshqoʻziyeva hozir 83 yoshda, qirq yil oʻqituvchi boʻlib pensiyaga chiqdi. Ular oltmish besh yildirki, bir-biriga suyanib, bir-birini qoʻllab-quvvatlab yashashayapti. Ota-onamizning turmush tarzi, oʻzaro nazokatli munosabatlari nafaqat oilamiz uchun balki, butun qishloq ahli uchun namuna ekanligi bilan faxrlanaman. Qishloqda piru badavlat xonadon yetakchisi deb barcha hurmat qiladi. Chaqaloqni birinchi marta beshikka belash marosimi boʻlsa onamni, chaqaloqning sochini birinchi marta olish kerak boʻlsa otamni izzat-hurmat qilib, sizga oʻxshab yurishsin deb chaqirib ketishadi. Ota — onam tufayli farzandlarim oldida yuzim yorugʻ. Ularning ahillik bilan yashayotgan hayot yoʻlini namuna qilib koʻrsataman. Otam bilan onamning bir-biriga mehribonligini koʻrib oʻsayotgan farzandlarim nabiralarim ham shunga intilishadi. Otam hamisha iloji boricha gʻam-gʻussa keltiradigan narsaga koʻngil qoʻyma, huda-behuda narsa uchun qaygʻurma. Shunda oilangdan shodlik, qut-baraka, ezgulik pirovardida ahillik arimaydi deya oʻrgatadilar. Men ham ana shu oʻgitlarga amal qilib yashayapman”. Deydi Xolqoʻzi boboning oʻgʻli Umrzoq Toshqoʻziyev.
Odamlarga ezguliklar ulashib yashayotgan ahil oilalarning yetakchilariga uzoq umr, farzandlariga otalaridek el-yurtga munosib xizmat qilib, elda aziz boʻlib yurishlarida tilakdoshmiz.
Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist
Maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi koʻmagida tayyorlandi.