Kavkaz togʻlarida — Oʻzbekiston turkumidan. Toʻqson sakkiz yoshli  Shaqqoz bobo Hasanov va Rahmon bobo Qurbonov  bilan uchrashuv

0
214
marta koʻrilgan.

Samarqand viloyatining Pastdargʻom tumanidan ikki   nafar ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Kavkaz togʻlarining goʻzal va bahavo “Oʻzbekiston” sanatoriysida dam olayapti.  Shaqqoz bobo Hasanov va Raxmon bobo Qurbonov  bilan shifoxonaning moʻjazgina ayvonchasida oʻzaro suhbatlashib oʻtirishganida tanishdik. 

Ularning qiziqarli suhbatlariga yoshlar ham qoʻshilib,  gurung avjiga chiqdi. Dam olayotgan qariyalarning front haqidagi hikoyalari juda maroqli edi. Bir pasda ayvon dam oluvchilarga toʻlib ketdi. Ataylab uchrashuv uyushtirganda ham  suhbatdoshni eshitish uchun shuncha kishi yigʻilmasdi.

Qariyalarning har biri jonli tarix edi. Shaqqoz bobo urushda  razvedkachi boʻlib xizmat qilgan.  Hammamiz yaxshi bilamiz razvedkachining har bir qadami jasorat, har bir daqiqasi gʻanimat!

– Ota, urushga kirishdan oldin razvedkachilik sirlaridan saboq berishdimi,– soʻraydi Jizzax shahridan oʻgʻli, kelini va nevarasi bilan birga dam olishga kelgan Xursandoy.

– Albatta, olti oy razvedkachilik sir-sinoatlarini oʻrgatishdi. Balki omon qolganimizning sabablaridan biri ham mahoratimizni oshirib, oʻn sakkizga toʻlganimizda jang maydoniga kirganimizdir.

– Bobo ordenlaringiz haqida gapirib bering, – deydi suhbatni diqqat bilan tinglab oʻtirgan Xursandoyning nevarasi oʻn ikki yoshli Ibrohimjon.

– Stalinning imzosi bilan 12 ta orden- medal olganman. Urushdan keyingi fidokorona mehnatim uchun esa 13ta  orden –medallarim bor.

– Ularning eng zoʻri qaysi biri, bobo – soʻraydi yana bolajon.

– Koʻksimdagi eng yuksak orden birinchi darajali “Shon-shuxrat” ordenimdir. Agar jangchi shunday ordendan uchta olsa  u paytlarda Vatan qahramoni unvoniga sazovor boʻlardi.

– Bobojon, nega otingiz Shaqqoz. U nima maʼnoni anglatadi,– soʻraydi Ibroximjonning otasi Baxtiyorjon.

– Chol boʻlib tugʻilgan ekanman. Boshimda bir parcha oq sochim boʻlgan. U paytlarda nishonasi boʻlgan bolalarga  Shaqqoz yaʼni oq sochli bola deb ism qoʻyishgan.

Boboga berilayotgan savollarning keti uzilmaydi. Shaqqoz boboning kasbi muallimlik boʻlgani uchun tinglovchilarning savollariga erinmasdan javob qaytaradi, mohiyatni tushintiradi. Urushdan qaytib kelib pedogoglikka oʻqiganligini, oʻzbek tili va adabiyotidan dars berganligini, maktabda direktor boʻlib ishlaganini suhbat davomida bilib oldik.

Shaqqoz boboni kuzatar ekanman. Beixtiyor erta ketgan otamni va  nevaralarga otam haqida hikoya qilayotgan onamni eslayman. Onam otaginam haqida gapirganida, “pedogoglar bolalardek beozor, samimiy, mantiqqa suyanib ish koʻradigan, kamsuqum-kamtarin insonlar boʻlishadi. Otang ana shularning biri edi”, derdilar hamisha.  Otaxonning suhbatlarini tinglab ushbu xususiyatlarni koʻrgandek boʻldim.

Olti nafar farzandi va yuzdan ortiq nevara, chevara, evaralar qurshovida baxtli hayot kechirayotgan otaxon shunday deydi: Mangʻitobod mahallasida yashayman. Kolxozlar tugatilib, fermer xoʻjaliklari tuzilayotganda, bir necha fermer xoʻjaliklarini birlashtirgan maskanimizga Mangʻitobod mahallasi nomini berishni taklif qildim.

– Mangʻitobod degani nimani anglatadi, – soʻraydi Ibrohimjonning onasi Shohista.

– Turkiy halqlarning 92 urugʻi bor.  Ularning biri mangʻit. Azal-azaldan biz yashaydigan qishloqni mangʻitlar deyishgan. Soʻngra kolxoz tuzilib eski atamalar unitilib ketgan. Biz shu qadimiy nomni qayta tikladik. Milliy qadriyatlarimiz bu oʻzligimiz demak,– deya erinmasdan tushintiradi otaxon.

Shaqqoz bobo bu yerga mamlakatimiz Prezidentining bergan imtiyozlari tufayli oʻgʻli Murodjon Hasanov bilan kelib davolanayapti. Bu shifo maskanida oilasi bilan birga dam olayotganlarni koʻplab uchratish mumkin. Chunki, hukumatimiz karxona va tashkilotlarga  namunali mehnat qilayotgan  ishchi – xodimlarni Kavkaz togʻlari bagʻridagi “Oʻzbekiston” shifoxonasida dam olishi uchun imtiyozli yoʻllanmalar berish toʻgʻrisida koʻrsatma bergan edi.

Xursandoy hukumatimizni hamda oʻgʻli Baxtiyorjonning gʻamxoʻrligini alqaydi.  Yurtga, elga, oʻgʻliga ezguliklar tilaydi. Suhbatdoshlarni kuzatib oʻtirib har bir oilaning oʻz maktabi, har bir insonning oʻz olami mavjudligini anglaysiz.  Qalamga olingan ushbu  oilalarning bir-biriga oʻxshash umumiy fazilati oʻzbek xalqini asosiy xususiyati – oila ahilligini qadrlash, kattalarga hurmat, kichiklarga eʼtibor, mehr-oqibatda yashashdir. Mehr-oqibatli oilada farzandlarning salohiyati yuksak, hayotga ishtiyoqi baland boʻladi. Biz buni kichkintoy Ibrohimjon siyratida koʻrib turibmiz. U shifoxonadagi dam oluvchilarga beminnat xizmat qilib, telefonlariga zarur dasturlarni oʻrnatishda yordam berib yurdi.

Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi  Rahmon bobo Qurbonov  bilan suhbatlashish  ancha qiyin kechdi. Chunki, uch marta yarador boʻlib, uch marta qaytadan safga qaytgan bobo bir necha marta  tanki bilan olov qurshovida qolgan. Biroq, hech qachon tankini tashlab ketmagan ekan. “Tankni oʻz uyimiz deb bilib avaylab asraganmiz, hamisha dushmanlar qurshovini yorib chiqib keta olganmiz. Ayni kunda boboning eshitishi ogʻirroq boʻlsada, soʻzlari, fikrlari teran. Otaxon tankchilar maktabida olti oy oʻqib, oʻn sakkiz yoshida jang maydonida  dushman bilan toʻqnashganini gapirib berdi. Urushdan keyin kolxozda shofyor boʻlib ishlagani, toʻqqiz nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazgani, koʻplab nevaralarga bosh-qosh boʻlib, chevara va evaralarining jajji qoʻllaridan suvlarni hoʻplab  ichish baxtiga muyassar boʻlgani haqida hikoya qildi. “Yoshlarga urush dahshatlarini hikoya qilib berishdan maqsad–bugungi tinch, osayishta hayotning qadriga yetishga chorlashdir”,– deydi otaxon. 

Hayot tajribasi boy bu kishilarni tinglab, Ollohning sinovi ham siylovi ham koʻpligini koʻnglimdan oʻtkazaman. Meni fikrimni uqqandek otaxon ham urush yillari  biz-yoshlar  uchun sinov davri boʻldi. Bugungi kunlarda esa siylov davridamiz, baxtiyor onlarni his qilib yashayapmiz. Mamlakatimiz Prezidenti yaqinda urush qatnashchilariga “Damas” avtomashinasini navbatdan tashqari olish imkoniyatini yaratib  berdi. Qaysi mashinani xohlashimizni avvalo oʻzimizdan soʻrashdi. Qishloqda albatta, kattaroq mashina maʼqul. Nevaram Yoqub Qurbonov –fermer. Roʻzgʻorimiz katta, dalada ish koʻp, hosil ham moʻl.  Daromat ham yetarli. Yoshlarimizning kelajagiga eʼtibor beryapmiz.  Farzandlarimizga yaratilgan bugungi imkoniyatlarni koʻrib yoshligimga qaytgim keladi. Yurakda gʻayrat koʻp, biroq koʻzda nur, bilakda kuch kamroq. Shuning uchun yoshlarimizni har bir daqiqani bekor oʻtkazmaslikka, yurtimizda ularga yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli va oʻz oʻrnida  foydalanishga  chorlab qolaman, – deydi Rahmon bobo Qurbonov.

Birinchi suvratda: Koʻksini ordenlar bezab turgan Shaqqoz bobo Hasanov(chapdan ikkinchi) va yonida Rahmon bobo Qurbonov(chapdan birinchi). Ikkinchi qatorda ularning farzandlari Murodjon Hasanov va Gʻofurjon Qurbonov.

Ikkinchi suvratda:Besh farzandning onasi, bir umr muallimlik qilgan Xursandoy injener oʻgʻli Baxtiyorjon, kelini yakka tadbirkor, qandolatpaz Shohista va nevarasi Ibrohimjon bilan.   

Raʼno Zaripova,

Oʻzbekiston  Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi koʻmagida tayyorlandi.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.