Mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan Kavkazdagi Oʻzbekiston sanatoriysida ikkinchi jahon urushi ishtirokchilaridan bir guruhi dam olayotgani haqida avval xabar bergan edik. Ulardan biri yuzidan nur, soʻzidan samimiylik yogʻilib turgan, mushohadaga boy otaxonni bir koʻrishda-yoq pedogog boʻlsa kerak deb oʻyladim. Darhaqiqat, Samarqand tumanidagi Yuqori Arabxona mahallasida yashovchi Ahad bobo Ochilov urushdan keyin Samarkand davlat universitetining filologiya fakultetini tugatib, bir umr pedogogika sohasida ishlagan ekan.
Tasodifni qarang-ki, otaxon fashizmga qarshi kurashni aynan Kavkaz togʻlarida boshlagan ekan. Shoir “gʻalabaning oʻzi kelmaydi doʻstim, jon berib, qon kechib olasan uni” deganidek, otaxon urush dahshatlarini birinchi bor ana shu togʻlar bagʻrida his qildi. Bobo shunday deydi: Fashistlarning muddaosi Kavkaz togʻlari orqali oʻtib Ozarbayjonning neft konlarini bosib olish edi. Bizning muddaomiz ularning niyatini puchga chiqarish boʻldi.
Maxachqalʼada qattiq toʻqnashuv boʻlib, biz yigirmata tankimiz bilan ularning yuzdan ortiq tankiga qarshi jangga kirdik. Komandirimiz ”orqaga chekinish yoʻq, yo gʻalaba yo oʻlim” dedilar. Oʻshanda 1942 yilning oktyabr oyi boʻlib, men endigina oʻn sakkizga toʻlgan edim. Bizlarni Ashxaboddagi tankchilar maktabida sakkiz oy oʻqitishgani, tankni boshqarish va tank bilan jang qilish sanʼatini oʻrgatishgani qoʻl keldi. Ayovsiz jangda qanchadan qancha doʻstlarimizni yoʻqotdik. U paytlar koʻz yosh toʻkib, doʻstlar uchun tilovat qilib oʻtirishga ham vaqt yoʻq edi. Jangdan chiqib jangga kirardik. Farzandlar kelajagi uchun qon kechib, jon berib Kavkaz togʻlarini, pirovardida neft konlarini, oʻzligimizni asrab qoldik.
Koʻplab safdoshlarim boqiy olamga bosh qoʻygan bu tuproqni ziyorat qilib, ularning haqiga duolar qilishni orzu qilardim. Mana 77 yil oʻtib yana shu yerga kelish nasib qildi. Avvalo, Ollohga shukr. Qolaversa yurtboshimizga bizlarga koʻrsatayotgan gʻamxoʻrliklari uchun tashakkurimni bildiraman. Yana yonimda Samarqand davlat universitetini bu yil tugatgan nevaram Fariddunjon bilan kelib turibman. Bu men uchun katta baxt. Nabiram bilan kelib, shu yerlarni qayta koʻrishimga sharoitlar yaratgan mamlakatimizning rahbari omon boʻlsin. Keyingi yillarda Oʻzbekistondagi barcha sanatoriyga yoʻllanmalar berishdi. Bearmon borib davolandik. Biroq orzuim oʻzim urush dahshatlarini birinchi bor his qilgan joylarni koʻrish, yoshgina ketgan safdoshlarim qahramonliklari haqida nevaralarimga soʻzlab berish edi. Olloh shunga yetkazganiga shukr.
– Koʻksingizdagi nishonlaringiz bosib oʻtgan yoʻlingizni ifodalab turibdi. Shular haqida ham gapirishsak.
– Kavkazdagi jang maydonlari menga katta maktab boʻldi. 1943 yili “Za otvaga” medalimni shu yerlardagi, Kavkazdagi jasoratim uchun berishgan. Nomlarini ruscha aytaveraman, maylimi, qizim, – soʻraydi suhbatdoshim.
– Albatta, behijolat. Uni oʻzim oʻzbekchalashtirib olaman,– deyman otaxonga.
– “Qizil yulduz” ordenini 1944 yil berishdi. Soʻngra “Budapeshtni ishgʻol qilishdagi jasorati uchun” va “ Berlinni ishgʻol qilishdagi jasorati uchun” medallarini ham olishga muyassar boʻldim.
– U paytlar mana shu sanatoriy gospital boʻlgan ekan. Bu haqida sanatoriyga kiraverishda yozilgan peshtaxtada ham bitilgan.
– Ha, u paytlar bu yerda ikki qavatlik bino bor edi, xalos. Yaradorlar shu yerda davolanishar edi. Oʻzim bu yerda davolanmaganman. Yarador boʻlib yana safga qaytgan doʻstlarimdan eshitganman.
– Nevaralarga shogirdlarga oʻgitlaringiz.
– Oʻgʻil- qizlarimga, shogirdlarimga hayot juda qisqa, uning omonatligini his qilib, oʻtgan umringizdan afsuslanmaydigan boʻlib yashang, deya uqtiraman. Hayotingizda ilohiy deb hisoblagan va muqaddas sanagan narsalaringiz boʻlsin. Bular oilang, elu yurting deb tushirtiraman. Yaqinlaringizni ziyoratiga borishdan vaqtingizni ayamang. Deya oʻrgataman. Axir bu mehr, oqibat, oʻtganlarga hurmat, insoniy eʼtiqod boʻlib, aslida dunyoni ushlab turgan ham ana shu ezguliklardir.
Ahad bobo donishmandlarga monand falsafaona mushohada qiladi. Bu albatta, xalqimiz udumlariga ishonib, anʼanalarini ulugʻlab, atrofidagilarni eʼzozlab xalqimizning “kimni koʻrsang Xizir bil” deb, yashab kelayotgan turmush tarzidandir.
– Ahad bobo uzoq umr koʻrishning sirlari nimada deb oʻylaysiz?
– “Qirq yil qirgʻin boʻlsa, ajali yetgan oʻladi”,– deydi xalqimiz. Avvalo Ollohning yozmishidan deb bilaman. Qolaversa oila aʼzolarimning ahilligi, bir-biriga boʻlgan samimiy, nazokatli, nafosatli munosabatidadir. Ahil oilada qut-baraka ham boʻladi. Axir xalqimiz ”bir kun janjal boʻlgan uyda qirq kun baraka boʻlmaydi“, degan hikmatni bekor aytmagan.
Katta oila yetakchisi Ahad bobo olti farzandi, qirqdan ortiq nevara chevaralari qurshovida yashaydi. Minvoda shahrida samolyotdan tushganida Peterburg yuridik institutida oʻqiydigan nevarasi bilan kelini boboni kutib olishdi va sanatoriyga joylashtirib ketishdi. Ahad boboning omadi va yutugʻlari ham ana shunda: mehr –oqibatli farzandlar tarbiyalab, yurtga-elga munosib xizmat koʻrsatganidadir.
– Ahad bobo,pedogog sifatida sogʻlom avlod tarbiyasi, koʻpni koʻrgan inson sifatida yaqin qarindoshlarning oʻzaro qudachiligi borasida ham oʻz fikringiz bor, albatta.
– Sogʻlom farzandlar sogʻlom oilada tarbiya topadi. Buning uchun oʻzingizni oʻylab qarindosh bilan quda-anda boʻlishga intilmang, deb farzandu-shogirdlarimga oʻrgataman. Begonadan qiz olsangiz qarindoshlar safi kengayadi hamda farzandlar sogʻlom boʻlib dunyoga keladi, deb tushintirishga harakat qilaman. Mediklarning “Yaqin qarindoshga qiz bermang” degan maslahatlari hayotga qay darajada toʻgʻri kelishini bilish maqsadida aka- uka, opa- singillar quda boʻlgan oilalarning farzandlarini koʻp kuzatganman. Oʻshanday oila farzandlarining baʼzilarida nogironlik yaqqol aks etib turadi. Baʼzilarda jismoniy nogironlik koʻrinmaydi, biroq, zehni pastligi seziladi, darsni yaxshi oʻzlashtira olmaydi, salohiyatu farosatda ham kamchilik bilinadi Bilimga ham hushi yoʻqroq, tez-tez kasallanib turadigan boʻladi. Agar ota bobolarimizning turmush va tafakkuriga nazar solsak, ular insonning nasl-nasabiga, yetti pushtining tozaligi, avlodning sogʻligiga juda katta eʼtibor berganini koʻramiz. Amur Temur bobomizning soʻzlariga eʼtibor beraylik: ”Men kelin tanlash ishlarini davlat siyosati bilan tengma-teng qoʻydim” deya taʼkidlaganlar. Biz ana shu fikrlarni esdan chiqarmasligimiz, qarindoshdan qiz olib, qiz berish genetikaning buzilishiga olib kelishini tushintirishimiz kerak.
Umri davomida bobo minglab shogirdlarga murabbiylik qildi. Oʻzi ham ustozlardek namunali hayot kechirishga intildi. Men Ahad boboning soʻzlarini tinglar ekanman, ezgulik avvalo ota-onalarning qalbida, vujudida kurtaklaydi. Soʻngra avlodlarga koʻchadi, degim keladi. Feʼli tuproqdek xokisor, mushohadalari, ezguliklari quyoshdek yuksak ustoz murabbiyni yaqinlashib kelayotgan qurbon hayiti bilan qutlaymiz.
Raʼno Zaripova,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist
Maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi koʻmagida tayyorlandi.