Kecha yangi shakllangan parlament palatalarining  qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi 

0
173
marta koʻrilgan.

Joriy hafta mamlakatimiz siyosiy hayotida muhim voqealarga boy boʻlmoqda. Kuni kecha yangi shakllangan parlament palatalarining birinchi majlislari oʻtkazildi. Kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Qoʻshma majlisni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov ochdi. 

Oʻzbekiston Respublikasi davlat madhiyasi yangradi.

Muvaqqat kotibiyat va nazorat guruhi tuzilib, kun tartibi tasdiqlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida ijtimoiy sohalar sifatini yaxshilash hamda qamrovini kengaytirish, iqtisodiyotning ustuvor yoʻnalishlarini oʻrta va uzoq muddatda jadal rivojlantirish boʻyicha 3 yilda 30 dan ortiq konsepsiya va strategiyalar qabul qilinganini taʼkidladi. 

– Biz uzoq yillar katta-katta raqamlarga mahliyo boʻlib yurdik. Lekin bu raqamlar xalqimizga manfaat keltirmadi. Shu bois asosiy maqsadimiz aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromadni oshirish, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish va buni odamlar hayotida, dasturxonida sezadigan qilish. Oʻtgan yillarda birinchi qadamlar qoʻydik. Lekin hali koʻzlangan natijalarga erishganimiz yoʻq. Biron bir sohani mukammal deb ayta olmaymiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Hukumat zimmasiga yuklatilgan vazifalarni toʻliq uddalayapti, deyishga hali erta ekani, xalq koʻproq va aniq natijalar kutayotgani qayd etildi. 

– Joylarda juda koʻplab muammo va masalalar oʻz yechimini topishi zarur. Odamlarimizning talab va ehtiyojlari kun sayin oʻsib bormoqda, – dedi davlatimiz rahbari. – Shuning uchun, yangi hukumatning barcha aʼzolaridan oʻzi masʼul va javobgar boʻlgan sohalarga tanqidiy yondashib, kelgusidagi ishlarni ortigʻi bilan bajarish, xalqimiz va parlamentga berilgan vaʼdalar ustidan toʻliq chiqish talab etiladi. Bir soʻz bilan aytganda, amaliy natijadorlik va xalq manfaatlarini roʻyobga chiqarish hukumatning har bir aʼzosi faoliyatini baholashning asosiy mezoni boʻladi

Qayd etilganidek, kelgusi besh yil uchun yuqori iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, soliq-byudjet siyosatini takomillashtirish, sanoat tarmoqlari, energetika, transport, qishloq xoʻjaligi, uy-joy va kommunal sohalarni rivojlantirish borasida katta marralar belgilab olingan. 

Oxirgi ikki yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 44 milliard dollardan 58 milliard dollarga oʻsgan. Majlisda bu koʻrsatkichni ikki barobar oshirib, 100 milliard dollarga yetkazish, inflyasiya darajasini 5 foizgacha kamaytirish, ishlab chiqarilayotgan isteʼmol mahsulotlari hajmini koʻpaytirish hukumat, Markaziy bank va barcha darajadagi hokimlarning umumiy vazifasi boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.  

Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev yangidan tasdiqlanadigan hukumat oldida turgan asosiy vazifalarga toʻxtalib oʻtdi.  

Qishloq xoʻjaligida meva-sabzavotchilik va chorvachilik asosiy “lokomotivlar” boʻlishi kerakligi, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasida mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini keyingi besh yillikda 2,5 baravarga oshirish vazifasi taʼkidlandi. 

Suv resurslari kamayib borayotgan sharoitda kelgusi besh yilda sugʻoriladigan yerlarning kamida 30 foiziga tomchilatib sugʻorish va boshqa suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish orqali suv inshootlarining ekspluatatsiya va investitsiya xarajatlarini kamida 15 foizga qisqartirish muhimligi koʻrsatib oʻtildi.  

Davlatimiz rahbari iqtisodiyotni jadal rivojlantirish uchun neft-gaz va energetika tarmogʻidagi muammolarni hal etish lozimligiga eʼtiborni qaratdi.   

– Hukumat bu sohalarni transformatsiya qilish, ularga xususiy sektorni faol jalb etish, hisob-kitobni joy-joyiga qoʻyish orqali ortiqcha yoʻqotishlarni toʻliq qisqartirish va talon-torojliklarning oldini olish boʻyicha taʼsirchan choralarni koʻrishi zarur. Neft-gaz sohasida 2025 yilda yoqilgʻi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 5,2 million tonnaga oshirish, shundan 4,1 milliard dollarlik 5 ta obyektni bu yil ishga tushirish kerak. Keyingi besh yillikda elektr energiyasi ishlab chiqarishni kamida 80 milliard kilovatt-soatga yetkazish, shundan kamida 20 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga taʼminlash talab etiladi, – dedi Prezident. 

Chuqur tarkibiy oʻzgarishlar va yirik investitsiya loyihalari hisobiga togʻ-kon sanoatida mahsulotlar hajmini 2025 yilgacha 1,5 barobargacha, qurilish materiallari ishlab chiqarishni 3 karra koʻpaytirish muhim vazifalar sifatida belgilandi.  

Toʻqimachilik va charm-poyafzal sohalariga toʻxtalar ekan, Prezidentimiz bu tarmoqlarda mahalliy xomashyoni toʻliq qayta ishlab, 2025 yilgacha 8 milliard dollarlik eksportni taʼminlash masalasiga alohida urgʻu berdi.

Yuqori texnologiyalar asosida elektrotexnika sanoatini jadal rivojlantirish, maishiy texnika va sanoat elektr uskunalari, kabel mahsulotlari ishlab chiqarishni koʻpaytirish lozimligi qayd etildi. 

Davlat rahbari  avtomobilsozlik sanoatida 2023 yilgacha yengil va yuk avtomobillari hamda avtobuslar ishlab chiqarish hajmini 360 ming donaga yetkazish, shundan kamida 100 ming donasini xorijga eksport qilish soha masʼullari uchun asosiy marra boʻlishini taʼkidladi.  

Kimyo sanoati quvvatlarini modernizatsiya qilish, tabiiy gazni chuqur qayta ishlash asosida yangi yirik loyihalarni amalga oshirish, farmatsevtika sohasida keyingi besh yilda mahalliy dori vositalari hajmining ichki bozordagi ulushini 45 foizdan 70 foizgacha koʻtarish va eksportni 100 million dollarga yetkazish topshirigʻi belgilandi. 

Xorijiy turistlar sonini 12 million nafardan oʻtkazish uchun infratuzilmalarni yaxshilash, mehmonxonalarni koʻpaytirish, transport tarmoqlarini rivojlantirish va xizmatlar sifatini yuksaltirish zarurligi taʼkidlandi.  

– Barcha rejalarni roʻyobga chiqarish hisobiga ishsizlikni 7 foizgacha kamaytirib, yiliga kamida 500 mingta ish oʻrni yaratish, aholi daromadini 2 baravar oshirish yangi hukumat oldidagi muhim vazifa boʻladi, – dedi davlatimiz rahbari.  

Ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, oʻrtacha umr koʻrish davomiyligini 76 yoshga yetkazish, aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash, yoʻl infratuzilmasini yaxshilash, ehtiyojmand qatlamlarni qoʻllab-quvvatlashning aniq mexanizmlarini joriy etish boʻyicha ham vazifalar belgilandi.

 Prezident Shavkat Mirziyoyev  odamlarning yaxshi yashashga boʻlgan talablari ortib borayotganiga eʼtibor qaratdi.

— Endi kechagi natija bilan xalqimizni rozi qila olmaymiz. Bugungi kun talabi har kuni izlanish, yangilik yaratishdir. Shundagina xalqimiz hayoti yaxshi tomonga oʻzgaradi, — dedi davlat rahbari. 

Avvalo, qonun, farmon va qarorlar ijrosini toʻgʻri tashkil etib, amalga oshirilayotgan islohotlarni har bir tuman va qishloqqacha yetib borishini taʼminlash zarurligi taʼkidlandi. 

— Biz qancha mukammal qonun, farmon va qarorlar qabul qilmaylik, agar ular joylarda yetarlicha amalga oshirilmasa, shuncha mehnat va saʼy-harakatimiz natijasi sezilmay qolaveradi, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Shuning uchun vazirlik va idoralar hamda hokimliklar ishini oqilona va samarali yoʻlga qoʻyish hukumatning bosh vazifasi boʻlishi lozim. Endi har bir topshiriqning ijro etilgani qogʻozga qarab emas, erishilgan pirovard natijaga qarab baholanadi.

Har bir ijro organi oʻzi masʼul boʻlgan sohani oʻrta va uzoq istiqbolda rivojlantirish boʻyicha aniq reja va dasturlarga ega boʻlishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

— Endi ish faoliyatini faqat ishxonasida oʻtkazgan va qogʻozbozlikka berilib, amaliy natijani keyingi oʻringa tushirib qoʻygan rahbarlar bilan xayrlashamiz. Markazda oʻtiravergan vazirlar xalqqa nima kerakligini qayerdan biladi? Tarmoq va hududlar rahbarlari ish uslubini oʻzgartirib, masʼuliyat va javobgarlikni oʻz zimmasiga olishni oʻrganishi, oʻz aravasini oʻzi tortishi kerak. Oʻz vaqtida hal qilinmagan muammolar joylardagi aholi kayfiyati va turmush sharoitiga katta taʼsir koʻrsatishini bir soniya boʻlsa ham unutmasligimiz zarur, — dedi Prezident.

Davlat organlari faoliyati hamda amalga oshirilayotgan islohotlar ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishi ustuvor vazifaga aylanishi kerakligi belgilandi.

Qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyati oʻrtasidagi oʻzaro samarali hamkorlikni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish, ijroiya organlari rahbarlarining Oliy Majlis palatalari oldidagi hisobdorligini yanada oshirish zarurligi taʼkidlandi.


 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.