Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Soʻnggi yillarda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish borasida keng miqyosli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, oxirgi toʻrt yilda 27 ta tibbiy-ijtimoiy muassasalarda 267,2 milliard soʻmlik qurilish-rekonstruksiya ishlari bajarildi va zamonaviy talablarga mos boʻlgan 1327 ta oʻrinlar foydalanishga topshirildi.
Sanatoriylarda sogʻlomlashtirilgan keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar soni 43 ming nafarni tashkil etib, 20 foizga ortdi, oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga bepul taqdim etiladigan asosiy oziq-ovqat va gigiyena vositalari soni 15 tadan 19 tagacha oshirildi, nogironligi boʻlgan shaxslarga bepul beriladigan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarining roʻyxati 22 turdan 27 tagacha koʻpaytirildi.
Odam savdosidan jabrlangan 1 024 nafar fuqaroga tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya va psixologik qoʻllab-quvvatlash choralari koʻrsatildi.
Shu bilan birga, tibbiy-ijtimoiy xizmat koʻrsatish muassasalari faoliyatidagi kamchilik va muammolar keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga davlat tomonidan ijtimoiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan vazifalarni samarali hal etishga toʻsqinlik qilmoqda. Xususan:
birinchidan, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida davlat qaramogʻiga olingan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishni samarali boshqarish tizimi etarlicha shakllantirilmagan;
ikkinchidan, nogironlikning oldini olish va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmati sifati lozim darajada emas;
uchinchidan, keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga qulay sharoitlar yaratish boʻyicha tibbiy-ijtimoiy muassasalar moddiy-texnika bazasi holatida bir qator muammolar saqlanib qolmoqda;
toʻrtinchidan, tibbiy-ijtimoiy muassasalar xodimlarini moddiy qoʻllab-quvvatlash tizimi bugungi kun talablariga javob bermaydi;
beshinchidan, tibbiy-ijtimoiy muassasalarda maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy tadbirlar tizimli tashkil etilmagan;
oltinchidan, odam savdosidan jabrlanganlarga koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya choralari va psixologik qoʻllab-quvvatlash sifati yetarli darajada emas.
Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, ijtimoiy himoya va tibbiy-ijtimoiy yordamning zamonaviy mexanizmlarini amalga oshirishda yangi yondashuvlarni joriy etish maqsadida:
Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi va uning hududiy boʻlinmalari negizida Oʻzbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) va uning hududiy boʻlinmalari tashkil etilsin.
Belgilansinki:
Agentlik keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish sohasida vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;
Agentlik oʻz faoliyatida Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadi va hisobot beradi;
Agentlik direktori va uning oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Quyidagilar Agentlik tizimiga oʻtkazilsin:
a) “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari, Nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun hududiy reabilitatsiya markazlari, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriy va pansionatlar, Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va uning hududiy boʻlinmalari, Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish boʻyicha Respublika reabilitatsiya markazi;
b) Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hamda Nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi.
Quyidagilar:
a) Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilansin:
keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy-ijtimoiy xizmat koʻrsatish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
tibbiy-ijtimoiy muassasalarning, jumladan, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarining keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslarga xizmat koʻrsatish boʻyicha faoliyatini tashkil etish va boshqarish;
keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va ularga uslubiy rahbarlik qilish;
nogironligi boʻlgan shaxslarni tibbiy, kasbiy va ijtimoiy reabilitatsiya qilish sohasida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazilishini hamda mutaxassislar tayyorlanishini tashkil etish;
muhtoj shaxslarni protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan taʼminlash faoliyatini tashkil etish;
tibbiy-ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishning samaradorligini ilgʻor xorijiy tajriba va zamonaviy rivojlanish tendensiyalari asosida tahlil qilish va monitoring qilib borish;
tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati, nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish faoliyatiga tashkiliy-uslubiy rahbarlik qilish;
odam savdosidan jabrlanganlarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish va psixologik qoʻllab-quvvatlash tizimini muvofiqlashtirish;
nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari ijrosini tashkil etish;
b) “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarining asosiy vazifalari etib belgilansin:
keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy xizmat koʻrsatish, ularni sogʻlomlashtirish va qoʻllab-quvvatlash, ularning sifatli tibbiy-ijtimoiy yordam olishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy-huquqiy himoya qilinishini taʼminlash;
nogironligi boʻlgan shaxslar, jumladan bolalarni ijtimoiy moslashtirish, ularga oʻz qiziqishlaridan kelib chiqib kasb-hunar oʻrgatish;
dastlabki tibbiy yordam koʻrsatish, sogʻliqni saqlash tizimining yuqori malakali mutaxassislarini jalb etgan holda keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni har yili ikki marta dispanserizatsiyadan oʻtkazish, sanatoriylarda rejali sogʻlomlashtirish va ixtisoslashtirilgan statsionarlarda davolashni tashkil qilish;
keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni protez-ortopediya buyumlari, reabilitatsiya texnik vositalari (eshitish apparatlari, nogironlar aravachalari, hassa va qoʻltiqtayoqlar, yurish moslamalari), shaxsiy gigiyena vositalari bilan taʼminlash;
keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga koʻrsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni muntazam takomillashtirib borish;
maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy tadbirlar, shu jumladan konsert dasturlari tashkil etish orqali keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning madaniy hayotda faol ishtirokini taʼminlash;
keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning yurtimizdagi diqqatga sazovor joylar va ziyoratgohlarga tashriflarini tashkil etish;
taʼlim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirokida madaniy-maʼrifiy tadbirlarni oʻtkazish orqali yoshlarni keksalarni eʼzozlash ruhida tarbiyalash;
v) Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish boʻyicha Respublika reabilitatsiya markazining asosiy vazifalari etib belgilansin:
odam savdosidan jabrlanganlarni qulay yashash va shaxsiy gigiyena shart-sharoitlari, shuningdek, oziq-ovqat, dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash;
odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy moslashtirish sohasida xorijiy mamlakatlarning ilgʻor metodikalarini oʻrganish hamda amaliyotga tatbiq etish;
odam savdosidan jabrlanganlarga oʻz qiziqishlaridan kelib chiqib kasb-hunar oʻrgatish, ularning bandligini taʼminlashga koʻmaklashish;
nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda keng miqyosda ogohlantirish-profilaktika ishlarini tashkil qilish;
odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilishda koʻmaklashish.
Quyidagilar:
tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmati sifatini oshirish, ularda maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy tadbirlarni tizimli ravishda tashkil etish, tibbiy-ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimiga “autsorsing” asosida xususiy sektorni jalb qilish, tizim xodimlarining malaka va kasb mahoratini oshirish, ularni moddiy qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirishni nazarda tutuvchi Davlat tomonidan koʻrsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;
tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, jumladan, 35 ta muassasada 428 milliard soʻmlik qurilish-rekonstruksiya ishlarini olib borish va ularni 40 milliard soʻmlik jihozlar va texnika bilan taʼminlash, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi Tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Agentlik, vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlari “yoʻl xaritalari”da belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsan masʼul ekanliklari koʻrsatib oʻtilsin.
6. 2021 yil 1 apreldan boshlab:
a) “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatining:
rahbar va shifokorlar oylik lavozim maoshi 1,5 barobarga;
oʻrta va kichik tibbiyot xodimlari oylik lavozim maoshi 2 barobarga;
boshqa barcha xodimlar oylik lavozim maoshi 1,2 barobarga;
b) Agentlik markaziy apparati xodimlarining oylik lavozim maoshini 1,5 barobarga, uning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) boʻlimlari hamda Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi markaziy apparati va uning hududiy komissiyalari xodimlari oylik lavozim maoshi 1,2 barobarga;
v) “Saxovat” internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatida yashovchi yolgʻiz pensionerlarga shaxsiy sarf-xarajatlari uchun kamida toʻlanadigan oylik pensiya miqdori 10 foizdan 20 foizgacha oshirilsin.
Moliya vazirligi Agentlik bilan birgalikda:
a) uch oy muddatda “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari, Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati, Agentlik markaziy apparati, uning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) boʻlimlari, Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi markaziy apparati, uning hududiy komissiyalari xodimlarining oylik lavozim maoshi miqdori oshirilishi bilan bogʻliq xarajatlar uchun 2021 yilda Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha mablagʻ ajratish uchun “2021 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartirish kiritish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin hamda 2022 yil Davlat byudjetini shakllantirishda mazkur xarajatlarni inobatga olsin;
b) “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylaridagi keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning oziq-ovqat, shaxsiy gigiyena va dori vositalari taʼminoti uchun ajratiladigan mablagʻ miqdorini 2022-2024 yillarda bosqichma-bosqich oshirish, shuningdek, 2021 yilda mahalliy byudjetdan qoʻshimcha mablagʻ ajratish hisobiga “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylaridagi keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni shaxsiy gigiyena vositalari bilan toʻliq taʼminlashni moliyalashtirish choralarini koʻrsin.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi Agentlik, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha “yoʻl xaritasi”da yangidan qurish va rekonstruksiya qilish nazarda tutilgan obyektlarni 2022 yil va undan keyingi yillar uchun shakllantiriladigan Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritish choralarini koʻrsin.
Bunda tibbiy-ijtimoiy muassasalarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish boʻyicha tayyorlanadigan loyiha-smeta hujjatlarida muassasa faoliyati uchun zarur boʻlgan tibbiy, fizioterapiya va sport anjomlari bilan jihozlash nazarda tutilsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
oʻn kun muddatda mavjud muammolarni tezkor hal etish maqsadida tegishli hokim va uning oʻrinbosarlarini “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylariga biriktirsin;
bir oy muddatda Agentlik bilan birgalikda har bir tibbiy-ijtimoiy muassasadagi sharoitni oʻrganib, qoʻshimcha bino qurish, mukammal taʼmirlash va jihozlash, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun koʻtarish platformalari bilan taʼminlash, kutubxonalarni tashkil etish va ularning fondini boyitish yuzasidan hududiy chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin va ijrosini taʼminlasin;
uch oy muddatda tegishli binolar (xonalar), mebel, kompyuter texnikasi va aloqa vositalarini ajratish yoʻli bilan Agentlik barcha boʻlinmalarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlanishini taʼminlasin;
Moliya vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 mayga qadar “Saxovat” internat uylari hamda keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylarning har birini sayohatga moʻljallangan avtobuslar bilan taʼminlash uchun mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan zarur mablagʻlar ajratsin;
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan belgilangan tartibda turoperatorlar va turagentlar bilan shartnoma tuzgan holda muntazam ravishda “Saxovat” internat uylaridagi keksalarning respublikamizdagi diqqatga sazovor joylari va ziyoratgohlarga tashriflarini uyushtirsin;
tibbiy-ijtimoiy muassasalarni 2021-2024 yillarda bosqichma-bosqich zarur tibbiy va boshqa jihozlar bilan taʼminlash uchun mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin;
davriy ravishda uyda yashovchi, oʻzgalar yordamiga muhtoj yolgʻiz keksalar va faxriylar holidan xabar olish hamda ularga ijtimoiy-maishiy xizmat koʻrsatish choralarini koʻrsin.
Toshkent shahar hokimligi Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatida:
Agentlik va Moliya vazirliklari bilan birgalikda bir oy muddatda zamonaviy fizioterapiya boʻlimi tashkil etilishini hamda muassasada mavjud tibbiy uskuna va jihozlar yangilanishini;
2021—2022 yillarda mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan madaniy-maʼrifiy tadbirlarni oʻtkazish uchun yangi bino qurilishini va ushbu muassasaga tutash hududda Nuroniylar istirohat bogʻi tashkil etilishini taʼminlasin.
Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi ikki oy muddatda “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari, urush va mehnat faxriylari sanatoriylari, nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazlari hududlarida manzarali va mevali daraxtlar ekilishi, koʻkalamzorlashtirilishi va obodonlashtirilishini taʼminlasin.
Agentlik uch oy muddatda:
a) tibbiy-ijtimoiy muassasalarda qoʻshimcha va yordamchi funksiyalar (taom tayyorlash, kir yuvish, tozalash, texnik xizmat koʻrsatish, axborot-komunikatsiya taʼminoti va boshqalar) “autsorsing” xizmati orqali amalga oshirilishini joriy etish tartibini tasdiqlasin;
b) tibbiy-ijtimoiy muassasalarda pullik xizmat koʻrsatish tartibini tasdiqlasin, bunda:
“Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida shartnoma asosida pullik tibbiy-ijtimoiy xizmatning kunduzgi qatnov hamda internat tizimi (haftasiga 6 kungacha kelish) tashkil etilishi;
tibbiy-ijtimoiy muassasalarda koʻrsatiladigan pullik xizmatlarning 2 foizi miqdoridagi mablagʻlarni Agentlikning byudjetdan tashqari hisobvaraqasiga yoʻnaltirish tartibi nazarda tutilsin.
Sogʻliqni saqlash vazirligi:
a) tibbiy-ijtimoiy muassasalarda ishlovchi vrach va oʻrta tibbiyot xodimlarining Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi taʼlim muassasalari va tibbiyot markazlarida bepul malakasini oshirishni taʼminlasin;
b) tibbiy-ijtimoiy muassasalar xodimlarini Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot muassasalarida bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkazsin;
v) Agentlik bilan birgalikda bir oy muddatda tibbiy reabilitatsiya tizimini tubdan yaxshilash hamda “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik oʻtkazish va sogʻlomlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin.
Bunda, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida yashovchi keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning salomatlik koʻrsatkichlarini alohida dastur asosida muntazam ravishda baholab borish, ularni ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlariga biriktirish, bepul davolash va sogʻlomlashtirishni yoʻlga qoʻyish nazarda tutilsin;
g) Agentlik bilan birgalikda ikki oy muddatda “Muruvvat” internat uylarida yashovchi bemorlar uchun olinadigan dori vositalarini qayta koʻrib chiqib, ularning roʻyxatini tasdiqlasin.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2021—2024 yillarda tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boʻlimlarida ishlovchi ijtimoiy xodimlarning oliy maʼlumot olishi uchun respublika oliy taʼlim muassasalarida maqsadli kvotalar ajratilishini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Agentlikning 2021 yil may oyidan boshlab “Saxovat” internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatidagi keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni har yili bir marta Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi mablagʻlari hisobidan sanatoriylarda bepul sogʻlomlashtirishni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Agentlik Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan birgalikda:
bir oy muddatda “Saxovat” internat uylarida yashovchi keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni 2021 yilda sanatoriylarda sogʻlomlashtirish jadvalini;
har yili 1 oktyabrga qadar keyingi yil uchun “Saxovat” internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatidagi keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni sanatoriylarda sogʻlomlashtirish jadvalini tasdiqlasin.
Tibbiy-ijtimoiy muassasalarga tibbiyot muassasalari, oʻrta, professional va oliy taʼlim muassasalari 3-ilovaga muvofiq biriktirilsin.
Agentlik ikki oy muddatda:
Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda umumiy oʻrta taʼlim maktablari 10–11-sinf oʻquvchilari, professional va oliy taʼlim muassasalarining talabalari va yoshlarning biriktirilgan tibbiy-ijtimoiy muassasalarda “ikki avlod” uchrashuvlarini tashkil etish, ular bilan turli madaniy-maʼrifiy tadbirlarni oʻtkazish, ularning holidan xabar olish, taʼlim muassasalarida oʻtkaziladigan “keksalar maʼrifati” soatiga taklif qilish;
Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda biriktirilgan tibbiy-ijtimoiy muassasalarda hududiy tibbiyot muassasalari va respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari shifokorlari tomonidan koʻriklar va sogʻlomlashtirish ishlarini tashkil etish;
Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi bilan birgalikda tibbiy-ijtimoiy muassasalarda konsert dasturlari, maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy tadbirlarning yil davomida oʻtkazib borilishi yuzasidan reja-jadvalni tasdiqlasin va ijrosini tashkil etsin.
2021 yil 1 apreldan boshlab Agentlik tizimidagi “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida yashovchilarning sonidan qatʼi nazar 1 nafardan kutubxonachi shtat birligi joriy etilsin.
Agentlik:
a) Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari kutubxonalarini kompyuter texnikasi va boshqa turdagi orgtexnika, mebel, shu jumladan maxsus mebel hamda tegishli kutubxona uskunalari bilan jihozlash boʻyicha talablarni tasdiqlasin.
Bunda keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga xizmat koʻrsatish uchun oʻquv zallarini maxsus kompyuter jihozlari va boshqa qoʻshimcha vositalar bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilsin;
b) 2021 yil yakuniga qadar Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari kutubxona fondlarini milliy va jahon adabiyotining 100 ta eng yaxshi asarlari (bestsellerlari), davriy nashrlar (gazeta va jurnallar) bilan taʼminlasin;
v) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati, “Saxovat” internat uylari kutubxonalarining Internet jahon axborot tarmogʻiga ulanishini va ular uchun Milliy kutubxona elektron resurslaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlasin.
Belgilansinki, Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari kutubxona fondlarini toʻldirish, shuningdek, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar ushbu maqsadlar uchun ajratiladigan byudjet mablagʻlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar doirasida amalga oshiriladi.
Agentlik Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda tibbiy-ijtimoiy muassasalarning yillik ish rejasini tasdiqlasin va ijrosi monitoringini olib borsin.
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan ushbu Farmonning maqsad va vazifalari bosma va elektron axborot vositalarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻi orqali aholi oʻrtasida muntazam, tizimli va keng koʻlamda yoritib borilishini taʼminlasin.
Ushbu Farmonda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan:
Agentlik direktori zimmasiga – tibbiy-ijtimoiy muassasalarni rivojlantirish, keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini amalga oshirish taʼminlanishi uchun;
Sogʻliqni saqlash vaziri A.Xadjibayev zimmasiga – tibbiy-ijtimoiy muassasalarda keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni sogʻlomlashtirish ishlari tashkil etilishi uchun;
Xalq taʼlimi vaziri Sh.Shermatov, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.Toshqulov va Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Saʼdullayev zimmasiga – tibbiy-ijtimoiy muassasalarda keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning holidan xabardor boʻlish va yosh avlodni keksalarga nisbatan gʻamxoʻrlik ruhida tarbiyalash tashkil etilishi uchun;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga – tibbiy-ijtimoiy muassasalar qurilishi va rekonstruksiya qilish ishlari sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi, tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishi va ularning hududlari obodonlashtirilishi, keksalarni yurtimizning diqqatga sazovor joylariga va ziyoratgohlarga muntazam tashriflari uyushtirilishi uchun shaxsiy masʼuliyat yuklansin.
Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Ushbu Farmonning oʻz vaqtida va natijali ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Mazkur Farmon ijrosi 2021 yil avgust va 2022 yil yanvar oylarida koʻrib chiqilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV