Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining telegramdagi kanalida xabar berilishicha, 2020/2021 oʻquv yili qabulidan boshlab abituriyentlar 5 ta fandan test sinovi topshiradilar.
Test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi ikki boʻlimga ajratiladi. Birinchi boʻlimga barcha test topshiruvchilar uchun majburiy boʻlgan quyidagi uchta fan kiritiladi: ona tili (oʻzbek, rus yoki qoraqalpoq tili); matematika; Oʻzbekiston tarixi. Ikkinchi boʻlimga abituriyent tanlagan bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos ikkita fan kiritiladi.
Shu bilan birga, 2019/2020 oʻquv yili qabulidan boshlab, abituriyentlardan hujjatlar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi
Shuningdek, test sinovlari tashkil etilayotgan oʻquv yilidan avvalgi yillarda taʼlim muassasalarini tugatgan abituriyentlardan (nogironligi boʻlgan yoki toʻliq davlat taʼminotidagi shaxslar bundan mustasno) test sinovlarida ishtirok etishi uchun EKIH- eng kam ish haqining yarim baravari (101 ming 365 soʻm ) miqdorida toʻlov undiriladi.