“Kichik akademiya”ning ilmiy- amaliy festivali

0
828
marta koʻrilgan.

Poytaxtimizning Sirgʻali tumanidagi 300- ixtisoslashgan umumtaʼlim maktabi huzurida tashkil etilgan “Kichik akademiya”ning ilmiy- amaliy festivali boʻlib oʻtdi. Har oʻquv yili oxirida mazkur akademiyaning hisobot festivali oʻtkazilishi anʼanaga aylangan.

Bu yilgi yakuniy tadbirda oʻquvchilar tomonidan yaratilgan ilmiy, ijodiy va amaliy ishlar koʻrgazmasi uyushtirildi. Shuningdek, sport va madaniyat yoʻnalishidagi mashgʻulotlarda qatnashayotgan oʻquvchilarning tantanali chiqishlari namoyish etildi. Tadbirda ushbu  oʻquv yili davomida yutuqlarga erishgan oʻquvchilar, shuningdek, “Yilning eng yaxshi iqtidorli oʻquvchisi” nominatsiyasi gʻoliblari munosib taqdirlandi. Tadbir Respublika “Tasviriy oyna” ijodiy uyushmasi bilan hamkorlikda oʻtkazildi.

Festivalda Oliy taʼlim muassasalari, tuman hokimligi, xalq taʼlimi tizimi va OAVlari vakillari ishtirok qilishdi.

Maktab ”Kichik akademiyasi”ning kengashi tashkil etilgan boʻlib, u oʻn bir nafar salohiyatli pedogoglardan iborat. Uning raisi Malika Abdullayeva bilan suhbatlashdik.

Savol: Malika Maxmudjonovna, ushbu oʻquvchilar  akademiyasining maqsad va vazifalari nimalardan iborat?

Javob: Maktab “Kichik akademiyasi” 2005 yilda tashkil topgan boʻlib, oʻquvchilarning salohiyatini yuksaltirish, fanga qiziqishlarini oshirish va iqtidorlarini tarbiyalashdan iborat. Toʻrtta  yoʻnalishda ish olib boramiz. Fanlarga qiziquvchi oʻquvchilarni ilmiy-amaliy faoliyat yuritishga yoʻnaltiramiz. Maʼruza oʻqish, mavzu yoʻnalishini muhokama qila bilish fazilatlarini tarbiyalaymiz. “Bilimlar bellashuvi”ga, fan olimpiadalariga tayyorgarlik koʻrishda koʻmaklashamiz. Yosh ijodkorlar yoʻnalishida ijodiy ishlar v ularining yutuqlarini  ommalashtirishga yordamlashiladi.  Yosh tadqiqotchilar yoʻnalishida esa kichik ilmiy ish va ixtirolar yaratishda yordam koʻrsatiladi. Toʻrtinchi yoʻnalishimiz sport va madaniyat sohasiga qiziquvchi oʻquvchilarning iqtidorini tarbiyalashdan iborat boʻlib, tadbir, musobaqa, tanlovlarda shart-sharoitlar yaratib berishga intilamiz.

Savol: Oʻquvchilarning iqtidorini tarbiyalashda hamkor tashkilotlarning boʻlishi tabiiy. Ular haqida gapirib bersangiz.

Javob: Maktab “Kichik akademiyasi” oʻz faoliyatini amalga oshirish jarayonida Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti, Oʻzbekiston Davlat jahon tillari universiteti, Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti, OʻzRFA  Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi, Davlat geologiya muzeyi, Yunus Rajabiy uy muzeyi, Sirgʻali tumanidagi Bobur sanoat servisi” MCHJ korxonasi bilan hamkorlik shartnomalari asosida faoliyat yuritamiz.

Savol: Mana faoliyat olib borayotganizga oʻn uch yil boʻlibdi. Maktab Akademiyasining nomi, maqsad muddaosi amalga oshirayotgan ishlari ulugʻ,  oʻtgan yillardagi natijalar, samralar ham shunga yarasha boʻlsa kerak.

Javob:  Ayni kunda akademiyamizga 892 nafar oʻquvchi jalb etilgan. Usmonjon Erkinov sportning suv polosi yoʻnalishida va Nargiza Rahmonqulova esa milliy kurashda Oʻzbekiston chempionatida ikkinchi oʻrinni egallab turgani bizning faxrimiz. Shaxnoza Togʻaymuradova qilichbozlikda Osiyo chempionatida uchinchi oʻrin olib barchamizni xursand qildi. Nargiza Tohirova esa karate boʻyicha ikki karra, muay-tay boʻyicha bir karra Osiyo chempionligiga sazovor boʻldi. Shuningdek, Ulugʻzod Erkinov, Abdurasul Abdumajidov, Ulugʻbek Raimov yoshlar futbol jamoasida toʻp surib, turli chet davlatlarda sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kirishdi.

“Zulfiyaxonim qizlari”, “Yuksak maʼnaviyatli avlod”, “Vatan kuychisi” kabi koʻrik tanlovlarda munosib oʻrinlarni egallagan oʻquvchilarni esa sanab chiqish ancha vaqtni oladi. Bu yilgi innovatsion olimpiadada oʻquvchilarimiz toʻrtta sovrinli oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Savol: Maktab bitiruvchilarining keyingi yutuqlarini ham kuzatib eʼtiborga olib turasizlarmi?

Javob: Albatta, bizni qiziqtiradi. Masalan, Rustam Rahimov Koreya Respublikasida fan doktori darajasiga erishdi. Feruza Abdullayeva, Indira Rahimovalar ham Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universitetida doktorlik ishi ustida tadqiqot olib boryaptilar.

Savol: Akademiyaning faoliyati nihoyatda samarali ekanligi koʻrinib turibdi. Shioringiz?

Javob: Maktab “Kichik akademiyasi” oʻz nizomiga, ramziga ega. “Fikrimiz, jasoratimiz, ijodimiz- senga Vatan!” shiori ostida faoliyat yuritamiz. Maktab ”Kichik akademiya”sida faoliyat yuritayotgan iqtidorli oʻquvchilar va pedagoglarni yagona maksad birlashtiradi. U ham boʻlsa, ezgu fikr, ezgu soʻz, ezgu amal yaʼni ularning fikrini, ijodini, shijoatini Vatanga baxshida etishga yoʻnaltirish, yurtga muhabbat va milliy gʻurur tuygʻularini singdirishga intilish bosh maqsadimiz. Chunki, farzandlarimiz Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotini taʼminlashda hamda yurtimizning jahon hamjamiyatida munosib oʻrin egallashida eng asosiy omil, Vatan tayanchi va kelajagi hisoblanadi.

Suhbatdosh: Qiziqarli va mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.

 

Suhbatdosh: Javlon Saʼdullayev

Muallif olgan fotolar

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.