Kimyo sanoatini jadal rivojlantirish boʻyicha topshiriqlar berildi

0
164
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 oktyabr kuni kimyo sanoatini jadal rivojlantirish, tarmoqqa xorijiy investitsiya va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Maʼlumki, kimyo sohasi – zamonaviy sanoatning “katalizatori” boʻlib, har qanday ishlab chiqarish negizida kimyoviy jarayonlar yotadi, bu sohasiz iqtisodiyotda taraqqiyot boʻlmaydi.

Oʻzbekiston zaminida Mendeleev jadvalidagi barcha kimyoviy elementlar mavjud, mamlakatimiz uglevodorodlarga boy boʻlsa-da, kimyo sanoatimiz asosan qishloq xoʻjaligi uchun mineral oʻgʻit ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Qurilish materiallari, farmatsevtika, tekstil, mashinasozlik kabi tarmoqlar uchun zarur boʻlgan murakkab polimerlar, katalizatorlar, reagentlar va sintetik tolalar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmagan.

Buning oqibatida har yili 1,5 milliard dollarlik kimyo mahsulotlari import qilinmoqda. Ishlab chiqarilayotgan fosfor va kaliyli mineral oʻgʻitlar ham mavjud talabning faqat uchdan birini qoplaydi, xolos.

Murakkab mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish quvvatlari 60-70 foizga eskirgani energiya resurslarining ortiqcha sarflanishi, kimyo mahsulotlari tannarxining asossiz oshishiga olib kelmoqda.

Oʻtgan yildan boshlab, mineral oʻgʻitga talabni qondirish uchun 3,1 milliard dollarlik 17 ta investitsiya loyihasi amalga oshirila boshlandi. Bundan tashqari, kimyo sanoati mahsulotlarini diversifikatsiya qilish maqsadida 2025 yilgacha 4,2 milliard dollarlik yana 17 ta loyiha hayotga tatbiq etiladi.

Shuning uchun, kimyo tarmogʻiga xorijiy investitsiya va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, mahsulot hajmi va turini koʻpaytirish, sohaning eksport salohiyatini oshirish “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatining muhim va ustuvor vazifasi boʻlishi zarur.

Yigʻilishda tarmoqdagi kamchiliklarni bartaraf etish va kimyo sanoatini yanada rivojlantirish yuzasidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, tarmoqni rivojlantirish uchun yangi zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish zarur.

Bugungi kunda mamlakatimizda azotli oʻgʻitlarga talab 73 foiz, fosforli oʻgʻitlarga — 20 foiz taʼminlanmoqda. Azotli oʻgʻit ishlab chiqarish quvvatlarining oʻrtacha eskirish darajasi 64 foizni, fosforli oʻgʻit boʻyicha — 77 foizni tashkil qiladi.

Sohadagi vaziyatni yaxshilash maqsadida kelasi 5 yilda umumiy qiymati 2,8 milliard dollar boʻlgan 9 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan boʻlib, buning natijasida mineral oʻgʻit va sulfat kislotasi ishlab chiqarish hajmi 2 barobar koʻpayadi. Azotli va kaliyli oʻgʻitlarga talab toʻla qoplanadi, fosforli oʻgʻitlarga talabni qondirish darajasi bir necha barobar oshiriladi.

Ayni paytda tabiiy gazning bor-yoʻgʻi 14 foizi, jumladan, kimyo tarmogʻida 5 foizi chuqur qayta ishlanmoqda. Kremniy, kaolin va gips xomashyosidan kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish eʼtibordan chetda qolmoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan nooʻgʻit mahsulotlar, asosan polietilen, polipropilen, polistirolga xorijiy davlatlarda 100 milliard dollardan ortiq hajmda ehtiyoj mavjud. Bu esa biz uchun yaxshi imkoniyat.

Shu sababli, kimyo sanoatida mahsulot turlarini diversifikatsiya qilish uchun organik moddalar ishlab chiqarish boʻyicha 15 ta va noorganik moddalar boʻyicha 8 ta loyihani amalga oshirish koʻzda tutilmoqda.

Prezidentimiz mutasaddi rahbarlarga ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy investorlarni jalb qilish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Kimyo sanoatida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun tizimning moliyaviy barqarorligini taʼminlash lozim. Shu bois yigʻilishda “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatining moliyaviy ahvolini yaxshilash yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Shu bilan birga, sohaga innovatsiyalar umuman joriy qilinmagani, ilm-fan salohiyatidan samarali foydalanilmayotgani tanqid qilindi. Shuning uchun Koreya kimyo-texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti (KRICT) bilan hamkorlikda Toshkent kimyo texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti negizida ilmiy-tadqiqot, loyihalash va muhandislik, kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan markaz barpo etishni tezlashtirish zarurligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda mutasaddilarga belgilangan barcha vazifalar boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqib, uning ijrosini muntazam muhokama qilib borish topshirildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.