Har bir millat oʻz kelajak avlodida komillikni koʻrishni orzu qiladi. Oʻzbek xalqi oʻz madaniyati va maʼnaviyatida komil insonlar tarbiyasiga alohida eʼtibor bergan va bunday komillik dargʻalarini yetishtirish har bir zamonda muhim sanalgan.
Inson kamolotida esa jismoniy va maʼnaviy goʻzallik muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois bugungi kunda yurtimizda zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga ola biladigan, intiluvchan va sergʻayrat yoshlarni tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada Muhtaram Prezidentimiz boshchiligida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Alohida taʼkidlashni istaymanki, oxirgi yillar davomida mamlakatimizda Yurtboshimiz tomonidan olib borilayotgan kitob targʻiboti, kutubxonalar faoliyati, kitobxonlik, mutolaa madaniyatini oshirishga qaratilgan masalalar davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Bir soʻz bilan aytganda olib borilayotgan islohotlar bizga tom maʼnodagi 3 ta muqaddas tushunchalarni yaʼni, KITOB, KUTUBXONA va KITOBXONLIKni qaytarib berdi. Albatta, bu men kabi kutubxonachi xodimlarning kuchiga-kuch, gʻayratiga yanada gʻayrat bagʻishlaydi.
2025 yildan boshlab, madaniyat va sanʼat, axborot-kutubxona va muzeylar sohasida faoliyat olib borayotgan xodimlar ish haqi oshirilishi belgilanganligi biz soxa vakillarining quvonchiga yanada quvonch bagʻishladi. Chunki oxirgi yillarda kutubxonachilikni istiqboliga, ularning taraqqiyotini taʼminlashga qaratilgan koʻplab huquqiy-meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqildi. Zamonaviylikka uygʻunlashtirilgan islohotlar amalga oshirilayotgan bir paytda kutubxonachilarning ish haqi oshirilishi tarixiy voqea boʻldi.
Darhaqiqat, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat va sanʼat, axborot-kutubxona va muzeylar sohasida faoliyat olib borayotgan xodimlar ish haqi miqdorlarini oshirish toʻgʻrisida”gi qarorining qabul qilinishi mamlakatimizda kitob oʻqishga mehr uygʻotish, kitobxonlik madaniyatini yanada oshirish hamda soxa vakillarini ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash bilan birga 13 mingdan ortiq kutubxonalarda kamtorona faoliyat olib borayotgan necha minglab oilalarning iqtisodiy barqarorligini taʼminlashga qaratilgan muhim qadamdir.
Qarorga koʻra, davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi 2025 yil 1 yanvardan boshlab – 20 foizga; 2025 yil 1 iyuldan boshlab – yana 15 foizga oshiriladi.
Davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlarida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarning ish samaradorligini baholash (KPI) tizimi joriy qilinishi ham albatta madaniyat, sanʼat va axborot- kutubxona muassasalarining faoliyatini zamonaviy andozalar asosida, xalqaro maydondagi eng rivojlangan davlatlar kutubxonalari bilan bemalol boʻylasha oladigan darajada rivojlanishiga mustaxkam zamin yaratadi.
Yurtboshimizning barcha soxalar qatorida axborot-kutubxona soxasiga, kitobxonlikni rivojlantirishga taʼkidlagan ushbu soʻzlari: “Bizning ikkita oʻq tomirimiz, ikkita tayanch ustunimiz bor: biri – iqtisodiyot, biri – maʼnaviyatdir. Maʼnaviy buyuk xalq – iqtisodiy tomondan ham buyuk boʻladi”- deya ishonch bildirishini yuksak eʼtibor va eʼtirof deb qabul qilamiz. Oʻz navbatida katta masʼuliyat deb bilib, faoliyatimizni yangicha qarashlar bilan qayta koʻrib chiqamiz, ilmiy va ijodiy yondoshib ishlashga bel bogʻlaymiz. Albatta, bu yangilik kitobxonlar bilan ishlashning yanada yangi va taʼsirli shakllarini ishlab chiqishga undaydi.
Ayniqsa, ayni kunda faoliyatimizni samarasiga oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatayotgan kadrlar qoʻnimsizligiga barxam beriladi. Kutubxonachilik kasbi nufuzini. Imidjini koʻtaradi. Yoshlarimizni ushbu soxaga qiziqishini va bitiruvchilarni kutubxonaga boʻlgan intilishiga mustaxkam zamin yaratadi.
Hafiza Karimova, Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi direktori