Kitob – tafakkur xazinasi

0
1060
marta koʻrilgan.

Toshkent shahar «Bilim» Axborot – kutubxona markazida 1 oktyabr – “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni”ga bagʻishlangan «Sogʻlom va maʼnaviy yetuk avlod – yurt kelajagi!» shiori ostida «Bolalar kitobi» festivali boʻlib oʻtdi va kitob  koʻrgazmasi tashkil etildi.

Festival Toshkent shahar hokimligi, Matbuot va axborot boshqarmasi, turli tizimdagi axborot-resurs markazlari, Yoshlar ittifoqi, Madaniyat boshqarmasi, Xalq taʼlimi va Oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi boshqarmalari, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi shahar boʻlimlari hamkorligida tashkil etildi.

Ushbu tadbirni oʻtkazishdan maqsad — yosh avlodning ijodiy va intellektual salohiyatini qoʻllab-quvvatlash, bolalar va yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, oʻsib kelayotgan avlodni milliy mustaqillik gʻoyalari va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, intellektual rivojlangan va maʼnan barkamol qilib voyaga yetkazishda kitobning oʻrni va ahamiyatini yanada kengaytirish, yoshlarning milliy adabiyotga boʻlgan qiziqishini, kitobga boʻlgan hurmatini oshirishga hissa qoʻshishdan iboratdir.

Bolalar oʻrtasida kitobxonlik madaniyati va mutolaa madaniyatini yanada shakllantirib borishga hamda ularni mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan kutubxonalar, bolalar nashriyotlari va ular tomonidan nashr etilayotgan yangi bolalar adabiyotlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan kitob koʻrgazmasida yozuvchi va shoirlar, Toshkent Pedagogika kolleji oʻquvchilari, 182 va 184 maktab oʻquvchilari, axborot-kutubxona markazining faol kitobxonlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Festival doirasida «Bilim» axborot-kutubxona markazining kirish qismi va foyesida  mahalliy kitob savdo tashkilotlarining “Bolalar kitobi” mavzusida hamda axborot-kutubxona markazi tomonidan bolalar adabiyotlari koʻrgazmasi tashkil etildi. «Kitob – insonning qalb gavhari, tafakkur xazinasi» mavzusidagi adabiyotlar koʻrgazmasining taqdimoti hamda shoir va yozuvchilar bilan ijodiy uchrashuv oʻtkazildi.

“Inson tafakkurini takomillashuvida kitoblarning oʻrni beqiyosdir, kitob insonni doimo ezgulikka, komillika yetaklaydi va mening eng yaqin doʻstim kitob”, — deya taʼkidladi Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, Tong yulduzi gazetasi boʻlim mudiri, bolalar  shoiri Axtamquli. Yozuvchi Akbar Mirzo oʻzining hayotida, ijodiy faoliyatida kitobning oʻrni haqida gapirdi. Komil inson sifatida shakllanib, hayotda oʻz oʻrnini topishda kitob bilan doʻst boʻlish lozimligini taʼkidladi. Tadbirda faol  ishtirok etgan bolalarga kitoblar sovgʻa qildi.

Pedagogika kollejining iqtidorli yoshlari tomonidan tayyorlangan “Mening sevimli kitobim”, “Eng yaxshi koʻrgan sheʼrim” mavzusidagi badiiy chiqishlar, umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari ishtirokidagi “Kim bilimdon”, “Bolalar yozuvchi va shoirlarini bilasizmi?” kabi viktorina va kitobxonlik savol-javoblari, Toshkent shahar Uchtepa tumani Madaniyat uyi     ijodkorlarining musiqali chiqishi tadbirning yanada qiziqarli, mazmunli va koʻtarinki ruhda oʻtishiga munosib hrssa qoʻshdi. Ushbu koʻrgazma va qiziqarli uchrashuvlar ikki kun davom etadi.

  Zero, kitob oʻqish inson uchun muvaffaqiyat va saodat eshiklarini ochuvchi kalit boʻlib, yurtimiz kelajagi yoshlarnig yuksak salohiyatli boʻlib yetishishida oʻz xissasini qoʻshish xar bir maʼnaviyatli insonning burchidir.

Hafiza Karimova,

Toshkent shahar «Bilim» axborot-kutubxona markazi direktori.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.