Moskva shahrida ot sportining konkur yoʻnalishi boʻyicha Yevrosiyo ligasi Millatlar kubogining 4-bosqichida ishtirok etgan Oʻzbekiston jamoasi gʻalaba qozonib, final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.
Musobaqada MDH davlatlarining eng kuchli 11 mamlakatidan tashrif buyurgan sara chavandozlar ishtirok etishdi. Oʻzbekistonlik chavandozlar bellashuv yakunida eng yuqori koʻrsatkich qayd etib, joriy yil Ispaniyaning Barselona shahrida boʻlib oʻtadigan Millatlar ligasining final bosqichiga yoʻl oldilar. Shu tariqa, unda dunyoning eng kuchli jamoalari qatorida mamlakatimiz oʻgʻlonlari ham ishtirok etish huquqiga ega boʻldi. Musobaqada yurtimiz sharafini himoya qilgan qahramonlarimiz – Umid Komilov, Nurjan Tuyakbayev, Begzod Qurbonov, Oqil Sobirjonov, Bahromjon Gaziyev, Aʼzam Tolboyev oʻzbek xalqi azal-azaldan uloq musobaqalari uyushtirib kelgan chavandozlar yurti ekanligini namoyon qilishdi.
GUJUM.UZ tahririyati ham yurtimizni sharaflagan ot sporti vakillarini yutuqlar bilan qutlaydi. Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasini ham navbatdagi muvaffvqiyatlar bilan muborakbod qiladi. Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti jamoasiga yutuqlar bardavom boʻlishida samimiy tilakini bildiradi.