Toshkent shahar Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining 2024 yildagi birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Korrupsiya – mamlakat taraqqiyoti va iqtisodiyoti zavoli, sogʻlom turmush tarzining uvoli ekanligiga alohida urgʻu berildi. Poytaxtdagi maʼsuliyatli tashkilotlar bilan birga ushbu masalalar muhokama qilindi.
Kengashning navbatdagi yigʻilishida Davlat organlarining oʻz faoliyatida Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilgan ishlari yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi birinchi oʻrinbosari – Toshxoʻdjayev Doniyor Baxtiyorovich, Toshkent shahar Adliya boshqarmasi boshligʻi – Muxammadiyev Noʻmon Usmonovich hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent shahar boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari – Xodjayev Abdulxay Xasanboyevichlarning hisobotlari eshitilib, korrupsiyaning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama etildi.
Shuningdek, yigʻilishda Davlat tashkilotlarining oʻz faoliyatida Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilgan ishlari yuzasidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari – Murodov Alisher Baxtiyor oʻgʻlining hisoboti eshitilib korrupsiyaviy omillarga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.
Kengash yigʻilishi kun tartibidan oʻrin olgan Toshkent shahar Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashining 2024-yil birinchi yarim yillik ish rejasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masala ham hududiy kengash aʼzolari tomonidan koʻrib chiqildi.
GUJUM. UZ