Kutubxonachi qanday boʻlishi kerak?

0
1107
marta koʻrilgan.

Al Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filialida  “Viloyat axborot-kutubxona, axborot-resurs markazlari faoliyatida kitobxonlik madaniyatini targʻib qilish masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarning samaradorligi” mavzusida seminar-trening boʻlib oʻtdi.

Ushbu tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan tashkil etildi. Unda viloyat Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar  boshqarmasi boshligʻi Dilbar Bekchanova maʼruza qildi va seminar-treningni olib bordi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar Dasturi toʻgʻrisida” 2017 yil 13 sentyabrdagi PQ-3271-son qarori ijrosi yuzasidan sohada   oʻtgan davr ichida qator ishlar amalga oshirildi. “Namunali kitob doʻkoni”, “Eng kitobxon oila”, “Yosh kitobxon”, “Oʻzim oʻqigan  maktabga kitob sovgʻa qilaman”, “Eng kitobxon maktab”, “Kitob-bebaho xazina”  loyihalari doirasida turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar, bayramlar, kitob koʻrgazmalari, kitob savdosi yarmarkalari, shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlar, yangi kitoblarning taqdimotlari  tashkil qilindi. 

Dasturda belgilangan vazifa va topshiriqlarning ijrosini taʼminlash, kitob mahsulotlarni nashr etish va tarqatish tizimini takomillashtirish, axborot kutubxona faoliyatini rivojlantirish, kitob targʻiboti, kitobxonlik madaniyatini  yanada yuksaltirish borasida tegishli idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda qoʻshma qaror qabul qilinib, ijroga qaratildi.            

Seminarda Oʻzbekiston xalq artisti Gavhar Matyoqubovaning “Lazgi”  nomli tarixiy kitobining taqdimoti oʻtkazildi. “Toʻmaris avlodi” jurnali muharriri Sharqiya Eshchanova mazkur kitobning maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyati haqida gapirdi. Viloyat  axborot- resurs markazi  boʻlimi mudiri Muqaddas  Abdukarimova “Kitob –tafakkurimizga ozuqa beruvchi moʻjiza” mavzusida Qayqovusning “Qobusnoma” kitobining yangi nashri haqida,    filologiya fanlari nomzodi, ogahiyshunos olima Madina Matyoqubova “Matnazar Abdulhakimning  poetik mahorati”, viloyat axborot-resurs markazi direktori oʻrinbosari Galina Saurova “Kutubxonada mutolaa va kutubxonachi madaniyati: Oʻn savolga toʻgʻri oʻn javob” mavzularida koʻrgazmali targʻibot vositalari yordamida  chiqishlar qilishdi.

 Seminarda viloyat  hokimligining yetakchi mutaxassisi Rustam Ahmedov,  Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari G.Ibadullayeva mutolaa madaniyati xususida oʻz fikr — mulohazalarini bildirdi.

 Tadbirda viloyat axborot-kutubxona, axborot-resurs markazlari xodimlari, shoir va yozuvchilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, universitet pedogog va  talabalari ishtirok qildilar.

Seminar  “Kutubxonachi qanday boʻlishi kerak?” mavzusida savol-javob, oʻzaro fikr-mulohazalar, tahlillar bilan  yakunlandi.

Gulyor Palvanova,

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali talabasi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.