Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov: Muhimi, hamkor tanlashda adashmadik

0
247
marta koʻrilgan.

Men bir ijodkor, oʻzbek qizi, jumladan Xorazm farzandi boʻlganim uchun Jaloliddin Manguberdi haqidagi tarixiy serial yaratilayotganidan benihoya xursandman.

Ijtimoiy tarmoqlarda bosh rolni kim ijro etishi haqida turli xil munozaralar ham boʻldi. Ushbu sevimli tarixiy obrazni kim ijro etishi emas, eng asosiysi,  tariximiz toʻgʻri talqin qilinishi muhim. Jaloliddin Manguberdi kabi Vatan uchun jon berib, qon kechgan buyuk shaxsni butun jahon ahli bilsa bas, degan fikrlar kechgan koʻnglimdan.Axir bu yoshlarimiz, farzandlarimiz qalbida Vatan tuygʻusini yuksaltiradi.

Shuning uchun Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning Turkiyaga safarini ijodkor, jurnalist sifatida  madaniyat.uz sayti orqali qiziqish bilan kuzatdim. Xalqimizning milliy qahramoni obrazi yaratilayotgan ushbu serial «Muhtasham yuz yil» va “Ertugʻrul” serialidek  sevilib tomosha qilinishini istayman.  Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning madaniyat.uz saytidagi quyidagi fikrlari ham film ijodkorlariga  boʻlgan   ishonchimizni yanada  oshiradi:

–  Mana, nafaqat turkiy xalqlar, balki butun dunyoga maʼlumu mashhur, barchaning hurmatini qozongan «Tekden film» va «Boʻzdagʻfilm» boshqaruv kengashi raisi Mehmet Boʻzdagʻ bilan tanishib, hamkorlik qilayotganimizga ham ikki yil boʻlibdi.

Bu insonga hurmatim, ayniqsa, uning ssenariysi va prodyuserligida yaratilgan “Ertugʻrul” serialini tomosha qilganimdan soʻng yanada oshdi. Ushbu kinoasar juda mukammal yaratilgani uchun ham butun tarixga boʻlgan munosabatim tubdan oʻzgardi. Va oʻshanda Prezidentimiz topshirigʻi bilan, yaʼni Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi yoʻlida belgilangan Harakatlar strategiyasiga muvofiq millatimizning asl qahramoni Jaloliddin Manguberdi haqidagi tarixiy serialni suratga olish ishlarini aynan shu inson koʻmagida amalga oshirishimiz mumkinligini tushundim.

Doʻstimizga hamkorlik taklifini berganimda, bildirgan fikrlaridan tanlov borasida adashmaganimni angladim. Tarixni yaxshi koʻradigan, bunda har bir detalni nazardan chetda qoldirmaydigan, asosiysi, oʻzbek millatini sevadigan, unga bildirilgan ishonchni oqlash yoʻlida butun tarixiy asarlarimizni, adabiyotlarimizni katta qiziqish bilan oʻqib-oʻrgangan inson, oʻz kasbining haqiqiy ustasi bilan hamkorlikda ishlayotganimdan xursandman.

Biz ushbu film orqali oʻzbek millatini butun dunyoga olib chiqishimizga, hammaga asl tariximizni koʻrsata olishimizga ishonamiz. Buning uchun har birimiz bor kuchimizni ishga solamiz.

Nasib etsa, yaqin kunlarda, avvalo, xalqimizga “Mendirman Jaloliddin” teleserialini taqdim etamiz.

Ozodbek Nazarbekov taʼkidlaganidek, mening ham film ijodkorlariga “Ertugʻrul” serialining yaratuvchilari ekanligini bilganimdan keyin yanada ishonchim ortdi. Tugʻ qadimiy turkiycha soʻz boʻlib, bugungi tilda bayroq degan maʼnoni bildiradi. Buvim rahmatlik bayroqni tugʻ deb ishlatar edi. Bu soʻz bizning tilimizda yaqin — yaqinlarda ham qoʻllanilardi. Er-oʻgʻlon demak. Ertugʻrul soʻzi- yurt bayrogʻini baland koʻtargan oʻgʻlon degan maʼnoni anglatadi, menimcha.

– «Ertugʻrul»  serialida davlat muhri haqida gap boradi. U kimning muhri edi? – deya dugonam soʻrab qoldi.

– Bizning hududimizda qadimda milliy davlatchilikka asos solgan tarixiy shaxs — Oʻgʻizxon! Bu haqida temuriyzoda, alloma Mirzo Ulugʻbekning  «Toʻrt ulus haqida»gi kitobida, shuningdek, Xorazmshoh Abulgʻozi Baxodirxonning «Shajarai turk»asarlarida ushbu manba haqida fikrlar mavjud. Oʻqib koʻrishingizni tavsiya qilaman, – deya javob berdim.

Goʻzal tariximizni, fidoyi ajdodlarimizni “Mendirman Jaloliddin” teleseriali, Jaloliddin Manguberdi obrazi  orqali jahon ahliga tanishtirishlarida film ijodkorlariga omadlar tilab qolaman.

Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.