8 mart xotin-qizlar kuni — goʻzallik, nafislik va latofatlik bayramidir. Odamlar ushbu bayramni sevgi, mehribonlik va goʻzallik bayrami sifatida nishonlaydilar. Bahor va Ayol tushunchalari qanchalik bir-birini bogʻlab turishiga yana amin boʻlmoqdamiz va buni chuqur anglamoqdamiz.
Tabiat ayollar bayrami bahorning birinchi kunlariga kelib tushishi huddi ayollar goʻzalligini nafis gullar bilan taqqoslaganligi ham bekor emas. Ushbu bayramda erkaklar oʻz onalariga, turmush oʻrtoqlariga va qizlariga gullar va eng samimiy tilaklar bilan sovgʻalarni beradilar. Bizlar uchun naqadar Aziz boʻlgan ayollar shu kunlarda yanada eʼzozlanadi, koʻklarga koʻtariladi. Darxaqiqat, bizlar uchun muqaddas boʻlgan onalarimizni, aziz opa-singillarimizni xar qancha eʼzozlasak arziydi.
Toshkent shahrida 8 mart — Xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Ayol borki-olam munavvar” shiori ostida poytaxtimiz tumanlarida turli madaniy-maʼrifiy bayram tadbirlari tashkil qilinmoqda. Ana shunday tadbirlar poytaxtimizning Bektemir, Uchtepa va Mirzo Ulugʻbek tumanida oʻtkazildi. Unda yetti yuzga yaqin ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogiron ayollar, notoʻliq oila aʼzolari, koʻp bolali onalar, shuningdek, mehnat faxriyalari ishtirok etdilar. Tadbirda soʻzga chiqqanlar jamiyatimiz ravnaqiga hissa qoʻshayotgan bir guruh xotin qizlarimizga esdalik sovgʻalari ulashdilar va sanʼatkorlar tomonidan kuy va qoʻshiqlar ijro etildi.
Har yili 8 mart kuni ayollarga, onaalarga, opa-singillarimizga turli tuman sovgʻalar olinadi. Bu kun ayollar oʻzlariga oro berishadi, sovgʻalar olishadi, qisqasi, bayramni haqiqiy bayramdek oʻtkazishadi. Yilda bir marotaba goʻzal opa-singillarimiz uy ishlaridan biroz chekinishadi, aynan shu kuni erkaklar roʻzgʻorning yengildek koʻringan va oxiri yoʻq yumushlarini his qilishadi… Yana bir bor bayramingiz bilan deymiz – aziz ayollar!
Toshkent shahar hokimligi
Axborot xizmati