Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi Paxtaobod qishloq xoʻjalik kasb-hunar kollejida ushbu loyihaning ilk mahorat darsi oʻtkazildi. Bir qator xalqaro olimpiadalar ishtirokchisi, yosh dasturchi, «Yoshlar ovozi» respublika ilmiy-amaliy konferensiyasining mutloq gʻolibasi Dilobar Qorabekova klubning ilk treningini boshlab berdi.
Trening asosini ochiq muloqot tashkil etdi. Klub ishtirokchilari savollarining asosiy qismini toʻgʻri kasb tanlash, kelajakdagi orzularga yetishishda toʻsiq boʻlayotgan qoʻrquvdan qanday qilib xalos boʻlish haqidagi mavzular tashkil etdi va bu qizgʻin bahs-munozaraga aylanib ketdi.
“Bundan bir necha yil ilgari Jahon tillari universiteti talabasi boʻlgan Gavhar Sagdullayeva asos solgan loyiha qizlarning hayotda oʻz oʻrnini topishlari, jamiyatda faol boʻlishlari, ularning hayotga boʻlgan qiziqishlarini oshirish, oʻziga boʻlgan ishonchni yanada mustahkamlash yaʼni, ham ruhan, ham maʼnan, ham jismonan sogʻlom boʻlishlari uchun koʻmaklashib kelyapti. Endilikda bu loyiha sirdaryolik qizlarning jamiyatda oʻz oʻrinlarini topishlariga koʻmaklashadigan eng yaqin doʻsti, qanotiga aylanadi», – deydi loyihaning faoliyatini Sirdaryoda olib borishga ahd qilgan Aziza Abiyerqulova.
AZIZA ASQARJON QIZI