Urganchdagi “Ziyokor” kitob doʻkoni sohibasi Toʻxtajon Abduraxmonova Xorazm viloyatida oʻtkazilgan “Namunali kitob doʻkoni” koʻrik-tanlovida I-darajali diplom va kompyuter jamlanmasi bilan taqdirlandi.
Viloyatda boʻlib oʻtgan kitob bayrami doirasidagi tanlovda 21 ta kitob doʻkoni chuqur oʻrganildi. Urganch shahridagi “Xorazm maʼrifati” xususiy korxonasiga qarashli “Ziyokor” kitob doʻkoni mudiri Toʻxtajon Abduraxmonova birinchi oʻrinni olganida tantana ishtirokchilari mehnat faxriylari mustaqil yurtimiz faxri ekanligini taʼkidlashdi.
Bu ayolning gʻayratiga, shijoatiga qarab uni mehnat nafaqasida deb oʻylamaysiz. “Inson uchun birinchi baxt uning sogʻligi, ikkinchisi goʻzallikdir” degan edi donishmand Aflotun. Goʻzallik deganida, albatta tashqi qiyofa emas, qalb goʻzalligi, ezgu harakatlarning chiroyliligi nazarda tutiladi. Toʻxtajonning ana shunday orzulari ezgu, harakatu amallari ezgu!
Allomalar nafaqaga chiqqan davrni ikkinchi hayotning boshlanishi, insonning aqliy toʻlishgan davri deyishadi… Zero, yoshlikda odam oila, roʻzgʻor, bola-chaqa parvarishi, xizmatchilik deb yelib-yugiradi. Vaqtni, hayotni shamoldek oʻtyotganini sezmay qoladi, biroq, bu jarayonida tajriba toʻplaydi. Mutaxassis boʻlib yetishadi. Bola tarbiyasida ham oʻz fikriga ega boʻladi. Shuning uchun xalqimiz dono qariyani oqar daryoga qiyoslaydi. Toʻxtajon Abduraxmonova uzun hayot yoʻlini bosib oʻtdi. Hozir esa taʼbir joiz boʻlsa, keksalikning gul davrida. Uning nafaqaga chiqqaniga oʻn yilga yaqinlashdi. Oʻtgan oʻn yil uning uchun hayotining eng goʻzal davri – yuksalishlar davri boʻldi. Allomalarning”axmoq uchun keksalik jabru jafo, johil uchun umrning qishi, donishmand uchun-oltin kuz”degan soʻzlarini ishlatsak, keksalik uning uchun oltin kuz boʻldi.
U bir umr kitob magazinida ishlab keldi. Mehnat faoliyatini oʻn sakkiz yoshida kitob doʻkonida oddiygina sotuvchilikdan boshlagan Toʻxtajon Abduraxmonova bu kasbga bir umrga bogʻlanib qoldi. Keyinchalik kitob magazinining mudiri boʻldi. Bu orada toʻrt farzandni tarbiyalab er-xotin qoʻsh qanot boʻlib voyaga yetkazishdi. Mamlakat istiqloli uning hayotini yanada nurga toʻldirdi. Magazinni xususiylashtirib olishdi.
Magazin Urganch shahrining qoq markazida Partov koʻchasida joylashgan edi. Torgina koʻchada pastqam uylar turnadek tizilgan boʻlib, koʻrimsizgina bu yerni kitob magazini nurga toʻldirib turardi. Ziyo maskani hamisha gavjum boʻlib, el odamlariga nur ulashardi. Yoshu qari u yerni “Toʻxtajon opaning magazini” derdi. Shaharliklarning bari bu joyni yaxshi bilardi. Chunki, hammaning uyida farzandi bor, ular kitob oʻqiydi. Hayot ana shunday bir tekis oqardi. Ertalab eri ishga tashlab ketadi. Kechqurun olib ketadi. Ertalab bolalarini bogʻchaga, maktabga berishadi Kechqurun yigʻib chiqishadi.
Ishxonada esa kuni bilan odamlar orasida, biri u kitobni biri bu kitobni soʻrab keladi. Odamlarning tabiatiga qarab kitob tavsiya qiladi. Buning uchun kitob olamidagi yangiliklarni avvalo oʻzi bilib olardi. U kitoblarni mutolla qilgan sari bu olamga qattiq bogʻlanib borardi.
Nafaqaga chiqsa ham sevimli faoliyatini davom qildirib. yurganida boshida qora bulut paydo boʻldi. Ham erini yoʻqotdi ham butun umriga, hayotiga guvoh boʻlgan doʻkoni yer bilan tekis qilindi. Bu yoʻqotish uning qalbini larzaga soldi. Dunyo koʻziga qarongʻu boʻlib koʻrindi. Axir uning butun umri shu maskan bilan bogʻlik. Bu yerda baxtini topdi, bu yerda kasbga boʻlgan muhabbatni koʻngliga tugdi. Axir, qirq uch yil boʻlibdi-ki, bu maskan uning ikkinchi uyiga aylangan edi… Mamlakatimiz mustaqqil boʻlib xususiy mulkchilikka yoʻl ochilgach, oʻzi ishlagan magazinni xususiylashtirib olganida bir quvondi. Kitob savdosi yanada gullab-yashnaganida, istiqlolni alqadi. Elga ziyo ulashib, oʻz oilasi farovonligiga munosib hissa qoʻshib turgan doʻkoni buziladigan boʻlib qolganida, gangib qoldi. Necha-necha tunlarni yigʻlab bedor oʻtkazdi. Kuyindi, ogʻrindi, Biroq, qarilik nafaqasida boʻlsa ham oʻzini, qaddini tiklashga va doʻkonni qayta gullatishga kuch topa oldi. “Nima-ki boʻlsa, yaxshilikka yoʻymoq kerak ekan. Davlatimiz eski doʻkonimni buzgani uchun evaziga 40 million mablagʻ berdi. Unga qoʻshimcha davlatdan kredit ham oldim va yangi qurilishni boshlab yubordim. Koʻz qoʻrqoq qoʻl botir degani shu boʻlsa kerak. Yangi koʻchada yangi magazinim qaddini koʻrsatgan sari gʻam – tashvishlarim unitildi” – deydi u. Uning gaplarini tinglab, uning umr yoʻliga qarab, hayotini kuzatib, inson ana shu ulugʻvor olamning bir zarrasi ekanligini, kishi jamiyatdan ayro yashay olmasligini, undagi oʻzgarishlar inson taqldiriga ham taʼsir etishini anglab yetamiz.
“Urganch shahrining bosh rejasini amalga oshirish, obodonlashtirish ishlarini va Xorazm viloyati aholisini ichimlik suvi taʼminotini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi mamlakatimizning birinchi prezidenti qarori aslida nur ustiga nur boʻldi. Ushbu qaroru farmoyishlar asosida ishchi kommisiyasi tuzildi, viloyatni ijtimoiy iqtisodiy-rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga qaratilgan majmuaviy dasturlar ishlab chiqildi.
Mazkur dasturlar asosida viloyat, jumladan, Urganch shahri ulkan qurilish maydoniga aylantirildi. 2013–2017 yillarda Urganch shahrining ijtimoiy bozor infratuzilmasini rivojlantirish va arxitektura qiyofasini oʻzgartirish boʻyicha 127 ta chora-tadbirlarning bajarilishi belgilandi. Oʻtgan yillar ichida ushbu qadimiy va navqiron shahar butunlay yangi qiyofaga ega boʻldi. Ana shu ulugʻvor oʻzgarishlarga Toʻxtajon ham munosib hissa qoʻshdi, desak arziydi. Yana qanday paytda qarilik gashtini surib oʻtiradigan bir davrda! “Ancha qiynaldim, biroq, koʻrib turibsiz zamonaviy kitob doʻkoni vujudga keldi. Bu yerda nafaqat ushbu doʻkon qaytadan barpo etildi, balki ushbu koʻcha qayta qurildi. Har kuni ishga kelayotganimda ravon yoʻllar, shinam va koʻrkam binolar, goʻzal yoritgichlar qoʻyilgan koʻchamizni koʻrganimda quvonaman. Ishxonamga kirib esa yana bir quvonchimga ming quvonch qoʻshiladi. Gavjum doʻkonimni, ziyoga intilayotgan xaridorlarni koʻrib dilim yanada ravshanlashadi. – deydi doʻkon direktori Toʻxtajon Abduraxmonova.
Keyingi yillarda shaharning bosh maydoni yonida Yangi Urganch koʻchasi qad rostladi. Bu yerda dehqon bozori zamonaviy loyiha asosida qaytadan qurildi. Shuningdek, “Toʻmaris” nomli uch qavatli gipermarket shahar husniga husn qoʻshib turibdi. U ona bolalar uchun juda qulay sharoitlarga ega. Qishda issiq, yozda salqin. Yangi Urganch koʻchasiga parallel joylashgan shoir Partov nomidagi koʻcha ham Toʻxtajon aytgandek, qaytadan qad rostladi. Bir paytlar bu yer pastqam eski uylardan iborat boʻlgan boʻlsa, yangi loyihaga koʻra xalq amaliy sanʼati namunalarini xarid qilish mumkin boʻladigan zamonaviy va milliy uslubdagi oʻziga xos savdo-sotiq tarmoqlari koʻchasiga aylantirildi. Qayta barpo etilgan Partov koʻchasi Toʻxtajon Abduraxmonovaning “Ziyokor” kitob magazinidan boshlanadi. Ushbu doʻkon ham milliy arxitektura uslubidagi koʻchaga monand ravishda qaytadan barpo etildi.
Bu kitob doʻkonining qayta ishga tushgan kunini Toʻxtajon hech unitmaydi. Oʻsha kuni qaytadan bunyod etilgan Urganch aeroportining ochilishi ham boʻlgani, magazin ochilishi tantanasida viloyat hokimi oʻrinbosari, senator Sayyora Abdukarimova ham qatnashgani xususida zavq-shavq bilan gapiradi.
Uning soʻzlarini tinglab, men ham qadrdon shahrim Urganchda deyarli har kuni biror inshoatning ochilish tantanalarida qatnashish mumkinligini faxr va zavq-shavq bilan yurakka tuydim.
Zero, men Toʻxtajon bilan qayta bunyod etilgan koʻrkam va soʻlim goʻshalardan biri “Yoshlik” koʻchasining Turizm va mehmonxona xoʻjaligi kasb-hunar kollejida boʻlib oʻtgan kitob bayramida tanishdim. Birinchi marta talabalarni qabul qilishga shay turgan bilim dargohida ziyoga yoʻgʻrilgan ilk tadbir – “Adabiyotga eʼtibor – maʼnaviyatga, kelajakka eʼtibor”shiori ostidagi Respublika “Kitob bayrami”ining Xorazm viloyati tadbirlari tantanali tarzda oʻtkazildi. Ushbu bayramda Toʻxtajon yangi kitoblarning koʻrgazmasini ham uyushtirishda qatnashdi.
“Kitob bayrami” tadbirlarining ochilishida viloyat hokimi ham qatnashib, bayram ishtirokchilarini maʼnaviyat, maʼrifat, adabiyot va goʻzal qadriyatlar bayrami bilan qutlab, shunday dedi: – Xalqimizning eng yaxshi fazilatlaridan biri uning kitobga boʻlgan cheksiz muhabbatidir, Zero, millatning millat, xalqning xalq boʻlib shakllanishida kitobning oʻrni benihoyadir. Kitob – millatning bebaho madaniy va maʼnaviy merosi sifatida qadrlanadi va bu meros avlodlardan avlodlarga oʻtib kelmoqda. Ana shu davomiylikni taʼminlashga munosib hissa qoʻshib kelayotganlar bu elimizning baxtli, fidoyi odamlaridir”.
Koʻrik-tanlov gʻoliblariga viloyat hokimining diplomi va qimmatbaho sovgʻalari topshirildi. Ular safida Toʻxtajon ham bor edi.
Bugungi kunda Urganch shahrida va tuman markazlarida zamonaviy meʼmoriy goʻzallik asosida qad rostlagan namunali kitob doʻkonlari kitobsevarlarning sevimli dargohiga aylanmoqda. Bunyod etilayotgan kitob doʻkonlari xaridorlar uchun juda qulayligi, yorugʻ va shinamligi, kitoblarning turli xilligi, koʻpligi hamda sotuvchilarning xoridorlarga xushmuomalasi bilan alohida ajralib turadi.
Biz birinchi oʻrinni egallagan Toʻxtajon Abduraxmonovaning doʻkonini kuzatamiz. U yer mamlakatimizning birinchi prezidenti portreti, Davlatimiz madhiyasi, gerbi va bayrogʻi aks etgan plakatlar bilan bezatilgan. Albatta, bu ham xoridorlar uchun targʻibot-tashviqotning bir yoʻnalishi hisoblanadi. Peshtaxtadagi shiorlar ham eʼtiborni tortadi: “Kitob – xazina, aql – boylik”, “Kitob-aql qalʼasi!” Ular yana bir goʻzal koʻrgazmali maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot ekanligi bilan bolalarni, yoshlarni, barchani bilimga chorlab turgani bilan afzaldir.
Doʻkonda kitoblarga qoʻyilgan narxlar, turkumlashtirish darajasi, tashqi koʻrinishi, joylashuvi, dizayni, ozodaligi, yorugʻligi, bolalar adabiyotlariga 10 foiz, kattalar adabiyotlariga 20 foizdan ortiq qoʻshimcha narx belgilanmaganligi bilan ajralib turadi. Savdo xizmati, sotuvchilar madaniyati talab darajasida. Doʻkonda 550 nomdagi 20 mingdan ortiq kitob mavjud boʻlib ular yigirma boʻlimga ajratilgan. Kitoblar sohalar boʻyicha alohida javonlarga taxlangan. Doʻkondagi mavjud kitoblar “Iqtisodiyot”, “Badiiy adabiyotlar”,”Tibbiyot”, “Bukinist”, “Jahon adabiyotlari”, “Bolalar adabiyoti”, “Oʻquv-uslubiy adabiyotlar”, “Kollej adabiyotlari”, “Tilga oid adabiyotlar”, “Ajdodlarimiz merosi”, “Sheʼriyat”, “Detskaya literatura”, “Russkaya literatura” kabi nomlanishlar ostida turkumlashtirilgan.
Kassa uskanasining yonida ikkita diplom osilgan. “Namunali kitob doʻkoni” koʻrik – tanlovida olgan birinchi va ikkinchi darajali diplom edi. Uning yonidagi stolda televizor ishlab turardi. Magazin sohibasi bu diplomga qoʻshib berilgan mukofot ekanligini izohladi.
Oʻtgan yili kollejni bitirib bu yerga ishga kelgan Roʻzagul Raximova shunday deydi:”Ishga kelganimda, bu yerda zerikib oʻtirsam kerak, kim ham kirardi deb oʻylagan edim. Biroq kelgan-ketganning keti uzilmaydi. Xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz nurga intilishini shu yerga kelib anglab yetdim”, – deydi samimiylik bilan u.
Biz doʻkonga borgan kuni u yerga konditsioner oʻrnatilayotgan ekan. “Erimni yoʻqotganligim ana shunday daqiqalarda juda bilinadi. Meni eng yaqin yordamchim edi. Kitob doʻkonimdagi mana bunday texnik ishlarga bosh-qosh edi… – deydi u.
Toʻxtajon eri bilan ikki qiz va ikki oʻgʻli – toʻrt farzandni tarbiyalab voyaga yetkazishdi, ularning har biri hayotda oʻz oʻrnini topib ketgan. Dukonda uch kishi ishlasa, biri oʻzining qizi Dilfuzaxon Ibadullayeva. U onasidan doʻkondorlik sirlarini, xoridorlar bilan oʻta madaniyat bilan gapirisha olish, kitobga mehr qoʻyishda ularga koʻmaklashish mahoratidan saboq olmoqda. “Bu yerda qizim men bilan yonma yon ishlayotgani, ishimni davom ettirayotgani meni juda xursand qiladi. Qolaversa, qizim magazinning hisob-kitob ishlarini ham yuritadi. Oilaviy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻydik desak ham boʻlaveradi. Mustaqil Oʻzbekistonimizning “Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi Qonuni bizdek tadbirkorlarning ishini yanada yengillashtirdi”, – deydi Toʻxtajon.
Toʻxtajon meni yangi Partov koʻchasi boʻylab kuzatib qoʻyar ekan, yonma yon joylashgan doʻkonlar bilan bir-bir tanishtirib oʻtadi. “Yonimdagi bu magazinda beshik va uning oʻziga xos anjomlari sotiladi. Bu magazinda esa kelin liboslarini istab kelganlarning keti uzilmaydi. Bunisida esa Xorazm xalq amaliy sanʼatini aks ettiruvchi roʻzgʻorbop buyumlar, bunisida milliy liboslar. Bir soʻz bilan aytsa, bu yerga kelgan kishi zarur roʻzgʻorbop buyum, libos, esdalikbop narsalarni bemalol xarid qilib ketadi. Bir qarashda bu koʻchadagi magazinlar muzeyni eslatadi, shunday emasmi?! Koʻchaning ana shunday qadimiy rastalarga oʻxshatib, tashkil etilgani kitoblarning xaridorgirligini ham taʼminlayapti. Urganchning qaytadan bunyod etilayotganidan, unda bizning ham hissamiz borligidan juda xursandman.” deydi u zavq bilan.
Toʻxtajon bilan xayrlashar ekanman, odamlar qalbida ezguliklar borligidan, goʻzal qadriyatlar davom etayotganidan, bularning bari mamlakatimizdagi iqtisodiy-ijtimoiy siyosatning tantanasi ekanligini yurakdan his qilaman.
Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmai koʻrsatgan jurnalist