Alisher Navoiy nomidagi Kino saroyida Janubiy Koreya kinolari festivali ochildi. Bu haqda «Oʻzbekiston 24» xabar bermoqda.
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 25 yilligi hamda Oʻzbekistonda koreys millatiga mansub fuqarolarning yashay boshlaganining 80 yilligiga bagʻishlab «Oʻzbekkino» Milliy agentligi va Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi.
Marosimda ijodiy tashkilotlar, diplomatik korpus vakillari, kinorejissyorlar va sanʼatsevar yoshlar ishtirok etdi.
Madaniy anjuman Li Xvan Gyon tomonidan suratga olingan «Yettinchi kameradagi moʻjiza» filmi bilan boshlandi. Unda oilaviy munosabatlar, yoshlar hayoti, sadoqat va inson irodasi haqida hikoya qilinadi.
Tadbir kunlari Janubiy koreyalik kinoijodkorlarning «Qirol tikuvchisi», «Abadiy» va «Mojaro sababchilari» filmlari namoyish etiladi.