Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida talabaligidan beri xizmat qilib kelayotgan inson, yosh xodimlarga onaday mehribon, ishxonada tartib-intizomni taʼminlaydigan kadrlar boʻlimi boshligʻi Dilbar Tursunova va Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoira Muhtarama Ulugʻova “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Taqdirlash marosimi Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvatlash vazirligida boʻlib oʻtdi.
Ushbu nishon bu yildan boshlab 50 yoshdan yuqori boʻlgan, onalik, moʻtabarlik maqomiga munosib koʻrilgan va oʻz oilasidagi maʼrifiy muhit bilan boshqalarga oʻrnak boʻlishni hayot tarziga aylantirgan ayollarga berildi.
Mamlakatimiz boʻyicha bu yil 287 nafar ayollar «Moʻtabar ayol» koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Ular orasida hududlarda yashab ibratli faoliyat koʻrsatayotgan, qahramonlik namunalarini namoyon etayotgan opa-singillarimiz, munis onaxonlarimiz bor. Masalan, Haj ziyorati uchun atab yillar boʻyi yiqqan mablagʻini uyi buzilgan kishilarga bergani ijtimoiy tarmoqlarda olqishlangan Fargʻona viloyatining Rishton shahrida yashaydigan Izroba Usmonova ham «Moʻtabar ayol» koʻkrak nishoniga munosib koʻrildi.
Koʻkrak nishoniga munosib koʻrilganlar orasida idora va tashkilotlarda fidokorlik koʻrsatayotgan ishchi (farrosh), obodonlashtirish sohasida halol mehnat qilayotgan ayollarimizni ham uchratasiz. Masalan, Samarqandning Nurobod tuman qishloq xoʻjalik boʻlimi farroshi Karomat Toshniyozova, Yakkasaroy tuman Obodonlashtirish boshqarmasi xodimi Muazzamxon Sobirovalar ham mukofotlandilar.
Taqdirlanganlar orasida jurnalist, adiba, 60 yildan ortiq turmush oʻrtogʻi professor Tilab Maxmudov bilan birga yashagan, ibratli oila sohibasi Dilbar Maxmudova ham bor.
Bu yil ibratli hayoti, goʻzal turmush tarzi bilan yashab oʻtgan ayollar ham ushbu koʻkrak nishoniga munosib koʻrildi. Ular orasida “Izhor”, “Ayol jodusi”, “Zulfizar”, “Qir ustidagi ayol”, “Shom shafagʻi jilvalari” kabi qator kitoblar muallifi surxondaryolik adiba Jamila Ergasheva ham bor. Umrining oxiriga qadar viloyat xotin-qizlar tashkiloti muassisligidagi “Ayol va zamon” gazetasiga rahbarlik qilgan ijodkor 62 yoshida vafot etgan edi. Oxirati obod boʻlsin.Nishonni yozuvchining singlisi qabul qilib oldi.
Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida berilgan koʻkrak nishoni ayollarimizga munosib armugʻon boʻldi, qalblari quvonchga toʻldi, shukronalik tuygʻusini tuyishdi.
El-yurt xizmati yoʻlida munosib xizmat qilgan barcha ayollarimizni gujum. uz sayti tahririyati nomidan muborakbod etamiz! Yurtga tinchlik, xonadonlariga qut-baraka tilaymiz!