Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 yanvar kuni maktab taʼlimi sifatini yaxshilash chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mamlakatimizda 10 ming 284 ta maktab bor. Soʻnggi yillarda ulardagi sharoitlarni yaxshilash, oʻquvchi oʻrnini koʻpaytirish boʻyicha koʻp ishlar qilindi. Maktablarni yiliga oʻrtacha 400 ming oʻquvchi bitirayotgan boʻlsa, ularning 170 ming nafari taʼlimni davom ettirmoqda. Rivojlangan davlatlarda 50 foizdan ziyod bitiruvchilar professional taʼlim muassasasiga kiradi.
Hozirgacha 208 ta maktabning yuqori sinf oʻquvchilariga 3 ta yoʻnalish boʻyicha kasbga oʻrgatish yoʻlga qoʻyildi. Chet tilini bilish sertifikatiga ega boʻlgan maktab bitiruvchilari soni oxirgi ikki yilda 6 ming nafardan 18 mingga yetdi.
Shu bilan birga, bu ishlarni izchil davom ettirish zarur. Taʼlim sifatini oshirish uzluksiz jarayon.
Taqdimotda shu maqsaddagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Bugungi kunda hududlardagi 500 ta maktabda Prezident va ixtisoslashgan maktablarning baholash tizimi joriy etilgan. Natijada ilgʻor xorijiy tajriba asosida vaziyatni tahlil qilish, muammoni yechish, jamoada ishlash kabi amaliy mashgʻulotlar ulushi 60 foizga yetkazilgan.
Kelgusi oʻquv yiliga qadar ushbu baholash tizimini xalqaro testologiya mezonlariga moslashtirish zarurligi aytildi. Maktablarning oʻzi ham akkreditatsiyadan oʻtkaziladi. Bu xalqaro baholash mezonlarini milliy tizimga joriy qilish, maktablarni boshqarish va taʼlim sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Pedagoglarning bilim va mahorati masalasiga eʼtibor qaratilar ekan, Malaka oshirish markazlari eskicha ishlayotgani, ilmiy salohiyati yuqori emasligi qayd etildi. Shu bois 14 ta hududdagi bunday markazlarni faoliyatini qayta koʻrib chiqish, oʻqituvchilarni kasbiy rivojlantirish dasturlarini joriy etish vazifasi qoʻyildi.
Maktablarda xorijiy til boʻyicha oʻquv dasturlarini takomillashtirish, oliy taʼlim muassasalarining oʻquv rejalarini bu bilan uygʻunlashtirish zarur. Xorijiy tilni intensiv tarzda oʻrgatish amaliyotini ham kengaytirish lozim.
Maʼlumki, yurtimizda xususiy maktablarga imkoniyat berilgani natijasida ularning soni koʻpayib bormoqda. Bu davlat maktablariga yuklamani kamaytirish va sogʻlom raqobatga xizmat qilmoqda. Shu bois xususiy maktablar uchun litsenziya talablarini yanada soddalashtirish, kredit, soliq va kommunal toʻlovlardan qoʻshimcha yengilliklar berish boʻyicha takliflar bildirildi.
Mutasaddilarga taʼlim tashkilotlari faoliyati va taʼlim sifati monitoringi platformasini ishga tushirishga topshiriq berildi.
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, taʼlimning barcha boʻgʻinlarida islohotlarni yagona konsepsiya asosida amalga oshirish boʻyicha Loyiha ofisi tashkil qilinadi. U bogʻcha, maktab, kasbiy hamda oliy taʼlimda oʻquv standarti va dasturlarini ilgʻor tajribalar asosida ishlab chiqishga masʼul boʻladi.
Davlatimiz rahbari maktablar faoliyatida mahalla raisi va faollarining oʻrni katta boʻlishi kerakligini taʼkidladi.
– Mahalladagi muhit, aholi bandligi koʻp jihatdan yoshlar taʼlim-tarbiyasiga bogʻliq. Shunday ekan, mahalla raisi ota-onalar bilan birga maktablar hayotida faol qatnashishi, yoshlarning bilimi va kasb egallashiga eʼtiborli boʻlishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Darhaqiqat, maktab masalasi faqatgina taʼlim sohasining emas, ota-onalar, mahalla faollari, butun jamiyatning ishi. Chunki maktab mamlakat kelajagining zamini. “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” degan maqol zamirida ham ayni shu haqiqat mujassam. Shunda ota-onalar ham oʻz farzandlari tarbiyasiga yanada eʼtiborliroq boʻladi. Tobora globallashayotgan hozirgi zamonda bu juda muhim.