Xalq taʼlimi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida «KUNDALIK» taʼlim platformasidan foydalanish boʻyicha oʻquv-seminar oʻtkazildi.
Ceminarda ishtirokchilarga elektron jurnalni toʻldirish, unga uy vazifalari va dars rejalari hamda eʼlonlarni kiritish, oʻquvchilarni baholash hamda tizimni boshqarish boʻyicha batafsil maʼlumot berildi.
Eslatib oʻtamiz, 2018 yilning oktyabr oyida Xalq taʼlimi vazirligi hamda «KUNDALIK» kompaniyasi maktabda elektron jurnal va kundaliklarni joriy etish boʻyicha loyihani amalga oshirishi toʻgʻrisida xabar berilgan edi. Endilikda “KUNDALIK” kompaniyasi barcha xarajatlarni oʻz zimmasiga olgan holda mazkur tizimni joriy etish, faoliyatini taʼminlash va rivojlantirish ishlarini olib boradi.
Tizim onlayn tarzda oʻqituvchilarni darslarini rejalashtirish, dars jadvallarini tuzish, oʻquvchilarning oʻzlashtirish darajasi va davomatini elektron jurnal va kundaliklarda qayd etib borish, shuningdek, taʼlim boshqaruv organlari va muassasalarga statistik hisobotlarni shakllantirish uchun xizmat qiladi.
“KUNDALIK” tizimi oʻquvchilar va ularning ota-onalariga 24 soat davomida baholar va uy vazifalari haqidagi maʼlumotlarni kuzatib borish imkonini beradi. Shu bilan birga, ular himoyalangan ijtimoiy tarmoq orqali muloqot qilishlari hamda onlayn kutubxona va taʼlimga oid media resurslardan foydalanishlari mumkin.
– Bugungi kunda Oʻzbekiston maktablarida elektron jurnalni joriy etish boʻyicha “KUNDALIK” loyihasini amalga oshiryapmiz. Tizim bilan ishlash uchun internetga ulangan kompyuter kifoya. Bundan tashqari, oʻqituvchilar mobil qurilmalar uchun moslashtirilgan versiyasidan ham foydalanishlari mumkin, – deydi kompaniya vakili Yuriy Boyko.
– 2018 yilning noyabr oyida Rossiya mutaxassislari bilan birgalikda kundalik.uz loyihasi boʻyicha dastlabki ishlarni boshladik, – deydi Yunusobod tumanidagi 235-maktab direktori Moʻmina Sulaymonova. – Dastlab, mazkur dastur 3-, 8-, 10-sinflarda amalda joriy etildi. Albatta, birinchi qadamda biroz qiyinchiliklar koʻzga tashlandi. Roʻyxatni shakllantirish boʻyicha amaliy maslahatlar berilganidan soʻng ishimiz yanada osonlashdi. Mazkur loyiha oʻquvchilarni baholash hamda oʻqituvchilarning kundalik rejasini kiritishda ancha qulayliklar yaratdi. Loyihaning har tomonlama qulayligi, ayniqsa, oʻquv ishlari buyicha direktor oʻrinbosarlarining ishi osonlashgani maktab jamoamizga manzur boʻldi. Dastlab loyihada ishtirok etgan 7 nafar oʻqituvchi keyingi bosqichlarda taʼlim maskanimizdagi barcha pedagoglarga ushbu tizimning qulayliklarini oʻrgatib boradi.
Kelgusida kundalik.com orqali barcha oʻquvchilarimiz hamda ota-onalar oʻqituvchi tomonidan qoʻyilgan baholarni onlayn kuzatib borish imkoniga ega boʻlishadi.
Eʼtiborlisi, oʻquvchi bahosini maʼlum muddat oʻtgandan soʻng oʻzgartirish kabi hollar bartaraf etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq Taʼlimi Vazirligi matbuot xizmati