Maktablarda til va kasb oʻrgatishni rivojlantirish choralari belgilandi

0
92
marta koʻrilgan.

20 yanvar kuni maktablarda xorijiy tillar va kasb oʻrgatish tizimini rivojlantirish masalalari boʻyicha kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqimizga Murojaatnomasida “ijtimoiy davlat” tamoyiliga alohida eʼtibor qaratgan edi. Aynan aytganda, “Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambagʻallikni qisqartirish, demakdir”.

Bunga erishishning asosi, birinchi navbatda, taʼlim. Shu bois Murojaatnomada maktab oʻquvchilarini kamida ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga oʻrgatish ustuvor vazifa etib belgilangan edi.

Soʻnggi yillarda taʼlimga, oʻqituvchilarga eʼtibor oshdi, oliy taʼlimda qabul soni va yoʻnalishlar koʻpaydi. Lekin, maktablardagi sifat hali talab darajasiga chiqqani yoʻq. Masalan, 11 yil maktabda oʻqigan bola chet tilini mukammal bilmaydi. Sharoit va mutaxassislar yoʻqligi sababli yoshlarni kasblarga qiziqtirish muhiti shakllanmagan. Maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega boʻlmasdan kirib kelmoqda.

Shu bois yigʻilishda xorijiy tillarni oʻqitish sifatini oshirish va oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirish masalalari muhokama qilindi.

– Maktabdan kasb va tilni bilib chiqqan bola jamiyatimizning katta yutugʻi, bilmagani muammo, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu tajribani joriy etish uchun har bir viloyatdan bittadan shahar va ikkitadan tuman tanlab olingan. Ulardagi 2 mingdan ortiq maktablarning sharoiti, pedagoglar malakasi, oʻquvchilarning kasb-hunar va xorijiy tillarga qiziqishi oʻrganilgan.

Endi tuman va mahallalarning xususiyatidan kelib chiqib, oʻquvchilar maktabning oʻzida 64 xil ishchi kasblarga oʻrgatilishi koʻzda tutilmoqda.

Shu bois hokimliklarga ushbu tanlab olingan maktablarda kasb-hunar ustaxonalari tashkil etish, ularni jihozlash va zarur ashyolar bilan taʼminlash vazifasi qoʻyildi. Bunga yoshlar yetakchilari va tadbirkorlar ham jalb etiladi, Yoshlar jamgʻarmasidan mablagʻlar yoʻnaltiriladi.

– Hozir tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilarni shu masala qiynayapti: boʻsh ish joyi koʻp, oyligi ham yaxshi, lekin oʻquvi va koʻnikmasi bor ishchi yoʻq. Agar bu tizim toʻgʻri tashkil qilinsa, bizdagi demografik oʻsish bilan katta natijalarga erishsa boʻladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Shuningdek, oʻquvchilarni axborot texnologiyalari va “kreativ industriya” boʻyicha zamonaviy kasblarga oʻrgatish muhimligi taʼkidlandi.

Chet tillarini sifatli oʻrgatish uchun maktablarga “til egasi” boʻlgan pedagoglar jalb qilish, Prezident maktablarining til oʻrgatish tajribasi, darslik va dasturlarini tatbiq etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yigʻilishda viloyat hokimlari tanlangan maktablar misolida xorijiy tillar va kasb oʻrgatishni rivojlantirishga oid rejalar yuzasidan axborot berdi.

Shuningdek, Prezident tarmoq va hududlar rahbarlariga qish mavsumida aholini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash borasida masʼuliyat va nazoratni kuchaytirishi lozimligini koʻrsatib oʻtdi. Tadbirkor va korxonalar faoliyatidagi muammoli masalalarni hal qilishda ularga yaqindan koʻmaklashish, zarur hollarda moliyaviy resurslar ajratish, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining asossiz oshib ketishining oldini olish va bozorlarda taklifni koʻpaytirish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.