Mamlakatimiz maktablarini bitiruvchi oʻgʻil-qizlarimizga

0
111
marta koʻrilgan.

Aziz farzandlarim!

Qadrli maktab bitiruvchilari!

Avvalo, barchangizni begʻubor oʻquvchilik yillaringizni ortda qoldirib, qadrdon maktabingiz, mehribon ustozlaringiz bilan xayrlashib, hayotingizning yangi, yanada masʼuliyatli bosqichiga qadam qoʻyayotganingiz bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Ushbu quvonchli ayyomda mamlakatimizdagi barcha maktablarda “soʻnggi qoʻngʻiroq”lar yangrab, qariyb 438 ming nafar oʻquvchi yoshlarimiz yetuklik shahodatnomalarini qoʻllariga olmoqda.

Bu nafaqat siz, aziz farzandlarimiz, balki biz – ota-onalar, ustoz-murabbiylar uchun ham gʻoyat quvonchli va hayajonli voqeadir. Chunki, qalbi pok orzu-umidlar bilan toʻlgan sizlar kabi navqiron, azmu shijoatli yoshlarimiz timsolida biz uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan taʼlim-tarbiya sohasidagi saʼy-harakatlarimizning yana bir amaliy natijasini, xalqimiz va Vatanimiz kelajagini koʻramiz.

Sizlar keyingi ikki yil davomida pandemiya sharoitida oʻqib va yashab, qiyinchiliklarga qarshi kurashish koʻnikmalarini ham egallashingizga toʻgʻri keldi. Albatta, bu murakkab sinovli kunlar hademay oʻtmishga aylanadi.

Ishonchim komil, yangi Oʻzbekiston sharoitida, zamonaviy taraqqiyot talablari asosida taʼlim-tarbiya olgan yosh avlod vakillari sifatida barchangiz davlatimiz, xalqimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlarni qadrlab, ulardan yanada samarali foydalanasiz.

Qadrli oʻgʻil-qizlarim!

Maʼlumki, biz oʻz oldimizga ulkan maqsadlarni qoʻyib, ularga erishishning eng muhim omili sifatida taʼlim-tarbiya sohasiga juda katta ahamiyat bermoqdamiz.

Qisqa muddatda maktabgacha taʼlim, oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimida muhim oʻzgarishlar amalga oshirildi. “Yangi Oʻzbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi” degan shior asosida maktab taʼlimini rivojlantirish umumxalq harakatiga aylandi.

Bu haqda gapirganda, oxirgi toʻrt yilda 134 ta yangi maktab qurilib, 2 ming 965 ta maktab rekonstruksiya qilinib, tubdan taʼmirlangani va jihozlanganini qayd etish lozim.

Yurtimizda mutlaqo yangicha mazmun va shakldagi zamonaviy Prezident maktablari, ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar barpo etilmoqda.

Hozirgi vaqtda respublikamizda 10 mingdan ziyod davlat umumtaʼlim, 171 ta nodavlat, 18 ta davlat-xususiy sheriklik shaklidagi maktablar faoliyat koʻrsatmoqda. Jumladan, 56 ta matematika, 28 ta kimyo-biologiya, 14 ta axborot texnologiyalari fanlariga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etildi.

Shu boradagi ishlarimizni izchil davom ettirib, keyingi paytda fizika va chet tillariga ixtisoslashtirilgan maktablar ochishga alohida eʼtibor bermoqdamiz. Shu yil sentyabr oyida 14 ta fizika va 207 ta chet tillariga ixtisoslashtirilgan maktab oʻz faoliyatini boshlashini alohida taʼkidlash lozim.

Eng muhimi, ana shu maktablarda taʼlim-tarbiya olayotgan oʻgʻil-qizlarimiz xalqaro fan olimpiadalari, ijodiy festival va tanlovlarda yuqori oʻrinlarni egallamoqda, mamlakatimiz va xorijdagi nufuzli oliygohlarga kirib oʻqish huquqini qoʻlga kiritmoqda.

Oxirgi bir yarim yilda iqtidorli oʻquvchilarimiz xalqaro olimpiadalarda 4 ta oltin, 18 ta kumush, 30 ta bronza medalini qoʻlga kiritgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Yurtimizda olijanob kasb egalari boʻlgan oʻqituvchilar, ustoz-murabbiylarning mashaqqatli mehnatini munosib ragʻbatlantirish, ularning ish va turmush sharoitini yaxshilash, jamiyatdagi obroʻ-eʼtiborini oshirishga muhim ahamiyat qaratilmoqda.

Xalqaro fan olimpiadalari gʻoliblari va ularning ustozlarini moddiy taqdirlash mexanizmi yoʻlga qoʻyilgani ham ana shunday ishlarimiz qatoriga kiradi.

Dunyodagi taraqqiy topgan davlatlar tajribasi asosida maktab taʼlimi uchun oʻquv dasturi va darsliklarining yangi avlodini yaratish boʻyicha amaliy ishlar boshlandi.

Bugungi kunda butun yurtimizni qamrab olgan besh muhim tashabbus doirasida ham siz, aziz yoshlarimizning yetuk insonlar boʻlib kamol topishingiz uchun koʻp ishlar qilinmoqda.

Xususan, farzandlarimizni sanʼat dunyosiga oshno etish maqsadida 800 dan ortiq madaniyat markazida 4,5 mingdan ziyod toʻgarak faoliyati yoʻlga qoʻyilgani, ular musiqa asboblari va zarur jihozlar bilan taʼminlangani, maktablarda tashkil etilgan 36,5 mingdan ziyod toʻgaraklarga 1 million 100 ming nafar oʻgʻil-qizlarimiz jalb etilgani bu boradagi muhim qadamlardir.

Shuningdek, respublikamiz maktablarida 49 mingdan ortiq, bolalar va oʻsmirlar sport maktablarida esa 26 mingga yaqin toʻgaraklarda minglab oʻgʻil-qizlarimiz jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanmoqda.

Barcha maktablarimiz keng polosali Internet tarmogʻiga bosqichma-bosqich ulanayotgani hamda mamlakatimizda jami 133 ta raqamli texnologiyalar oʻquv markazi ochilgani farzandlarimizda zamon talabi boʻlgan kompyuter va “Ay-Ti” texnologiyalar sohasida bilim va koʻnikmalarni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Yana bir muhim masala – yoshlar oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini keng targʻib qilishga alohida eʼtibor berilmoqda. Shu asosda 201 ta axborot-kutubxona markazidagi kitoblar soni qariyb 25 millionga yetkazilgani, oʻtgan yili maktab kutubxonalari 150 mingdan ziyod yangi adabiyotlar bilan taʼminlangani yoshlarimizning intellektual va maʼnaviy salohiyatini yuksaltirishda muhim rol oʻynamoqda.

Aminmanki, shu kunlarda joylarda koʻtarinki kayfiyatda oʻtkazilayotgan yoshlar forumlari va besh muhim tashabbusga bagʻishlangan festivallar ham maktablardagi bitiruv tadbirlariga uygʻun boʻlib, oʻgʻil-qizlarimiz hayotida oʻchmas iz qoldiradi.

Hurmatli yosh doʻstlarim!

Mana shu unutilmas damlarda sizlar yangi hayot ostonasida turib, kelajak rejalarini tuzar ekansiz, oldingizda katta imkoniyatlar va masʼuliyatli vazifalar turganini barchamiz yaxshi anglaymiz.

Qalbingizdagi ezgu orzu-intilishlarni roʻyobga chiqarishda mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan 137 ta oliy oʻquv yurti, 339 ta kasb-hunar maktabi, 193 ta kollej va 196 ta texnikum sizlarga muntazirdir.

Sizlar uchun ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oliy maʼlumot olish imkoniyati ham yaratilgan. Shu maqsadda 71 ta oliy taʼlim muassasasida sirtqi, 18 ta oliygohda kechki boʻlimlar faoliyat koʻrsatmoqda.

Iqtisodiyotning turli soha va tarmoqlaridagi ehtiyojdan kelib chiqib, soʻnggi 5 yilda bakalavriat bosqichida 134 ta taʼlim yoʻnalishi, magistraturada 147 ta mutaxassislik yangidan tashkil etildi.

Oliy taʼlim muassasalarida 2021-2022 oʻquv yilidan boshlab bosqichma-bosqich masofaviy taʼlim shaklida ham kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.

Hozirgi kunda yoshlarimiz uchun bir vaqtning oʻzida 5 tagacha oliy taʼlim muassasasida tanlovlarda ishtirok etish imkoniyati yaratildi.

Bitiruvchi yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 2016 yildagi 9 foizdan 2020 yilda 25 foizga yetdi. Mazkur koʻrsatkichni joriy yilda 28 foizga, 2030 yilda 50 foizga yetkazish – asosiy vazifamizdir.

Azim poytaxtimiz Toshkent shahrida dunyoning eng ilgʻor oliygohlari bilan hamkorlikda xalqaro talablar asosida tashkil etilayotgan Yangi Oʻzbekiston universiteti ham siz, aziz yoshlarimizni joriy yildan oʻz bagʻriga chorlaydi.

Aziz bitiruvchilar, qadrli farzandlarim!

Shu kunlarda sizlarning baxtingiz, kamolingizni oʻylab, yurtimizda yana bir tizim joriy etilmoqda. Yaʼni, joylarda viloyat, shahar va tuman hokimliklari, sektor rahbarlari ota-onalar va oʻquvchilar bilan uchrashib, barcha bitiruvchilar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish tashabbusi bilan chiqmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, maktabni bitirib chiqayotgan yigit-qizlarimizdan birontasi eʼtibordan chetda qolmaydi. Ularning har biri xalqimiz, Vatanimizning cheksiz mehri va yuksak eʼtiborini his qilib yashaydi.

Shu munosabat bilan sizlarga, butun mamlakatimiz yoshlariga murojaat qilib aytmoqchiman: hech qachon unutmang, sizlar inson har tomonlama erkin, ozod va farovon yashaydigan yangi Oʻzbekiston, yangi Renessans bunyodkorisizlar.

Sizlarning hayotda oʻz munosib oʻrningizni topishingiz uchun davlatimiz va jamiyatimiz bundan buyon ham bor kuch va imkoniyatlarini toʻla safarbar etadi.

Xalqimizning ana shunday yuksak ishonchiga doimo munosib boʻling!

Sizlarning oʻz oldingizga yuqori maqsadlar qoʻyib, vaqtingizni behuda oʻtkazmay, doimo bilim va koʻnikmalaringizni oshirib borishingiz, yangi kasb-hunarlarni egallashingiz va eng asosiysi oʻz maqsadingiz sari tinmay harakat qilishingiz albatta kelgusidagi muvaffaqiyatlaringiz garovidir.

Oʻrganish, izlanish va intilishdan aslo toʻxtamang!

Sizlarni maktab taʼlimini muvaffaqiyatli tugatganingiz bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.

Barchangizga sihat-salomatlik, ishda va oʻqishda, shaxsiy hayotda katta yutuq va omadlar tilayman.

Mustaqil hayot sari tashlayotgan ilk dadil qadamingiz qutlugʻ va muborak boʻlsin!

Sizlarning yutuq va gʻalabalaringizga ishonaman, aziz bolalarim!

Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.