Mamlakatimiz yosh shaxmatchilarining  tarixiy gʻalabasi

0
107
marta koʻrilgan.

Italiyaning Montesilvano shahrida 12−25 noyabr kunlari shaxmat boʻyicha yoshlar va oʻsmirlar oʻrtasida boʻlib oʻtgan jahon chempionati mamlakatimiz shaxmatchilari tarixida yangi muzaffar sahifa ochdi.

Jahon chempionatining 11 tur bahslarida 80 ta davlatdan kelgan  760 nafardan ziyod yosh shaxmatchilar ishtirok etishdi. Chempionatning soʻnggi turida 14 yoshgacha boʻlgan qizlar orasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Afroʻza Hamdamova gruziyalik Kesariya Mgeladzeni magʻlub etib, 10 ochko jamgʻarib, jahon chempioni maqomiga erishdi.

Afroʻza Hamdamovaning xotin-qizlar shaxmatidagi  chempionligi tarixiy voqea boʻldi. Oʻzbek shaxmatida ayollar oʻrtasida ilk jahon chempioni boʻlish baxtiga unga nasib etdi.

Bu, yurtimizda barkamol avlod vakillarini kamolga yetkazish yoʻlidagi keng koʻlamli islohotlar samarasining yorqin ifodasidir.

Shuningdek, ushbu  yosh toifasida keyingi sovrinli oʻrinlar 9 ochko jamgʻargan qozogʻistonlik Elnaz Kaliaxmet bilan 8,5 ochko sohibi AQSHlik Iris Mouga nasib etdi.

Jahon chempionatining 14 yoshli oʻgʻil bolalar musobaqasida qatnashgan hamyurtimiz Miraziz Qoʻziyev 7,5 ochko jamgʻardi va 125 nafardan ziyod ishtirokchi orasida 22-oʻrinni egalladi.

Musobaqaning 16 yoshli qizlar musobaqasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Guldona Karimova 138 nafar daʼvogarlar bahsida 7,5 ochkoni qoʻlga kiritdi va chempionatda 11-oʻrinni egalladi.

 GUJUM.UZ
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.