Mamlakatimizda 22 dekabr kuni oʻtkaziladigan saylovlarga yetti kun qoldi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarning oʻz saylovoldi tashviqotlari qizgʻin pallaga kirdi.
12 dekabr kuni Urganch shahridagi 30-son maktabda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga 117-Urganch saylov okrugidan nomzodi koʻrsatilgan besh nafar partiya vakillarining “Kamolot”, “Al-Xorazmiy” va “Shodlik” mahallasi saylovchilari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda ishonchli vakillar nomzodlarning tarjimai holi va mehnat faoliyati haqida maʼlumotlar berishdi. Nomzodlar saylovoldi dasturi va undan kelib chiquvchi oʻz saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar bilan yigʻilish qatnashchilarini tanishtirishdi.
Tadbirda Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Dilbar Bekchanova ham qatnashib, aholini qiziqtirgan koʻplab savollarga javob berdi, Jumladan, kommunal xizmat, elektr energiya, maktabgacha taʼlim, maktab muammolariga doir hududning ijtimoiy- iqtisodiy sohalaridagi muammolar yechimi yuzasidan oʻz fikrini bildirdi.
Shu kuni yana D. Bekchanova bilan «Hamjihatlik»,»Yuqori bogʻ», Sahovat» mahalla ahli bilan 13- son umumtaʼlim maktabida,13 dekabr kuni «Jambul»,»Binokor», «Obi hayot» kabi olti mahalla ahli bilan uchrashuv tashkil etildi. Bugun esa «Yangi obod», «Ashxobod» mahalla ahli bilan uchrashdi.
Deputatlikka nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlari juda qizgʻin, bahs va munozaralarga boy tarzda boʻlib oʻtmoqda.
– Aholi boʻlgʻusi deputatlarga ishonch bilan qaramoqda. Xalqning tom maʼnodagi yuzi va koʻzi boʻladigan vakili — deputat ertaga ana shu ishonchni oqlashi, aholining dardi, tashvishi bilan yashashi lozim,– deydi Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Dilbar Bekchanova.
R. Sapoyeva