Chilining Santyago shahrida oʻtgan dzyudo boʻyicha yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatida 64 davlatdan 428 nafar sportchi gʻoliblik uchun kuch sinashdi. Ular orasida Navoiy olimpiya zaxiralari kollejining 1-bosqich oʻquvchisi Maqsud Ochilovning ham borligi tahsinga loyiqdir. U Navbahor tumani, «Burqut» mahallasida yashaydi, deya xabar bermoqda Navoi.uz saytida.
Musobaqaning dastlabki kunida 50 kilogrammgacha boʻlgan dzyudochilar bahsida ishtirok etgan sportchimiz Maqsud avstraliyalik Keyn Styuart, ikkinchi davrada vengriyalik Fechko Sanadlarni yengdi. Final yoʻllanmasi uchun oʻtkazilgan jangda tatamiga turkiyalik Ejder Toktay bilan bahs olib borib, uni ham magʻlubiyatga uchratdi.
Jahon chempionatining oltin medali uchun kechgan murosasiz bellashuvda Maqsud braziliyalik Aldi de Oliveyraga qarshi gilamga tushdi va kumush medalni qoʻlga kiritdi.
— Xalqaro maydondagi nufuzli musobaqada qatnashayotganimda meni mana shu darajada voyaga yetkazgan ota-onamning mehri, Vatanimiz, mahalladoshlarim turganini, yaratilayotgan sharoitlarning barchasi istiqlolimiz sharofatidan ekanini chin dildan his qilaman. Mana shu tuygʻu menga katta kuch-quvvat va ishonch berdi, — deydi M. Ochilov. — Sport bilan shugʻullanishim nafaqat jismonan sogʻlom, balki mustahkam irodali va qatʼiyatli boʻlishimga yordam bermoqda. Bizning oila «sportchilar oilasi» desam, mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki otam Salim Jumayev kurash boʻyicha murabbiy. U kishidan juda koʻp narsani oʻrgandim. Yuqori natijalarga erishishimda ustozim Ismoil Qurbonovning ham xizmatlari katta. Ismoil aka musobaqaga ketishimdan oldin «Sen u yerga nafaqat oʻzbekistonlik dzyudochi, balki Oʻzbekistonning yuzi ham boʻlib ketayapsan. Yuzing yerga qaramasin», dedilar. Xulosa qildim. Natijasi yomon boʻlmadi.
Maqsudning sport bilan oshno boʻlganiga 5 yil boʻlibdi. U shu davr ichida bir necha bor Osiyo va Oʻzbekiston chempionatlarida ishtirok etib, tengdoshlari orasida tengsiz ekanini isbotlab, shohsupa choʻqqisiga koʻtarilgan.
Bolalar sportini rivojlantirish borasidagi islohotlar izchil davom ettirilar ekan, Maqsud kabi yoshlarimizning sogʻlom va barkamol boʻlib voyaga yetishi, oʻz kuch va salohiyati bilan dunyoni lol qoldirib, Oʻzbekiston farzandlari hech kimdan kam emasligi va hech qachon kam boʻlmasligini isbotlayverishi shubhasiz.
Xurshida NARZIYEVA