Yozuvchilar uyushmasida “Vatandoshlar” jamoat fondi va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Hamkorlik bitimi imzolangan tadbirda fond rahbari Odiljon Sattorov va uyushma raisi Sirojiddin Sayyid qatnashib, hujjatga imzo chekdi. Uchrashuvda rahbarlar oʻz fikrlarini bildirar ekan, hamkorlik aloqasini oʻrnatishdan koʻzlangan maqsad, xorijda yashab ijod qilayotgan vatandoshlarimiz asarlarini, chet el adabiyotidan qilingan tarjimalarini va oʻzbek shoir va yozuvchilarining xorijiy tilga oʻgirilgan asarlarini chop etish va targʻib qilish ekanini aytishdi.
Memorandumga koʻra, nashr etilgan kitoblar taqdimoti xorijda hamda Oʻzbekistonda oʻtkaziladi. Ijodiy jamoalar, nashriyotlar, gazeta va jurnallar xodimlari hamda muayyan adiblarning biron bir asar yaratilishi jarayonida kerakli materiallarni toʻplash maqsadida uyushtiriladigan ijodiy safarlarning amalga oshirilishiga koʻmaklashadi.
Turli mamlakatlarda Oʻzbekiston Respublikasi bilan bir vaqtda nishonlanadigan umumxalq bayramlarining oʻtkazilishida shoir va yozuvchilarni safarlar qilishda, elchixonalar, madaniy markazlar bilan bogʻlanishda va atoqli yozuvchi va shoirlar tavalludining yubiley sanalarini kengroq nishonlashda, targʻib etishda ham hamkorlik qiladi. Xorijdagi vatandoshlar uchun oʻzbek tilidagi eng sara adabiyotlarni sharhlovchi videomaterillar muntazam tayyorlab boriladi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati