Kamondan otish boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari Tojikistoning Isfara shahridagi xalqaro musobaqada ishtirok etishdi. Tojikiston ochiq chempionati sifatida tashkil etilgan musobaqada Markaziy Osiyo mamlakatlaridan 100 dan ortiq sportchi oʻz omadini sinab koʻrdi. Eʼtiborlisi, mazkur musobaqada oʻzbekistonlik merganlar muvaffaqiyatli qatnashdilar.
Yoshlar oʻrtasida oʻtkazilgan bahslarda Mirjalol Karorov birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Erkaklar oʻrtasidagi bellashuv yakuni boʻyicha barcha sovrinli oʻrinlarni terma jamoamiz vakillari boʻlishib olishdi. Unga koʻra, birinchi oʻrinni Yoʻldosh Xayitov qoʻlga kiritgan boʻlsa, Mustafo Karimov va Keldiyor Hasanov mos ravishda ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni egalladi.
Yosh kizlar oʻrtasidagi bahslarda Zulxumor Tojialiyeva birinchi, Saodat Abdullayeva esa uchinchi oʻringa sazovor boʻldi. Mikst bahslarida Zulxumor Tojialiyeva bilan ishtirok etgan Yoʻldosh Xayitov shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarildi.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya Qoʻmitasi Matbuot xizmati