Bugun Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashining navbatdan tashqari XV plenumi boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi aʼzolari, hududiy partiya tashkilotlari rahbarlari va vakillari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlari hamda partiya faollari ishtirok etishdi.
Plenumda tashkiliy masala koʻrib chiqildi, yaʼni bugungi kungacha Oʻzbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi lavozimida ishlab kelayotgan Sarvar Sadullayevich Otamuratov «Oʻzagrosugʻurta» aksionerlik jamiyati rahbari etib tayinlanganligi bois, oʻz hohishiga muvofiq partiya yetakchiligidan ozod etildi. Uning oʻrniga Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi aʼzosi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Alisher Keldiyevich Qodirov Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi etib saylandi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 19 mart kuni yoshlarga eʼtiborni kuchaytirish, yosh avlodni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan toʻgʻri foydalanish koʻnikmasini shakllantirish, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini taʼminlash masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratilgan Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining chora-tadbirlar dasturi loyihasi muhokama qilindi.
Ushbu chora-tadbirlar dasturi loyihasi hududiy partiya tashkilotlarida partiya faollari va aʼzolari ishtirokida atroflicha muhokama etilib, taqdim etilgan takliflar asosida qabul qilinishiga kelishib olindi.
Plenumda taʼkidlanganidek, beshta tashabbusning barchasi Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining saylovoldi Platformasida belgilangan vazifalarga hamohang.
Plenum soʻngida kun tartibida muhokama etilgan masalalar yuzasidan Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi Plenumining qarorlari qabul qilindi.
OʻzMTDP Markaziy kengashi
Axborot xizmati