Termiz shahridagi “Surxon ipagi” masʼuliyati cheklangan jamiyatida ipak tolasidan gilamdoʻzlik va tikuvchilik mahsulotlari tayyorlanadi, deya xabar beriladi uza.uz saytida
Korxonada 150 kishi doimiy ish bilan taʼminlangan. Ular tayyorlayotgan milliy va zamonaviy uslubdagi gilamlar, tikuv ishlari, bejirim liboslar Rossiya, Xitoy, Turkiya, Hindiston, Yaponiya, Latviya, Pokiston, Afgʻoniston kabi davlatlarga eksport qilinmoqda.
– Shogirdlarim bilan “Koʻzacha”, “Iroqi”, “Bodomgul” singari 12 xildagi naqsh tushirilgan gilam toʻqiymiz, — deydi korxona gilamdoʻzi Dilafroʻz Vallayeva. – Toʻqish jarayonida gilamlarga milliylik ruhi singdirib, zamonaviy koʻrk beramiz. Mahsulotimizning sifati va dizayni xaridorlarga manzur boʻlmoqda.
Korxona qoshida tashkil etilgan muzeyda ipak tolasining ishlab chiqarilish jarayoni hamda undan tayyorlanadigan barcha turdagi mahsulotlarni koʻrish mumkin.