Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamkorligida tashkil etilgan konferensiyada dunyoning oʻnga yaqin mamlakatidan va yurtimizning turli viloyatlaridan kelgan olimlar, soha mutaxassislari, ilmiy tadqiqotchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etmoqda.
Unda telekommunikatsiya, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining iqtisodiyotimiz rivojlanishidagi roli, muammolari va ularning yechimlari, koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati va xavfsizligi masalalari koʻrib chiqilmoqda.
Konferensiya doirasida seminarlar tashkil etilib, elektron tijorat, «Elektron hukumat» tizimini joriy qilish va rivojlantirish borasida axborot texnologiyalaridan foydalanish, «Axborot kutubxonasi va arxivlar» yoʻnalishining innovatsion rivojlanishi, ixtisoslashtirilgan dasturiy va apparat ishlanmalaridan iqtisodiyotning real tarmoqlarida foydalanish, axborot xavfsizligi muammolari, «aqlli» va «xavfsiz» uylarni loyihalashtirish hamda zamonaviy pedagogika axborot texnologiyalari boʻyicha original tadqiqotlar oʻrganiladi.