Velosport boʻyicha Jakartada oʻtkazilgan Osiyo chempionatida bronza medaliga sazovor boʻlgan Murod Xolmurodov Osiyo qitʼasi chempionati va kelgusi rejalari haqida gapirdi.
– Musobaqadan olgan taassurotlarim, quvonchlarim bir olam. Avvalo shuni taʼkidlash kerak-ki, Osiyo chempionatiga jiddiy tayyorgarlik koʻrish uchun barcha sharoitlar yaratib berildi. Moddiy-texnik bazamizga eʼtibor kuchaytirildi. Xalqaro yigʻinlar oʻtkazildi. Bu esa oʻz samarasini berdi va biz ilk marotaba Osiyo chempionatida 7 ta medalni olishga muyassar boʻldik. Men esa qitʼa birinchiligida guruh poygalarida ochkolar boʻyicha bronza medalini qoʻlga kiritdim.
Kelajakdagi asosiy rejamiz – Tokio 2020 Olimpiadasida munosib ishtirok etishdir. Men ham Yaponiya mezbonlik qiladigan Olimpiya oʻyinlariga litsenziya olib, sovrindor boʻlishni istayman. Bundan tashqari, ungacha Toshkent shahrida oʻtkaziladigan shosse boʻyicha Osiyo chempionati bor. Ushbu musobaqada ham yuqori natijalarni koʻrsatishga harakat qilamiz.