Munosabat: mutolaa koʻnikmasini shakllantirish — eng yaxshi taʼlim

0
333
marta koʻrilgan.

Mamlakatimiz Prezidentining “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi qarori mazmun-mohiyatan yoshlar, ayniqsa, oʻquvchilar oʻrtasida mutolaa madaniyatini yuksak pogʻonaga koʻtarish, ular ongida milliy anʼana va qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuygʻusini yuksaltirishda, ona-Vatanni sevishga, uning har bir qarich yerini muqaddas bilib, qadrlashga chorlashi bilan ahamiyatlidir.

Ayni kunda “Respublika kitob bayrami”, “Namunali kitob doʻkoni” koʻrik-tanlovi, “Bolalar kitobi” Respublika festivali hamda kitob targʻibotiga bagʻishlangan turli tadbirlar oʻtkazish anʼanaga aylandi.

Bizning maktabimizda “Otam-onam va men – kitobxon oila”, “Farzandimga kitob sovgʻa qilaman”, “Oʻzim oʻqigan maktabga kitob sovgʻa qilaman”, “Oilaviy kitobxonlik”, “Eng yaxshi kitobxon”, “Men oʻqigan kitob” kabi tadbirlar hamda sayyor kitob savdo koʻrgazmalari oʻtkazib kelinmoqda.

Men maktabimizda  ona tili va adabiyotdan saboq beraman. Bolalarni kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishlarini shakllantirishda ona tili va adabiyot oʻqituvchisi sifatida darslarni turli viktorinalar, qiziqarli savol-javoblar tarzida oʻtkazishga harakat qilaman. Sinfdan tashqari adabiyotlar borasida oʻzaro fikr almashuv va asardan iqtiboslar keltirib, oʻquvchilarning qiziqishlarini shakllantiraman.

Shu kunlarda viloyatimizning barcha umumtaʼlim maktablarida “Eng kitobxon maktab” shiori ostida kitob bayramlari oʻtkazilmoqda. Ushbu tadbir tanlov tarzida oʻtkazilayotganligi bilan ham ahamiyatga ega. Ushbu bayram maktabimizda Horazm viloyat hokimligi, viloyat axborot va matbuot boshqarmasi, viloyat maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Respublika yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi hamkorligida tashkil etilmoqda. Kitob oʻqish eng yaxshi taʼlim ekanligini bolalar ong-shuuriga singdirish maqsadida hamda Urganch kitob markazining maxsus sertifikatini qoʻlga kiritib, maktab kutubxonasi zahirasini yanada boyitishga harakat qilyapmiz.

Mahbuba Roʻzmetova, Bogʻot tumanidagi 19-son umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.