Muzokaralar natijasi bitimlarda mustahkamlandi

0
34
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko tor doirada hamda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara oʻtkazdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari uchrashuvni ochar ekan, keyingi yillarda Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlar sifat jihatidan yangi, yanada yuqori bosqichga koʻtarilganini alohida taʼkidladi.

Belarus Prezidentining ushbu tashrifiga tayyorgarlik doirasida qator tadbirlar, shu jumladan Hukumatlararo komissiya yigʻilishi, hududlar, rektorlar, tibbiyot xodimlari forumlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Hukumat rahbarlari, parlamentlar, vazirlik va hududlar darajasidagi faol aloqalarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Tomonlar xalqaro tuzilmalar, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, MDH, ShHT doirasidagi siyosiy muloqot va oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga ahdlashib oldilar.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikning ijobiy surʼati mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻtgan yil yakunlariga koʻra tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga oshdi.

Hukumatlar oldiga ushbu koʻrsatkichni yaqin yillarda 1 milliard dollardan ziyodga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Shu maqsadda qoʻshma tashqi savdo kompaniyasini tashkil etish, eksport-import yetkazib berishni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari va mahsulotlarni sertifikatlashtirish elektron tizimini joriy qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, tomonlar yuk tashish uchun qulay sharoit yaratish, xalqaro avtomobilda tashuvchilarni tayyorlash, Janubiy Osiyoning katta bozorlariga eltuvchi multimodal koridorlardan samarali foydalanishga kelishib oldilar.

Kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Keyingi yillarda qoʻshma korxonalar soni 4 barobar koʻpaydi.

Muzokaralarda davlat rahbarlari kooperatsiyaning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdilar. Bular – qishloq xoʻjaligi, yengil, oziq-ovqat va elektrotexnika sanoati, farmatsevtika, shaharsozlik, kommunikatsiyalar va boshqalar. Barcha yoʻnalishlar boʻyicha alohida ishchi guruhlarni shakllantirishga kelishib olindi.

Yetakchilar hududlararo almashinuv faollashganini olqishladilar. Kuni kecha oʻtgan Oʻzbekiston va Belarus hududlari ikkinchi forumining samarali natijalari alohida qayd etildi: uning yakunlari boʻyicha qiymati 1 milliard dollardan ziyod shartnoma va bitimlar imzolangan.

Tomonlar faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirishga kelishib oldilar. Oliy va professional taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sport va turizm sohalarida sheriklikni rivojlantirish dasturlari qabul qilinadi.

Yigʻilishda rasmiy delegatsiyalar aʼzolarining hisobotlari, muzokaralar kun tartibidagi masalalar yuzasidan aniq takliflari tinglandi.

Uchrashuvlar yakunida qabul qilingan qarorlar va imzolangan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni tayyorlash va qabul qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko Qoʻshma bayonot qabul qildilar.

Davlat rahbarlari huzurida qator muhim ikki tomonlama hujjat va bitimlarni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Shu jumladan:

– 2024-2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi;

– Mahsulotlarni sertifikatlashtirish elektron tizimlarini qoʻllash toʻgʻrisida bitim;

– Raqobatni rivojlantirish, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohalarida hamkorlik toʻgʻrisida bitim;

– Ilm-fan va ishlab chiqarishda hamkorlik toʻgʻrisida bitim;

– Toshkent va Minsk shaharlari oʻrtasida birodarlik munosabatlarini oʻrnatish va koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisida bitim;

– Energetika sohasida hamkorlik toʻgʻrisida bayonnoma;

– Intellektual mulk sohasida hamkorlik toʻgʻrisida bayonnoma;

– 2024-2025 yillarda sport sohasida hamkorlik dasturi;

– 2024-2025 yillarda madaniyat va sanʼat sohasida hamkorlik dasturi;

– 2024-2025 yillarda maktabgacha taʼlim muassasalarining pedagog kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohasida hamkorlik dasturi;

– 2024-2025 yillarda taʼlim sohasida hamkorlik boʻyicha “yoʻl xarita”si;

– 2024-2026 yillarda agrosanoat majmuida hamkorlik boʻyicha “yoʻl xarita”si;

– Oʻsimliklar karantini sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar rejasi;

– 2024-2025 yillarda turizm sohasida hamkorlik boʻyicha chora-tadbirlar rejasi.

Bundan tashqari, tashrif doirasida 2024 yilda Oʻzbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi hududlari delegatsiyalarining oʻzaro tashriflari reja-jadvali imzolandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko muzokaralardan soʻng ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.

Oʻzbekiston Prezidenti jurnalistlar eʼtiborini keyingi yillarda Oʻzbekiston-Belarus hamkorligida roʻy bergan sifatli oʻzgarishlarga qaratdi. Barcha darajalardagi muloqotlar faollashgani, tovar ayirboshlash hajmi, kooperatsiya loyihalari soni oshgani, madaniy-gumanitar almashinuv va toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar qayta tiklangani qayd etildi.

Erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar Oʻzbekiston bilan Belarus oʻrtasidagi doʻstlik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilishi, koʻp qirrali sheriklikni aniq amaliy mazmun bilan boyitishiga ishonch bildirildi.

“Koʻksaroy” qarorgohida Oʻzbekiston-Belarus sammiti yakunlangach, birgalikda daraxt ekish marosimi boʻlib oʻtdi.

Faxriy mehmonlar xiyobonida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko mamlakatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga intilish ramzi sifatida daraxt ekdilar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.