Navoiyda “Mumtoz sheʼriyat” xalqaro festivali boshlandi

0
196
marta koʻrilgan.

Navoiy shahridagi Maʼnaviyat va maʼrifat markazida “Mumtoz sheʼriyat” xalqaro festivalining ochilish marosimi va TURKSOY Yozarlar birligining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid boshqarib borgan yigʻilishda soʻzga chiqqan Turksoy tashkiloti bosh kotibi Sulton Rayev va boshqalar ushbu nufuzli festivalning ulugʻ mutafakkir shoir Alisher Navoiy nomi bilan atalgan shaharda oʻtayotgani alohida ramziy maʼnoga egaligini taʼkidladi.  Mazkur anjuman turkiy xalqlar oʻrtasida adabiy aloqalarni yanada rivojlantirish, turkiy xalqlar mumtoz sheʼriyatini xalqaro miqyosda oʻrganish va targʻib qilish, adabiyot sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi alohida eʼtirof etildi.

Prezidentimizning 2022 yil 29 iyuldagi “Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarorida shu yilning mart oyida Navoiy shahrida turkiy xalqlar adiblari ishtirokida “Mumtoz sheʼriyat” xalqaro festivalini oʻtkazish vazifasi belgilangan edi. Yaqinda Anqara shahrida turkiy tilli davlatlar ijodiy tashkilotlari rahbarlari ishtirokida boʻlib oʻtgan yigʻilishda esa TURKSOY Yozarlar birligi taʼsis etilib, Qozogʻiston xalq shoiri Ulugʻbek Eshdavlat ushbu tuzilmaga rais, Ozarbayjon xalq yozuvchisi Anor faxriy rais etib saylangan edi.

Tadbir doirasida “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildlik kitoblar toʻplamining taqdimoti boʻlib oʻtdi.

– Davlatimiz rahbari 2019 yil 15 oktyabr kuni Ozarbayjonning Boku shahrida oʻtkazilgan Turkiy davlatlar hamkorlik kengashining navbatdagi sammitida tashkilotga aʼzo davlatlar adabiyotining eng sara namunalaridan “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli 100 jildlik kitoblar toʻplamini har bir mamlakatning ona tilida nashr etish tashabbusini ilgari surgan edi, – deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. – Jamlanmaga umumturkiy adabiyotning eng sara namunalari, oʻzbek, qoraqalpoq, turk, ozarbayjon, qozoq, qirgʻiz, turkman va venger adabiyotining XI-XXI asrlarga mansub atoqli shoir, adib va mutafakkirlarining asarlari kiritilgan. Turkumni tayyorlash uchun 200 nafardan ortiq tarjimonlar, 100 nafardan koʻproq adabiyotshunos, matnshunos olimlar, adiblar, muharrir va rassomlar jalb etilgan.

Festivalning ikkinchi qismi “Farhod” madaniyat saroyida davom etdi. Tadbir avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi – spichrayter Xayriddin Sultonov soʻzga chiqib, festivalning ahamiyati toʻgʻrisida toʻxtalib, jahon adabiy muhitiga, shuningdek, oʻzbek-ozarbayjon xalqlari oʻrtasidagi oʻzaro aloqalar, doʻstona munosabatlarni mustahkamlashga qoʻshgan ulkan hissasi uchun 85 yoshni qarshilayotgan TURKSOY Yozarlar birligi faxriy raisi, Ozarbayjon xalq yozuvchisi Anor Rzayevni “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisida” gi Prezident farmonini oʻqib eshittirdi. Unga “Doʻstlik” ordeni va estalik sovgʻalari topshirildi.

Festival “Vatan manzumasi” adabiy-maʼrifiy dasturi bilan davom etdi.

Abduvali Boʻriyev, Siroj Aslonov (surat), OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.