Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 mart kuni Chirchiqqa amalga oshirgan tashrifi davomida shahardagi xonadonlardan birida istiqomat qiluvchi Anifiya Bektoshova oilasida boʻlgani va Anifiyaning ikki oʻgʻlidan biri Vladislav Denisenko uch yil oldin basseynga noqulay sakrab umurtqasi va oyogʻidan qattiq lat yegani, xokkey bilan shugʻullanadigan yana bir oʻgʻlining ham oyogʻida muammo borligi aytilgan edi.
Sogʻliqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev, Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov hamda bir guruh soha shifokorlardan iborat konsilium 20 mart kuni ushbu xonadonga keldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Chirchiqda Prezident bilan uchrashgan yigit — Vladislav Denisenkoning ahvoli borasidagi maʼlumotlarga va tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi masalasiga izoh berdi:
— Vladislav bilan 2018 yilda yuz bergan baxtsiz hodisada Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya markazida yotqizilib, hamma muolajalar qilingan, hayoti saqlab qolingan. Lekin jarohat juda ogʻir boʻlgani, boʻyin sohasidagi orqa miya qattiq lat yegani uchun ikki oyogʻi, tananing pastki qismi, qisman yuqori, qoʻllarning harakatsizlanishiga olib kelgan. Bizning tilda parez, plegiya deyiladi hamda bu narsa uzoq vaqt reabilitatsiyani talab qiladi. Vladislav Oʻzbekistonda ham, Rossiyada ham davolangan. Oʻtgan vaqt ichida ozgina boʻlsa ham, ijobiy oʻzgarish bor.