Polshaning Kelse shahrida boks boʻyicha yoshlar oʻrtasida 13-23 aprel kunlari jahon chempionati boʻlib oʻtdi. Unda hamyurtimiz Nigina Oʻktamova (-54 kg) gʻalaba qozonib, oʻzbek bokschi qizlari orasida ilk bor jahon chempionligini qoʻlga kiritdi.
Ushbu gʻalaba sharafiga Oʻzbekiston boks federatsiyasida oʻziga xos tadbir tashkil etildi. Unda Oʻzbekiston Turizm va sport vaziri oʻrinbosari Avaz Karimov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisi oʻrinbosari va Oʻzbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Saken Polatov, jahon chempioni Nigina Oʻktamova, uning murabbiylari va yaqinlari, shuningdek OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbir davomida oʻzbek boksi tarixida yangi sahifa ochgan jahon chempioni Nigina Oʻktamovaga maxsus sovgʻa – «Nexia 3» avtomobili tantanali tarzda sovgʻa qilindi.
Bokschi qiz ushbu eʼtibordan xursand boʻldi: «Yutugʻim mamlakatimizda sportga, hususan, boksga qaratilayotgan katta eʼtiborning samarasidir. Biz yoshlarga ishonch bildirib, barcha sharoitlarni yaratib berayotganliklari uchun mamlakatimiz Prezidentiga, Turizm va sport vazirligiga, Milliy Olimpiya qoʻmitasi va albatta, Oʻzbekiston boks federatsiyasiga minnatdorchiligimni bildiraman», – dedi Nigina Oʻktamova.
GUJUM.UZ