Noshirlik-matbaa faoliyati sohasida mutaxassislarni tayyorlash kolleji binosi toʻliq taʼmirdan chiqarildi

0
819
marta koʻrilgan.

 Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tasarrufidagi Noshirlik-matbaa faoliyati sohasida mutaxassislarni tayyorlash kollejining butunlay yangi qiyofada taʼmirdan chiqarilgan binosi foydalanishga topshirildi.

Ushbu oʻquv maskani 1970 yilda Toshkent matbaa texnikumi nomi bilan faoliyat boshlagan va respublikadagi matbaa va noshirlik sohasi uchun kadrlar yetkazib beruvchi yagona oʻquv yurti hisoblangan. Biroq oʻtgan yillar mobaynida bir necha nomlar bilan atalgan bilim yurti oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni bajarish imkoniga ega boʻlmagan. Sababi bu yerda amalda matbaa va noshirlik sohasi kadrlarini tayyorlash uchun oddiy sharoit ham boʻlmagan. 

Ana shu jihatlar eʼtiborga olingan holda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 2 fevraldagi “Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 5653-sonli Farmoni bilan ushbu kollej Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tasarrufiga oʻtkazildi va agentlik oldiga bu dargohda zamonaviy kadrlarni tayyorlash uchun shart-sharoit yaratish vazifasi qoʻyildi.

Agentlik tomonidan kollej faoliyatini chuqur oʻrganilib, uni tubdan rekonstruksiya qilish va bu yerda zamon talabiga javob beradigan kadrlarni tayyorlashga qaratilgan “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. Asosiy maqsad — ushbu bilim yurtining eng zamonaviy asosdagi oʻquv yurtiga aylantirish va unda bilim olayotgan oʻquvchilar uchun innovatsion sharoitlarni yaratishga qaratildi. 

Shu maqsadda oʻtgan vaqt davomida 540 oʻquvchiga moʻljallangan kollejga tegishli binolar toʻliq kapital taʼmirdan chiqarildi. Xalqaro taʼlim standartlariga mos shart-sharoitlar va oʻquv labarotoriyalari yaratildi. 

Oʻquv yurtining moddiy-texnik bazasi eng zamonaviy rusumdagi texnika va oʻquv jihozlari bilan taʼminlandi. Bu yerda sohaga oid kitob fondi va elektron darsliklarga ega axborot-resurs markazi, kompyuter va oʻquv amaliyot xonalari, sport zali ham oʻquvchilarga xizmat koʻrsatadi.

Shu oʻrinda bu yerda barpo etilgan “Matbaa tarixi” muzeyi nafaqat respublikamiz Markaziy Osiyoda matbaa va noshirlik sohasining tarixi va bugunidan hikoya qiladi. Ushbu muzey ham koʻpchilikda katta qiziqish uygʻotadi. 

Yana bir muhim jihat — kollejning eng yirik  matbaa korxonalari faoliyat yuritib kelayotgan hududda joylashganligi ham, juda katta amaliy ahamiyat kasb etadi. Endilikda respublikamizdagi yirik nashriyotlar — “Oʻzbekiston”, “Oʻqituvchi”, Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari hamda “Sharq” nashriyot matbaa aksiyadorlik kompaniyasi oʻquv maskanining hamkor tashkilotlari etib belgilandi. Oʻquvchilar bundan buyon olgan nazariy bilimlarini ushbu yetakchi nashriyot va matbaa korxonalarida amaliy mashgʻulotlar bilan yanada mustahkamlash imkoniyatiga ega boʻladilar.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Axborot xizmati

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.