Prezident Shavkat Mirziyoyev Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpogʻiston filialini borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu markaz ilgari eski binoda joylashgan edi, bir xonada 4-5 bemor yotar, sanitar xonalar umumiy edi. Zamonaviy uskunalar uchun mos kelmay qolgandi.
Oʻzbekiston Prezidentining 2022 yil 7 iyuldagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2022-2024 yillarda aholi salomatligini muhofaza qilishni yanada kuchaytirish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida tibbiy xizmatlar sifati va qamrovi oshib bormoqda.
Xususan, shu yil fevralda Nukus shahrida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpogʻiston filialining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Bu mustaqillik yillarida Qoraqalpogʻistonda «noldan» qurilgan birinchi koʻp tarmoqli shifoxona boʻldi.
Davlatimiz rahbari bu yerdagi sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
4 qavatli yangi binoda shoshilinch qabul-diagnostika, reanimatsiya, jarrohlik, neyrojarrohlik, travmatologiya, kardiologiya, ginekologiya, pediatriya, laboratoriya tashxisi va amaliyot boʻlimlari joylashgan. Barcha boʻlimlar zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan taʼminlangan.
130 oʻrinli yangi majmuada bemorlar va shifokorlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Bir xona ikki kishiga moʻljallangan, alohida sanitar xonalari bor.
Bemor hayotini saqlab qolishda vaqt asosiy oʻrinda turadi. Shu bois markazda bemorlarni kasallik darajasi boʻyicha saralaydigan triaj boʻlimi tashkil etilgan. Yaʼni murojaat qilgan inson vaqt yoʻqotib, sarson boʻlib yurmaydi. Bu yerga shifokorning oʻzi tushib, bemorni qaysi sohada davolash zarurligi boʻyicha xulosa qiladi va kerakli boʻlimlarga yoʻnaltiriladi.
Oldin murojaat qilgan bemorlarning aksariyati shifoxonada yotqizilgan. Endilikda muayyan tibbiy muolajalardan keyin, bemorning holatiga qarab yashash joyida ambulator davolanishga ruxsat beriladi. Shuningdek, ilgari yurak-qon tomir kasalliklari bilan murojaat qilgan bemorlarga oddiy tekshirish usullarida yordam koʻrsatilgan. Endi yangi keltirilgan zamonaviy angiografiya uskunasi insonlar hayotini saqlab qolishda yaxshi samara bermoqda. Oʻlim va nogironlikka olib kelish holatlari keskin kamaydi.
Natijada bugungi kunga qadar Toshkent shahrida oʻtkazib kelingan ayrim murakkab jarrohlik amaliyotlari endilikda shu yerning oʻzida oʻtkazilmoqda. Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida ilk marotaba sunʼiy qon aylanish apparati orqali besh nafar bemorning yuragida ochiq jarrohlik amaliyoti olib borildi.
Multispiral kompyuter tomografiyasi, ultratovush, laboratoriya uskunalari kasalliklarga erta tashxis qoʻyish imkonini bermoqda. Telemeditsina orqali uzoqdagi bemorlarni davolashga ham hissa qoʻshilmoqda.
Davlatimiz rahbari shifoxonani samarali boshqarish, amaliyotni oʻqish bilan bogʻlash masalalariga eʼtibor qaratdi.
— Yangi bino va uskunalar ishning bir qismi. Endi markaz faoliyatiga zamonaviy menejmentni joriy qilish kerak. Tibbiyoti rivojlangan mamlakatlardan tajribali shifokorlarni muddatli jalb etish, xorijda mutaxassislar malakasini oshirish maqsadga muvofiq. Umuman, bu markaz ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasidek faoliyat yuritishi zarur, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tuman tibbiyot birlashmalaridagi shifokorlar oʻz ixtisosligi boʻyicha bu yerda malaka oshirib, hududlarda joriy etishi muhimligi taʼkidlandi.
Qayd etish joiz, Qoraqalpogʻistonda 2017-2024 yillarda: “Bir qadam” tamoyili asosida 74 ta oilaviy shifokorlik punkti, 81 ta oilaviy poliklinika, 92 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etildi. Ixtisoslashtirilgan markazlar hududiy filiallarida 150 turdagi yangi texnologiyalar joriy etildi. Yiliga 4500 nafar bemorning Toshkent va chet elga bormasdan yuqori texnologik yordam olish imkoni yaratildi. Toʻrtkoʻl, Qoʻngʻirot va Chimboy tumanlarida qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etilib, yiliga 11 ming nafar bemorga tumanlarning oʻzida shoshilinch va malakali tibbiy yordam koʻrsatilishi taʼminlandi.